21:52 / 24.09.2017
7 160

Omonat g‘or siri (23-qism)

Omonat g‘or siri (23-qism)
Boburning ikki ko‘zi eshikda: oyim ana keladi, mana keladi, deb yo‘l poylab o‘tiribdi. Opasini olib qochishganini qanday aytishni bilmay siqiladi. “Oyim kelmasa yaxshi bo‘lardi”, xayolidan o‘tkazdi u. Go‘yo uning ko‘nglidagini uqib olganday onasidan darak bo‘lavermadi. Eshikka termilgan ko‘yi Boburning ko‘zi ilinib ketaverdi. Shu zaylda kun o‘tdi. Uch marta hamshira, bir marta bosh vrach kirib chiqqanini aytmaganda, palataga hech kim qadam bosmadi. Bobur Mirkomil bilan ozgina suhbatlashgan esa-da, unga o‘rganib qolgan ekan, “praktikant”ning ham qorasi ko‘rinmayotganidan yuragi battar siqildi.

Ertasiga ham ahvol o‘zgarmadi, faqat bir yangi gap aytildi, xolos. Bosh vrach boshini sarak-sarak qilib, bemorning ko‘z qorachig‘iga tikilib turib aytdi bu gapni:

— Men senga o‘xshagan kasalni birinchi ko‘rishim. Jarohatlaring juda tez bitayapti, aqli bovar qilmaydi kishining. Shu ketishda o‘n besh kunga qolmay tuzalib ketasan.

Boburning yuragi hapriqib ketdi, qaniydi hoziroq o‘rnidan sakrab tursa. Biroq iloji yo‘q.

— Rahmat, — minnatdorlik bilan cheklandi u.

Kechga tomon Mirkomil paydo bo‘ldi.

— Qalaysan, oshna? — dedi eshikdan kiriboq, — otday bo‘p ketdingmi?

Boburning yuziga tabassum yugurdi.

— Sizdan oshna chiqmaydiganga o‘xshaydi, — dedi u hazillashib.

— Nega?

— Oshna degani shu yerda ishlasa, bir kunda bo‘lmaganda bir marta xabar oladi-da.

— Og‘ayni, — Mirkomil bemorning karavotiga o‘tirdi, — o‘qiganingda bilarding-da. Bu hisobotlar, nazorat ishlari, domlalarning ezmaligidan tashqari, shu yerning qariyalari ham ish buyuraversa, talaba ezilib, suvi chiqib ketadi-da. Tirik yurganimgayam ba’zan shukur qilaman… Bo‘pti, boshing qotmasin. Sog‘liq qalay, shundan gapir?

— Bosh vrach tez tuzalayapsan, dedi. Shu ketishda o‘n besh kunda bu yerdan chiqib ketarkanman… Menga qolsa, hoziroq ketsam. Yotish jonga tegdi… Ikki kundan beri oyimdan darak yo‘q. Bunaqa odatlari yo‘q edi.

Mirkomil o‘yga toldi, o‘zini Boburning o‘rniga qo‘yib ko‘rdi-da, uning irodasiga qoyil qoldi. Bu ko‘rgiliklarga odam bolasining chidashi mushkul. Biroq Mirkomil unga onasini boshqa kasalxonaga olib ketishganini aytishga majbur bo‘ldi.

— Oshna, bitta gapni senga aytay. Faqat bardam bo‘l…

— Nim-ma?! Oyimga nima bo‘ldi?! — baqirdi ko‘zidan o‘t chaqnab Bobur.

— Uncha vahimali emas.

— Chaynalmasdan gapir! — bu safar Bobur sensirab yubordi.

— Xullas…

— Erkakmisan! Tirikmi oyim?!

— Nega buncha hovliqasan?! — Mirkomilning jahli chiqdi. — Tirik… Faqat opangni opqochishganini eshitib biroz tobi qochibdi. Qo‘rqma, men og‘zimdan gullaganim yo‘q. Do‘xtirlaram aytmagan. Farroshlar bir-biridan suyunchi tilashayotganida eshitib qolibdi.

— Qayerda?! — Boburning qo‘llari musht bo‘lib tugildi.

— Hozir boshqa kasalxonada. Ahvoli yaxshi ekan. Sening so‘rashingni bilganim uchun borib ko‘rib keldim.

Boburning ko‘zlari shiftga qadaldi, ko‘zlaridan oqqan yosh yonoqlarini yuvib tushdi. Mirkomilning ichi ezilib ketdi. Og‘zida gap turmagani uchun ichida o‘zini koyidi. “Ikki dunyodayam mendan prokuror chiqmaydi”, ko‘nglidan o‘tdi uning.

— Oshna, ko‘p kuyunaverma, oying sog‘ayib ketadi, — dedi Mirkomil boshqa gap topolmaganidan.

— Bor, chiq, ket! Yolg‘iz qolgim kelayapti… — dedi Bobur unga qaramay.

Mirkomil Boburning ahvoliga achindi, o‘rnidan turib, jimgina tashqariga chiqib ketdi.

Bobur ancha vaqt o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib yotdi, yuragidagi o‘ch olovi endi gurkurab yondi, bu olov tafti shu qadar baland ediki, hozir to‘rt muchasi sog‘ bo‘lganida, ko‘p joyning kulini ko‘kka sovurardi. Hayajondan u kuchga to‘lib ketayotganini his etdi, hujayralari ham jadallik bilan ishlab, bosh shifokor aytganiday, jarohatli a’zolarida og‘riq sezmadi. Aslida Boburning tanasida tabobatda kamdan-kam uchraydigan hodisa ro‘y berayotgandi. O‘rnidan tursa, Nargizani olib qochganlarni tilka-pora qilib tashlashga qodir kuch vujudiga quyilayotganini u sezdi.

* * *

Bobur sog‘ayib, kuchga to‘lgan sari onasining ahvoli orqaga keta boshladi. Farroshlarning shumxabaridan keyin, avval, o‘g‘li yotgan kasalxonada birinchi yordamni oldi. Ammo bu kasalxona do‘xtirlari ayolni hushiga keltira olishmadi, dardning damini birozgina qirqishdi, xolos. “Tez yordam” Anbar opani boshqa kasalxonaga yetkazganda uning ahvoli og‘irlashgan, nafas olishi susaya boshlagandi. Do‘xtirlar zudlik bilan zarur muolajalarni qilishdi. Bemorning yuragi sekin urayotgan bo‘lsa-da, bir maromga tushdi-yu, biroq do‘xtirlarning umidlanishiga hech qanday asos yo‘q, Anbar opa yeru osmonni bilmay, behush yotardi. Bemor tanini jon tark etgandi go‘yo.

…Ayol bedavo dardga chalinib, tim qora sochlarining bevaqt oqarishiga sababchi bo‘lgan erini ko‘rdi. Eri yoshgina, odaticha, kostyumini yelkasiga tashlab allaqayoqdan kelayotir. Anbar opa uni ko‘rishi bilan peshvoz yugurdi. Xayolida: “Adajonisi, sizsiz qiynalib ketdim. Nega meni yolg‘iz tashlab ketdingiz? Odam sevgilisini ham shu ko‘yga soladimi? Qiynalib ketdim. Hali o‘g‘lingizning tashvishi, hali qizingizniki…”, demoqchi edi. Biroq gaplari boshqacha chiqdi:

— Charchamadingizmi? Ishingizam bor bo‘lsin-da. Tinim bilmaysiz. Bolalaringiz hali yosh bo‘lsa… Ularga ko‘p narsa kerakmas. Faqat mehringizni ko‘proq bersangiz yetadi.

Eri har doimgiday uning savollariga javob qilmasmish.

— Achchiqqina choyingdan opkel, — deya so‘riga chiqib yonboshlabdi.

Anbar opa hayron: “So‘ri qaydan keldi? Domimizda so‘ri qo‘yadigan joyning o‘zi yo‘q-ku! E-ha, erim o‘lgan-ku. Yoki tushimda shunday bo‘lganmikan… Xayriyat-e, tirik ekan. O‘zim yomonman-da, mudom qayerdagi xayollarga borib yuraman. Hozir tez borib, choy damlay. Bechora bola-chaqasini o‘ylayverib, rosa charchabdi…”. Shu o‘y bilan oshxonaga kirdi-yu, qo‘rqib ketdi. Choygumda biqirlab… qon qaynar, o‘g‘li bilan qizi esa tirjayishib qarab turishardi.

— Voy, o‘lmasam! — dedi Anbar opa ortiga tisarilib. — Nima qip turibsilar?

— Bizmi? — dedi Nargiza ko‘zi chaqnab. — Bekinmachoq o‘ynayapmiz. Rosa qiziq bo‘layapti, oyijon, siz ham o‘ynang.

— Bekinmachoqqa balo bormi? Adang charchab kelgan, choy olib borish kerak. Kap-katta qiz, o‘yin bilan ovorasan… Nega qon qaynayapti? Kimning qoni?

— Oyijon, biz — Nargiza ikkalamizning qonimiz ikki xil ekan! Qaynatsak qo‘shilib, bir xil bo‘p ketar-a?

— Nim-ma?! — qichqirib yubordi Anbar opa. — Senlarning qonlaring?!

Shu dam uning ko‘zi tinib, oyog‘i sirpandi-yu, pastlikka shuvillab enib ketdi. Tubsiz jarlikka quladi go‘yo. Tepada o‘g‘li bilan qizi qarab turibdi. Birovi yordam beray, deb qo‘l cho‘zmaydi. “Ey-y, — afsuslandi Anbar opa, — mehrsiz qilib tarbiyalabman-da… Xo‘jayin… Adasiga choy obormadim-ku. Nargizaning esiga kelarmikan…” Shu tobda tepadan o‘zi tomon oppoq kiyimda eri yashin tezligida uchib kela boshladi.

Nuriddin ISMOILOV


(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (23-qism)