09:03 / 24.09.2017
6 682

Omonat g‘or siri (21-qism)

Omonat g‘or siri (21-qism)
Tepadagilar qizlarni qo‘riqlayotgan Baronning yigitlari edi. Ulardan biri xojasi gugurt yoqib Lolaning ustiga tashlamoqchi bo‘lganida “oh” tortib yuborgan Bekmirza ismli shotir edi. Lo‘lilar «qirol»ining qizlarga chiqargan hukmidan so‘ng bu ikki yigitning xayoli buzildi. Ular Baronning yo‘qligidan foydalanmoqchi bo‘lib, kun bo‘yi o‘zlaricha reja tuzishdi.

— Baribir xo‘jayin qizlarni nobud qiladi. U hech vaqt gapidan qaytmagan. Kel, ulardan foydalanib qolaylik, qizligicha ketsa uvol bo‘lar, — dedi Bekmirza qorovul yigitning qulog‘iga shipshib.

Manglayida o‘rik donasiday g‘urrasi bor, aft-angoridan badaviylarga o‘xshab ketadigan lo‘li yigit o‘ylanib qoldi. Uning Nargizaga ko‘ngli ketgan: «Qani endi shunday qizni bir marta erkalasam», degan tabiiy mayl ko‘ngliga g‘ulg‘ula solardi. Ammo Bekmirza aytgan ishni qilishsa-yu, keyin qizlar Baronga sotib qo‘yishsa, xo‘jayin terisini tiriklay shilib oladi.

— Bitta qizni deb o‘lib ketishni istamayman, — to‘ng‘illadi u.

— Kechasi hamma uxlaganidan keyin qilamiz. Qizlar bizni tanimaydi. Lola bilan bitta mahalladanmiz-u, lekin qorong‘ida tanib o‘tiribdimi? Betimizga niqobam kiyib olamiz. Ovoz chiqarmaymiz.

— Xo‘jayin Hasanga tayinlab ketdi.

— Hasanni menga qo‘yib ber. Pivo desa o‘zini tomdan tashlaydi. Kechqurun uyqu dori solib beraman pivosiga.

— Unda kutishga to‘g‘ri keladi. Avval Hasanni uxlat, keyin… Ishqilib, Hasan o‘zingni pivoga bo‘ktirib qo‘ymasa bo‘lgani, uning tulkiligini bilasan-ku. Biz shu yerda yurganda uning arvohiyam yo‘q edi, darrov xo‘jayinning o‘ng qo‘liga aylandi.

— Bo‘pti, ko‘rasan hali, o‘sha Hasanning devday xurrak otishini.

Bekmirza kech bo‘lishini intiqib kutdi. Quyosh ufqqa yonboshlagan mahal Baronning o‘ng qo‘li, haqiqatan ham, pivoxo‘rlikka o‘tirdi.

Baronga xizmat qiladigan qizlar bilan Bekmirza osh-qatiq edi. Shaharga tushganida ularga atab shirinlik ko‘tarib kelar, evaziga xo‘jasi yo‘q tunlarni ularning issiqqina bag‘rida o‘tkazardi. Oq-sariqdan kelgan Natasha bilan esa sirdosh bo‘p ketishgan. Ora-sira Baronni ham g‘iybat qilishdan toyishmasdi. Bekmirza Natashani ishga solmoqchi bo‘lib, uning yoniga bordi va gapni biroz aylantirib, Hasanning nuqul ish buyuraverishidan nolidi. «Pivosiga uyqu doridan ko‘proq solib ber, biz ham odamga o‘xshab bir dam olaylik», deya qo‘shib qo‘ydi gapining oxirida. Natashaga bu yumush chikora edi: “Xafa bo‘lma, toshday qotirib uxlatib qo‘yaman”, deya Bekmirzaning labidan o‘pib qo‘ydi.

Hasan soat sakkiz bo‘lmay qattiq uyquga ketdi. Qolgan besh yigit bilan uch qiz o‘zlari xon, ko‘lankasi maydon bo‘lib, rosa ichkilikbozlik qilishdi. Keyin aysh-ishratni davom etkazish uchun juft-juft bo‘lib mehmonxonaga ravona bo‘lishdi. Hovlida to‘rtta mehmonxona bo‘lib, Baron mehmonlarini mavqeiga qarab bu xonalarga taklif etardi. Bekmirza ularning orasidan sitilib chiqib, to‘g‘ri qorovulning yoniga bordi. Qorovul ham ancha-muncha otib olgan, Nargiza bilan Lola yotgan o‘raning tepasiga stol qo‘yib o‘tirgancha sigaret tutatardi.

— Boshlaymizmi? — dedi Bekmirza past ovozda.

— Boshlaymiz, — dedi hech ikkilanmay qorovul.

— Men arqon olib keldim, avval o‘zim tushaman.

— Lekin anavi o‘zbek qizga tegmaysan. U meniki, Lolani nima qilsang qilaver.

Bekmirza Nargizaning oyoq uchiga tushganida, u Lolaning bilagiga boshini qo‘ygancha, beozor nafas olib uxlardi.

* * *

Berdimurod Xalil boyvachchaga tayin bir javob qilmay boshi xam chiqib ketdi. U nima qilishini bilmasdi, Lazokatga uylanib, xojasining soyai davlatida davron suray desa, bu xonadonga kelib turishi — Nilufarni ko‘rishi bor. Qanday chidaydi, uning husnu jamolini ko‘rganidan keyin! Nega endi boyvachcha katta qizi turib kichigini unga bermoqchi — bu ham jumboq. Yana betining terisini sidirib, o‘zi chaqirib aytib tursa! Buyurgan ishi bilan qiziqmadiyam?! Bekorga bo‘lmasa kerak bu ishlar. Boyvachcha daryoning labiga eltib, sug‘ormay qaytarib keladiganlar xilidan. Manfaati bo‘lmasa qo‘lini sovuq suvga urmaydi. Qiziq, Lazokatni unga berib, nima foyda toparkan? Yoki bu erka qiz ishkal chiqarib qo‘ydimikan? Orttirgan molu davlati begonaning qo‘liga o‘tib ketarmishmi? Bo‘lmagan gap.

Berdimurod boshi qotib mashinasiga o‘tirdi. Xayoli parishon holda serqatnov katta ko‘chaga chiqdi. Qizil chiroqda chorrahalarni kesib o‘tdi. Baxtiga nazoratchilar yo‘q ekan — hushtak tovushi eshitilmadi. O‘yga botib, uyiga yetib kelganini sezmay qoldi. Mashinani to‘xtatib, motorni o‘chirmasdan rulga boshini qo‘ygancha o‘ylashda davom etdi. Oradan bir osh pishgulik vaqt o‘tgach o‘ziga keldi. Atrofiga olazarak boqib, uyining yonida ekanini bilgach, miyig‘ida kulib boshini sarak-sarak qilgancha mashinadan tushdi.

U xonasiga kirib chiroqni yoqdi-da, devordagi soatga qaradi: vaqt tungi o‘n ikki yarimdan o‘tayotgandi. “Rosa charchabman”, xayolidan o‘tkazdi Berdimurod. Yotog‘iga kirayotganida qo‘l telefoni jiringlab qoldi. U istar-istamas telefonni qulog‘iga tutdi:

— Allo?

— Yaxshimisiz? — qulog‘iga qiz bolaning ovozi eshitildi.

Berdimurod darrov tanidi.

— Lazokat?! — ajablanib soatga qayta qarab qo‘ydi.

— Kutmaganmidingiz? — dedi Lazokat quvnoq ovozda.

— To‘g‘risi, yarim oqshom…

— Sizni bir shoshirib qo‘ygim keldi. Erkaligim tutdi-da. Ishlaringiz yaxshimi?

— Hozirgina uyingizdan keldim. O‘sha yoqda ishlarimni so‘raganingizda chiroyli bo‘lardi, — dedi Berdimurod ensasi qotib.

— Uyaldim.

— Nega uyalasiz?

— Siz kelmasingizdan oldin adam yonlariga chaqirib, meni sizga erga bermoqchiligini aytib qoldi. To‘g‘risi shokka tushib qoldim. Voobshe, kutmagandim. Adam g‘alatilar-da.

— Men sizdanam battar ahvolga tushdim. O‘zingiz menga tegishga rozimisiz?

— Bu yog‘iga ja tezlashib ketdingiz-u. Telefonda sizga tegaman, deb aytaymi? Yaxshisi, ko‘rishaylik, gaplashib olamiz.

— Hozirmi?

— Bo‘lmasam-chi?

— Kech bo‘p ketmadimi? Keyin dabdurustdan ko‘rishishimiz…

— Qiz bola taklif qilganida yo‘q deydigan odamni birinchi marta ko‘rishim!

— Endi, har qalay, qiz bola yolg‘iz yarim oqshom uyidan chiqib ketishi… Adangiz sezib, ikkalamiz ham baloga qolib ketmaylik tag‘in.

— U yog‘ini menga qo‘yib bering. Adam oyim bilan spalniyga kirib ketdi… Mening sizga aytadigan gaplarim bor. Adam raz shu yigitga tegasan dedilarmi, tamom mening boshqa ilojim yo‘q. Lekin siz bilan oldindan gaplashib olsam… Savollarim tiqilib yotibdi. Ichimga sig‘dirolmayapman. Adam bilan gaplaringiz bitguncha yorilib ketay dedim.

— Bo‘pti. Qayerda ko‘rishamiz?

— “Zvyozda”ni bilasizmi? Tungi klub.

Berdimurod u yerga ko‘p borgan, ko‘ngilxushliklar qilgan. Lazokatning ayni shu yerni aytgani uni o‘ylantirib qo‘ydi. Chunki xojasining arzandasini u taraflarga boradi, deb xayoliga keltirmagandi. Xalil boyvachcha o‘ta qattiqqo‘l odam, qizlarini har joylarga bordirmaydi, deb o‘ylardi. Lazokatning esa, aynan shunday joylardan xabari bor ekan. Bu Berdimurod uchun kutilmagan yangilik edi. Endi u Lazokatning ishkali borligiga shubha qilmay qo‘ydi.

— Xabarim bor, — dedi u boshqa gap topolmay. — Bir-ikki marta moshinada o‘tgandim.

— Shu yerga borib, joy zakaz qilib turing. Men tez yetib boraman.

— Ja shovqinlik qilmaydimi?

— Shovqin mening jonu dilim. Ishonmasangiz borgandan keyin ko‘rasiz.

Berdimurod yarim soatda aytilgan joyga kirib bordi. O‘ylaganidek, qiy-chuv, o‘yin-kulgi avjida… Kim raqsga tushgan, kim davra qurib ichayapti. Yana kimdir quchog‘idagi qiz bilan ovora… Berdimurod biroz qarab turib, ortiga qaytdi, chunki eshikning oldida turmasa, Lazokatni bu g‘ala-g‘ovurda topolmasligiga ko‘zi yetdi.

Lazokat ko‘p kuttirmadi — besh daqiqalardan keyin oppoq mashinadan tushdi. O‘zi ham Qorqizday oppoq kiyimda. Ko‘kragi esa, deyarli ochiq, tizzadan tepasi bir qarichgina latta bilan to‘silgan, xolos. Badanining qolgan joylari onadan qanday tug‘ilgan bo‘lsa, xuddi shunday alpozda. U keliboq Berdimurodning bo‘yniga osilib labidan bo‘sa oldi va yuziga yumshoqqina urib qo‘yib:

— Rosa pishiq yigit ekansiz-a, — dedi jilmayib va yigitni qo‘ltiqlab, shovqin-suronli zalga yetakladi.

Berdimurodning Lazokatga munosabati keskin o‘zgardi: qizning nozlanib gapirishi, o‘pib qo‘yib, qo‘ltiqlab olishi g‘oyat nazokatli chiqdiki, yigitning ko‘nglidagi g‘ubor tonggi tumanday tarqadi-ketdi. Qiy-chuv ham endi qulog‘iga yoqa boshladi.

— Qani, bizning frayer qayerni band qilgan ekan? — dedi tabassum bilan Lazokat.

— Joyni sizning ta’bingizga qarab tanlaymiz-da, — so‘zamollik qilib vaziyatdan osongina chiqdi Berdimurod.

— O-o, gap yo‘q! E’tiboringiz uchun mana sizga, — deb Lazokat yana uning yuzidan o‘pib qo‘ydi.

Ular shovqin avjiga chiqqan joyga o‘tirishdi. Bu yerda gaplashish tugul baqirib gapirgan ovozni ham eshitish mushkul edi. Lazokat uchun aynan shu kerak: Berdimurodning qulog‘iga labini bosib, ehtirosini junbushga keltirib gaplashadi.

Avval bir qadahdan shampan vinosi, so‘ng aroq, ortidan konyak ichildi. Keyin raqsga tushishdi. Musiqa tugagach, tag‘in ichkilikbozlik bo‘ldi… Bo‘lg‘usi kelin-kuyov tungi klubdan chiqishganda tong bo‘zarib qolgan edi. Ular yo‘lovchi mashinada Berdimurodning uyiga ketishdi…

Lazokat uyg‘onganida boshi lo‘qillab og‘rir, ko‘ngli ayniyotgandi. Shunga qaramay u aqlini yig‘ib oldi. Berdimurodning bag‘ridan sirg‘alib chiqib, gilam ustida yotgan bejirimgina sumkachasidan dori solingan shishachani oldi…

Nuriddin ISMOILOV

(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (21-qism)