00:04 / 18.09.2017
7 177

Omonat g‘or siri (9-qism)

Omonat g‘or siri (9-qism)
Negadir Xalil boyvachcha yozilib o‘tira olmadi, nozlanib kirib-chiqayotgan Nigoraning qilpanglashlari bugun unga bachkana tuyildi. “Erta bir kun, qizim ham kim bilandir shunday qilib yursa-ya”, degan o‘y kechdi boyvachchaning miyasidan va suykalayotgan juvonni ko‘kragidan itardi.

— Vo-oy, — dedi Nigora tantiqlanib, — qilig‘ingiz g‘alati, nima balo, jiyda-piydaning tagidan o‘tib kelyapsizmi? Yoki meni sevmay qo‘ydingizmi?

— Sen avvalgiday jonning rohatisan. Biroq hozir ko‘nglimga qil ham sig‘mayapti…

— Unda cho‘zilib ozgina dam oling. O‘zim silab-siypab uxlatay. Ko‘nglingizdagi chigal darrov yozilib ketadi.

— Ering kep qosa-chi?

— Kemaydi. Unga xotin kerakmas, ish bo‘sa bo‘ldi.

— Balosan, Nigor. Qara, necha yildan beri mushukday miyovlashamiz-u, birov sezmadi-ya. Ishing puxta sening.

— Bilishini xohlaysizmi?

— Nimalar deyapsan!

— Shunaqasizlar-da siz erkaklar. Biz ayollarning joniga to‘zim bersin, hammayoqni eplaymiz.

— Bir narsani hech tushunmayman. Eringdan yoshim ancha katta bo‘lsa, “harakat”larimam ko‘pga cho‘zilmaydi. Lekin nimaga menga ilakishib yuribsan? — dedi Xalil boyvachcha juvonga zimdan tikilib.

— Birinchidan, men sizni sevib qolganman. Ikkinchidan, gap yotib-turishda ham emas. Ayol mushukmijoz, ko‘proq erkalashni yoqtiradi. Normat akam yosh bo‘lgani bilan siz o‘ylagandaymas. To‘g‘ri, topish-tutishidan nolimasayam bo‘ladi. Lekin “ish”ga no‘noqroq…

Boyvachchaning miyasiga yana boyagi o‘y urildi: “Lazokat ham bir kuni…” U o‘rnidan sapchib turib ketdi.

— Ha-a, nima bo‘ldi tag‘in? — dedi Nigora ajablanib.

— Men ketdim. Bir joyga borishim kerak edi, esimdan chiqibdi, — dedi Xalil boyvachcha xayoliga kelgan bahonani aytasolib.

— Bunaqa qilmasdingiz-ku, ishlaringizni bitirib keyin kelardingiz.

— Shunaqa bo‘p qoldi bugun, — deya boyvachcha eshik tomonga yurdi.

U zinadan tushib mashinasiga o‘tirgan chog‘da Nigoraning eriga ko‘zi tushdi: u shoshgancha hozirgina Xalil boyvachcha chiqqan yo‘lakdan uyiga kirib ketdi. “Xayriyat, — o‘yladi Xalil, — xudo bir asradi”. Shoshib mashinasiga gaz berdi. Serqatnov yo‘lga tushib mashinani bir chetga oldi-da, to‘xtatdi. Uning uyiga borgisi kelmas, do‘konlarini aylanishga ham hafsalasi yo‘q edi. Boyvachcha o‘zini juda yolg‘iz his etdi. Tagida qimmatbaho mashinasi, dang‘illama uyi bor, ko‘ngli tusagan narsaga qo‘li yetadi, biroq hozir ko‘nglini oladigan biror yaqini yo‘qligini sezdi. Bu Nigoraning ham qo‘lidan kelmasdi. “Jonga tegdi barisi, — siqildi boyvachcha, — shuncha mol-dunyom bor-u, ko‘ngil yozib maishat qilishniyam bilmayman. O‘ynashimnikiga o‘g‘ri mushukday kirib-chiqaman. Bu yurishimni birovi bilsa, ustimdan rosa masxaralab kulsa kerak. O‘l-a, qurumsoq, shaharning chetrog‘idan uy qilib qo‘ysang, asakang ketarmidi, deyishi tayin… Qayerga borsam ekan? To‘xta, anavi lo‘li qaysi go‘rdaykan?” U cho‘ntagidan telefonini olib, raqam terdi.

— Allo? — degan qo‘pol ovoz eshitildi.

— Izlaganda yerning tagidanam topib bo‘lmaydi-ya, — gapni o‘pka-ginadan boshladi Xalil boyvachcha.

— San qidirdingmi-yey maniy? — piching qildi Baron.

— Besh marta qo‘lingga telefon qildim. Ko‘tarmaysan, — yolg‘onladi boyvachcha.

— Man bilmadiy. Telefon jim.

— Qayerdasan?

— O‘tiriybman, qo‘yniy yeyib, oppoqqinasiyniy ko‘kragiya boshiymni qo‘yiyb, «Juka» tuynigiyda!

Xalil boyvachchaning Baronga havasi keldi. “Shuniki mazza, g‘am-tashvishi yo‘q, tarallabedod qilib yuribdi. Birov mushugini pisht demaydi. Bir hisobdan shuniki ham to‘g‘ri ekan”, — ko‘nglidan o‘tkazdi Xalil.

— Hozir boraman. Gaplashadigan gaplar chiqib qoldi.

Baronning “Juka” kafesi ancha olis — mashinada ikki soatcha yo‘l. Baron kafeda kam bo‘lar, onda-sonda, yayragisi kelib qolsa borardi.

Darvoza oldida uni Baronning o‘zi kutib oldi. U Xalil boyvachchaning kelishiga dasturxonni yangilatgan, sarxil meva-chevalarni qo‘ydirgandi. Boyvachchaning ko‘zi quvnadi, Baronga havasi ikki karra ortdi.

Ular ikki qadahdan aroq ichishdi, kayfiyatlari ko‘tarilgan mahal bir yo‘la to‘rtta sariq sochli qiz kirib kelib, ikkisi Baronning va yana ikkisi Xalil boyvachchaning orqasida turdi.

— Bular yedirib-ichirib qo‘yadimi? — kuldi boyvachcha.

— Konechno, — dedi Baron chap ko‘zini qisib, — iysh keyin. Oldin bularniy ko‘ngliniy olaylik, ako Xalil.

— Bizning yoshimiz qaytgan, bittasiyam bo‘laveradi, — dedi Xalil boyvachcha.

— Ako Xalil, undoq aytsangiyz uyat bo‘ladiy. Siyz yoshsiyz.

Lo‘lining gapidan keyin yengil kulgi ko‘tarildi. Boyvachcha orqasida turgan nozaninlar bilan yayrayotganida tuyqusdan qizimni eslab qolmay, deb Baronning iltifotini kutmay qadahini ikki marta to‘ldirib sipqordi. Kayfi taranglashdi, bezovta o‘ylar xayolidan ko‘tarildi. Sariq sochli jononlarni belidan quchib, Baron ko‘rsatgan “go‘shanga”ga ravona bo‘ldi… Ko‘ngli yozilgan boyvachcha biroz toliqqanini sezdi va cho‘zilib ancha vaqt qimirlamay yotdi. Tashvishlarni tamom unutib, tanida huzur-halovatni his etdi. Keyin miriqib cho‘milib chiqdi-da, Baron bilan ichkilikbozlik qilgan xonaga qaytdi.

— Qaniydi, har kuning shunday o‘tsa… — dedi u qartani chiylayotgan lo‘lilar “qirol”iga.

— Bo‘ladiy, ozgina ish, keyin maishat, — dedi Baron boshini ko‘tarmay.

Lo‘lining boshini ko‘tarmay gapirgani boyvachchaga og‘ir botdi. “Kim bo‘libsanki men bilan bunaqa gaplashasan? Padaringga la’nat, tilanchi, yaloqxo‘r!” — deya uni ichida yanidi.

— To‘g‘ri aytasan, ish esdan chiqmasligi kerak. Ammo oxirgi paytlar ishning mazasi qochdi-da. Bankka pul bormay qolganiga ham ancha bo‘ldi-yov, — dedi Xalil boyvachcha.

U Shveysariya bankidan o‘ziga hisob raqami ochgan, topgan pulini Rossiyaga, undan to‘g‘ri o‘sha hisob raqamiga o‘tkazardi. Jamg‘armasi millionning tagiga borib qolgandi.

— Bu safargisiy qiyinroq, ako Xalil, — dedi Baron, — partiyaniy klent kutgon, biyz jo‘natolmagon. Taniysh kerak, ako Xalil.

— Mol qayerda? — dedi boyvachcha jiddiylashib.

— Tojikestonga.

— Ko‘pmi?

— Ikkiy qop.

— Ko‘p. O‘zbekiston orqali o‘tkazib bo‘lmaydi. Avval Turkmanistonga o‘tkazish kerak. U yerda yo‘l bor.

— Sizga odam bormiy Turkmanistonga?

— Topamiz.

— Biyr hafta.

— Muhlat kam.

— Siyzga yordam beradiganlar bor, — dedi Baron va bo‘sag‘ada ikki qo‘lini ko‘kragiga zanjir qilib turgan yigitga ishora qildi.

Oradan bir ho‘plam choy ichguncha vaqt o‘tmay, uzun-qisqa, semiz-oriq yetti nafar yigit kirib keldi. Ularning jussasi ham, aft-angori ham turlicha edi. Boyvachcha erinmay ularga birma-bir nazar solib chiqdi. Turqlarining sovuqligi unga ma’qul tushib, “Bular bilan ish qilsa bo‘ladi”, degan qarorga keldi. Baron atay qarab ko‘rib qo‘ysin, degan ma’noda oraga gap suqmadi, zimdan boyvachchani kuzatib, yuz-ko‘zidagi o‘zgarishni ilg‘amoqchi bo‘ldi. Biroq Xalil boyvachcha shumlik qildi. U bu paytda ro‘parasidagi odamni sinchiklab o‘rganar, ko‘z qarashlarini esa yashira bilardi.

— Bular kamlik qilmaydimi? — dedi boyvachcha “ish”ini yakunlagach.

— Ako Xalil, o‘zingiyzniy odam bor-ku, qo‘shasiyz, — miyig‘ida kuldi Baron.

Shu payt kostyum-shim kiyib, bo‘yinbog‘ taqqan, sochini tap-taqir qilib oldirgan yigit xonaga yugurib kirib, Baronning qulog‘iga shivirladi. Lo‘lining rangi biroz o‘zgardi, ko‘zlarini yumib boshini qimirlatdi. Xalil boyvachchaning ko‘ngliga shubha oraladi. “Nima qilishmoqchi bular? Mabodo men haqimda biror nojo‘ya gap topib kelmadimikan bu kal?” — xayolidan o‘tdi uning. Xabarchi qaddini rostladi, Baron qo‘li bilan “Olib kel”, deya ishora qildi.

Taqir boshli yigit yugurgilab tashqariga chiqib, qo‘lida katta yelim xalta ko‘tarib kirdi.

— Och! — dedi Baron qo‘lini asabiy sermab.

Yigit xaltani tagidan ushlab bir siltagan edi… qonga bo‘yalgan odam boshi “tap” etib yerga tushib dumalab ketdi. Xalil boyvachchaning ko‘zlari kosasidan chiqquday olayib, vujudiga titroq kirdi…

Nuriddin ISMOILOV

(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (9-qism)