12:03 / 23.09.2017
8 321

Omonat g‘or siri (19-qism)

Omonat g‘or siri (19-qism)
— Sog‘ayib qoldingmi? — dedi uning karavoti yoniga stol qo‘yib o‘tirgan o‘rta yashar, sochlari oppoq, peshonasini ajin bosgan, nigohi o‘tkir, mundir kiygan organ xodimi.

Bobur javob qilmadi, shiftga termilgancha yotaverdi. Yigitning qaysarligini sezgan mayor uning ko‘ngliga qarab muomala qilishga kirishdi:

— Menga aytishdi, seni olib kelishganida ahvoling ancha og‘ir ekan, lekin tez tuzala boshlabsan. Irodangga balli, yigit.

Boburning ensasi qotdi. U biror kishidan nimadir so‘ramoqchi bo‘lsa, cho‘zib o‘tirmas, shartta aytar-qo‘yar, boshqalardan ham shunday muomalani kutardi.

— Hm-m, — dedi mayor o‘ylanib.

Mayor ko‘pni ko‘rgan odam edi. Qancha o‘g‘ri-kazzobning “ertagi”ni eshitgan, bo‘ynida tog‘day gunohi bo‘la turib, tergov payti o‘zini farishta qilib ko‘rsatishga uringanlarni, butun boshli qotillikni boshdan-oyoq ko‘zi bilan ko‘rgan esa-da, guvohlik berishdan bo‘yin tovlaganlarni ham gapirtirib, qilni qirq yorib, kovushini to‘g‘rilab qo‘yish qo‘lidan kelgan. Boburga u avval ko‘ngil berib, keyin ichidagi bor gapni sug‘urib olmoqchi edi. Qarasa, bu yigit toshyong‘oq xilidan ekan, demak, unga boshqacha yo‘l tutish kerak.

— Boburjon, — dedi biroz sukutdan so‘ng mayor, — niqoblilar opangni o‘g‘irlab ketganidan men ham afsusdaman, uni tezda topishimiz kerak. Sen yordam bermasang bo‘lmaydi.

— Tuzalsam o‘zim topaman, — dedi Bobur shiftdan ko‘zini uzmay.

— Unda kech bo‘ladi.

“Kech” so‘zini eshitib, Bobur ko‘zini yumdi. Ilojsizligi alam qilib, chuqur xo‘rsindi.

— Shuning uchun, — gapida davom etdi mayor, — ko‘rgan-bilganingni gapirib berishing kerak.

— Men bostirib kirgan to‘rtta niqobli odamni ko‘rdim. Yana kimdir derazadanam qaradi, o‘zim ko‘rganim yo‘q, Nargiza bilan uning yonidagi qiz derazaga qarab baqirib yuborishdi. Anavi do‘xtiram shu yerdaydi.

— Anavi qizning ismini bilasanmi?

— Bilmayman. Avval ko‘rmaganman. Opam u bilan yaqinda tanishgan bo‘lsa kerak.

— O‘sha qiz senda shubha uyg‘otmadimi?

— Yo‘q.

— Derazadan kim qaragan bo‘lishi mumkin?

— Bilmadim.

— Tushunarli, — dedi mayor eshitganlaridan qoniqmay bosh chayqab. — Lekin bular opangni topishimizga yordam berolmaydi.

“O‘zimam bilaman, — xayolidan o‘tkazdi Bobur, — lekin men qidirsam, albatta, topaman. O‘g‘irlaganlarning terisiga somon tiqaman!”

Mayor tashqariga chiqdi. Qop-qorong‘i osmon qa’rida miltirayotgan son-sanoqsiz yulduzlarga termildi. Ular, xuddi odamlarday, bir-biriga mutlaqo o‘xshamasdi.

— Rahmatullayev, — dedi labiga sigareta qistirgan mayor, gugurt olish uchun qo‘lini cho‘ntagiga tiqarkan.

— Labbay, — deya mayorning yoniga o‘qishni yaqinda bitirib militsiyaga ishga kirgan, o‘rta bo‘yli, sportchilarnikiday chayir gavdali yigit — Mirkomil keldi.

— Senga birinchi topshiriq, — dedi mayor unga sinovchan tikilib. — Bobur degan bemor bilan yaxshilab tanishib olasan, kerak bo‘lsa o‘rtoq bo‘lasan. Uyam senga o‘xshab jiddiy yigit ko‘rinadi. Ichidagi bor gapni bilib olgin. O‘zi kim, oilaviy ahvoli qanday? Nega opasini o‘g‘irlab ketishdi?.. Yana ular halokatga uchraganida o‘rtog‘idan topilgan qoradori kimniki? Umuman, bu yigit, o‘rtog‘i Doniyor nima ish qiladi — hammasiga javob top. Faqat ehtiyot bo‘l. Tag‘in sir berib, baloga qolib yurma. Bu ishning o‘ta jiddiyligi esingdan chiqmasin. Ma’lumotlarni zudlik bilan menga yetkazib tur.

— Xo‘p bo‘ladi, — dedi Mirkomil boshlig‘ining gapini diqqat bilan eshitib.

— Bo‘pti, ishga kirish.

Mayor tezkor guruh vakillari bilan jabrlangan Fathullani ham olib ketdi.

Mirkomil kasalxonada ro‘y bergan voqeadan xabar topgan zahoti yetib kelgan bosh vrachning xonasiga fuqaro kiyimida kirdi-da, o‘ziga oq xalat berishlarini so‘radi.

U palataga kirganida Bobur uxlab qolgandi. Bir-bir qadam bosib, bemorning tepasiga bordi. Faqat yuzigina ko‘rinib turgan Boburga sinchiklab qarab, o‘zicha nimadir izladi. Keyin ortiga qaytib eshik yoniga stol qo‘ydi-da, o‘tirib xona ichini sinchiklab ko‘zdan kechirib chiqdi. Oradan yarim soatcha vaqt o‘tdi. Yutib yuborguday jimjitlik Mirkomilni zeriktirdi: ko‘zi yumilib ketaverdi. Hayal o‘tmay u o‘tirgan joyida uxlab qoldi.

Tong bo‘zarib kelayotgan mahal palataga hamshira kirdi. Eshikning g‘iyqillashidan Mirkomil cho‘chib uyg‘onib, o‘rnidan sapchib turdi. Uning bu qilig‘idan hamshira kulib yubordi. So‘ng savol nazari bilan qaragan Mirkomilga:

— Kasalni ukol qilish vaqti bo‘ldi, — dedi yana jilmayib.

Bobur allaqachon uyg‘ongan, eshik yoniga stol qo‘yvolib uyquni urayotgan yigitga uning ko‘zi tushgan edi.

— Qalaysiz, yaxshi yigit? — dedi hamshira Boburning yoniga borib.

— Bundan battar bo‘maydi, — dedi miyig‘ida kulib Bobur.

— Hali shoshmang, shunaqa yugurib ketingki, o‘zingiz ham qoyil qoling, — dedi hamshira quvnoq ovozda.

— Agar sizday qizlar ukol qilib turishsa, bugunning o‘zidayoq yugurib ketaman.

— Ho-o, — dedi hamshira nozlanib. — Mendan boshqasining ukol qilishini istab qoldingizmi?

Bu gapdan so‘ng Mirkomil ham kulib yubordi.

— Oshna, — gapga aralashdi Mirkomil Boburga yaqinlasharkan, — hozirgi qizlarga bitta gapni aytgin-da, keyin orqa-oldingga qaramay qoch, yo‘qsa baloga qolasan.

— Hammasiga o‘zlaringiz aybdor, — dedi hamshira ham bo‘sh kelmay. — Bitta qizga qanoat qilmay boshqasiga ko‘z suzasizlar, shuning uchun sizlarga doim ko‘z-quloq bo‘lib turish kerak.

— Aytdim-ku, — dedi Mirkomil kulib, — bitta gap gapirsang tamom. Uylanmasdan toq o‘tib ketaman, shekilli, bu dunyodan.

— Ko‘ramiz, yana necha yil chidarkansiz bo‘ydoqlikka!

— Pardon! Biz «pas». O‘qishni bitirib shu yerga do‘xtir bo‘p kelay, o‘shanda…

— Bitirishingizga, adashmasam, hali ikki yilcha bor, ungacha chidaysiz, — dedi hamshira va Boburni ukol qilishga kirishdi.

Hamshira bilan Mirkomilning hazil-huzuli ular puxta o‘ylab, oldindan kelishib olishganday tabiiy chiqdi: Mirkomil talaba rolini bajaradi, bu yerga amaliyot uchun kelgan; hamshira ham shunga yarasha muomala qildi. Bu ssenariyni Mirkomil o‘ylab topib, hamshira bilan puxtalab kelishgandi, biroq uning qanday natija berishi hozircha noma’lum edi.

— Shu, o‘qishiyam jonga tegib ketdi, — dedi Mirkomil hamshira ishini bitirib chiqib ketganidan keyin. — Sizam biron joyda o‘qiysizmi?

Bobur boshini chayqab “yo‘q” degan ishorani qildi.

— Nima ish qilasiz? — savol berdi Mirkomil.

— Biznes.

— Sizlarniki yaxshi, mol olasizlar-sotasizlar, tamom, foydani cho‘ntakka urib ketaverasizlar.

Uning gapiga Bobur kuldi:

— Buniyam o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor, ba’zan kechasi bilan uxlamay chiqamiz.

— Baribir-da, oshna. Masalan, institutda to‘rt yil o‘qitishadi. Bizda bo‘lsa, eh-he…

— Tashlang unda.

— Shuncha yil o‘qib qo‘ydim. Uvol bo‘ladi. Bitirsam, klinika ochmoqchiman. Shunga kecha-yu kunduz kasalxonadaman. Ko‘proq o‘rganish kerak. Boshqalar bir kun kelsa, ikki kun yallo qilib yuradi. Mening uylanishga ham vaqtim yo‘q. To‘ng‘ich farzandga qiyin ekan. Oyim uch yildan beri miyamni qotiradi, boshingni ikkita qilib qo‘yaylik, deb. Xoh ishoning, xoh ishonmang, shu paytgacha bironta qiz bilan tuzuk-quruq gaplashmabman ham. Qizing bo‘lmasa kimga uylanishniyam bilmay ezilib ketarkansan…

Tuyqusdan Boburning xayolida lo‘li qiz jonlandi: sirli nigohi, miyig‘ida kulishi… Keyin gaz balonning hididan yiqilishi… Bemorning qoshlari chimirildi.

— Nima gap? — dedi uning yuzidagi o‘zgarishni ko‘rib Mirkomil. — Mazangiz bo‘lmayaptimi?

— Yaxshiman, — dedi zo‘rg‘a Bobur, — bir iltimos aytsam, qilolasizmi?

— Bironta qizga xat-pat berib qo‘yish kerakmi? Gap bo‘lishi mumkinmas!

— Qizgamas. Hademay oyim keladi. Nargizani olib qochishganini aytmay turishsin, do‘xtirlardan iltimos qiling.

— Ha-a, — dedi Mirkomil peshonasi tirishib, — xunuk ish bo‘ldi-da. Men shu payt shaharga chiqib ketuvdim. Bo‘lganimda mushtlashardim. Nima qilib bo‘lsayam opangizni olib qolardim. Dzyudoga besh yildan beri qatnayman. Anchagina tajribam bor.

— Mayli, bularning bari o‘z yo‘liga. Siz mening iltimosimni qilasizmi?

— Bugun bo‘lmasa ertaga baribir eshitadi. Mayli, do‘xtirlarni ko‘ndirishga urinib ko‘raman… Endi siz uxlang, ko‘p gaplashdik, charchab qolmang tag‘in.

Bobur Mirkomilning gapiga e’tiroz bildirmadi. Shiftga termilgancha xayol dunyosiga g‘arq bo‘ldi.

Nuriddin ISMOILOV

(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (19-qism)