23:19 / 01.10.2017
6 009

Omonat g‘or siri (35-qism)

Omonat g‘or siri (35-qism)
— Kim bor?! — baqirdi boyvachcha. — Biror-bir jonzot bormi bu hovlida?!

Xizmatkor hovli etagidagi uyda edi. Bu ikki xonali uyni boyvachcha dam olishga mo‘ljallab qurdirgan, uyning yonida yopiq hovuz, hammom bor edi. Xizmatkor xo‘jayinining ayoliga baqirganini, so‘ngra urganini ko‘rib, ichkarida pusib turgandi. Boyvachchaning baqira boshlaganidan cho‘chib, bormasa o‘zi ham kaltak yeb qolishidan xavfsiradi va Xalilning yoniga yugurdi.

— Bor! — deya baqirdi uni ko‘rishi bilan boyvachcha. — Suv opke!

Xizmatkorining bir choynak suvni bekasining yuziga sekin sepayotganini ko‘rib sabri chidamagan boyvachcha uning qo‘lidan choynakni yulqib oldi-da, xotinining yuziga to‘kib yubordi. Hartugul Mo‘’tabarxon ko‘zini ochdi. Kipriklarini pirpiratib bir eriga, bir xizmatkorga qarab, yig‘lab yubordi. Bir zumda Xalil boyvachcha hovuridan tushdi, xotiniga ichi achidi. Uning qo‘ltig‘idan olib, turishiga ko‘maklashdi. Keyin ko‘z o‘ngida Nilufarning ayanchli ahvoli jonlanib, Mo‘’tabarxonni qo‘yib yubordi.

— Ovqatni kim qilgandi?! — so‘radi u jahl bilan.

— O‘zi, — ayol yutinib oldi.

— Qani o‘sha ovqat?

— Opasi tipirchilab qolganidan keyin Lazokat jahl ustida qozonni ag‘darib yubordi… Xizmatkor tozalab, axlatga to‘kibdi… Nilufarim tirikmi, ishqilib?! — dedi Mo‘’tabarxon chuqur-chuqur nafas olarkan.

— Xudo qaytarib berdi. Yaxshiyam uyga kelganim, yo‘qsa ajrab qolarkanmiz, — xo‘rsindi boyvachcha.

— Hoziroq boraman, ko‘rmasam ko‘nglim joyiga tushmaydi.

— Endi borolmaysan.

— Nega? — hayron bo‘ldi ayol.

— Oynaga bir qara, — boyvachcha oshxonaga kirib, piyolaga og‘zi ochiq aroqdan quymoqchi bo‘ldi. So‘ng birdan niyatidan qaytib, shishani axlat chelakka tashlab yubordi. Muzxonadan ochilmagan aroq shishasini olib, ketma-ket ikki piyola to‘ldirib ichganidan keyin biroz o‘ziga keldi. Yumshoq o‘rindiqqa cho‘kib, ko‘zini yumdi. Shu mahal xotini kirib keldi.

— Boraman, — dedi u eriga qarab, — ko‘zim shishib, oqib tushsa ham boraman, bildingizmi! Qizimni ko‘rmasam chidolmayman!

— Hov, it! Qilg‘ilikni qilding. Endi bosib o‘tir. O‘zingning qasding borga o‘xshaydi unda. Men hali hammasining tagiga yetaman. Agar zig‘ircha aybingni topsam o‘ldiraman. Tushundingmi, o‘ldiraman! Hozir bosib o‘tir. Qizim o‘ziga kelganidan keyin hammasini so‘rayman. Agar seni ko‘rgisi kelayotgan bo‘lsa, borasan, bo‘lmasa…

Mo‘’tabarxon turgan joyida o‘tirib qoldi va o‘kirib yig‘lagancha:

— Hech vaqt ona bolasiga yomonlik tilaydimi?! — dedi izillab.

— Ona farzandiga yomonlik tilamaydi. Lekin sen onamassan. Sen tovuqsan. Jo‘jasini tagiga bosib o‘ldirib qo‘yadigan befahm tovuq!

— E, xudo! — o‘kirdi ayol shiftga qarab. — Qanaqa tuhmatlarga qoldi-im?!

Xalil boyvachchaning qoni qaynadi. Ko‘zi kosasidan chiqqudek olayib, o‘rnidan turdi. G‘azab bilan xotinining boshiga borib, urmoqchi bo‘ldi. Lekin so‘kinish bilan cheklanib, ortiga qaytdi. Yana bir piyola aroq ichib, gazagiga sigaret tutatdi. So‘ng hamon yer bag‘irlab yig‘layotgan xotiniga:

— Yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma! — deya o‘shqirdi.

Boyvachcha ko‘zida yosh g‘iltillab oshxonadan chiqdi. “Qaysi go‘rdanam shunga uylanganman? — xayolidan o‘tdi uning. — Umrim shamolga sovrildi-ya. Nilufarni tug‘ib berganini aytmasa, qaysi bir ishni qoyillatgan, bilmayman. Bo‘yansa, bozorma-bozor sanqib, topganimni havoga sovursa, bas, bo‘lak dardu hasrati yo‘q buning. Shundan boshqasiga yaramaydi!” Xalil boyvachcha alam bilan piyolani aroqqa to‘ldirdi.

Ilgari bir shisha aroqni yolg‘iz o‘zi ichsa ham mast bo‘lmasdi. Hozir oxirgi piyolani sipqordi-yu, boshi aylanib, ko‘zi yumilib ketaverdi. Oromkursining suyanchig‘iga boshini qo‘ydi. Tuyqusdan uydan chiqib ketayotganida rangi gezarib uyga kirib kelgan Lazokat yodiga tushdi. “O‘shaning ishi, — g‘o‘ldiradi u o‘zicha. — O‘sha bir balo qilgan. Hoz… hozir o‘l… o‘ldiraman!” U o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi-yu, qurbi yetmadi, o‘tirgan joyida so‘kina ketdi. Xizmatkor o‘rnidan turishiga yordamlashmaganida o‘tirgan joyida uxlab qolardi. U xizmatkorga yuvinish xonasiga olib borishni arang tushuntirdi.

Ikki soatcha iliq suvda o‘tirgach, Xalil boyvachcha biroz tetiklashdi. Xayolidan esa hamon: “Hammasini Lazokat qilgan”, degan o‘y ketmagan, kichik qiziga hukm o‘qib bo‘lgandi. Boyvachcha oshxonaga kirib oshpichoqni oldi-da, devorga osilgan sochiqqa yaxshilab artdi. Nima qilayotganini o‘zi ham anglamasdi. U biroz garangsib joyida turib qoldi. So‘ng chayqalib-chayqalib qo‘lida oshpichoq bilan Lazokatning xonasiga yo‘naldi.

Lazokat otasining ichayotganini ko‘rib yengil tortgan: “Otam endi uxlab qoldi. Ertagacha jahlidan tushar”, degan o‘yda eshikni ochib qo‘ygandi…

* * *

“Nimalar bo‘layapti o‘zi? — shiftga tikilib xayol surdi Nargiza. — Ukam falokatga uchradi… Kutilmaganda yetti yot begona lo‘li qiz bilan tanishib qoldim. Keyin bizni lo‘lilar o‘g‘irlab ketdi. Tortgan azoblarim… Bular nimadan ishora? Lola Bobur bilan ham tanish ekan-a! Ular qachon tanishishgan?.. Hammasi uyushtirilganmikan yo? Lolaning o‘zi qo‘ynimga kirib olib, chayonlik qilayotgan bo‘lsa-chi? Unda… Unda nega uniyam azoblashdi… Baron nega bizni osongina o‘ldirib qo‘ya qolmadi?.. Mushuk-sichqon o‘yiniga o‘xshab ketayapti-ya… Yoki adajonim aytib ketgan sirdan ularning xabari bormikan? O‘sha oltinlarni adajonimdan boshqalar ham bilishgan-ku. Lekin ular o‘lib ketishgan deyishuvdi. Adamga o‘xshab, birortasi farzandi yoki qarindoshigami aytib ketgandir… Ha, topdim! Demak, kimdir aytishga aytib, oltin yashirilgan joy qayerdaligini aniq berishga ulgurmagan… O‘zi o‘sha oltinlar kimniki, halolmi, harommi? Buyam jumboq. Nima qilsam ekan? Padaringga la’nat, boylikdan voz kechib yuborsam, bizni tinch qo‘yisharmikan… To‘xta, nega oyim kelmayapti? Eshitganida qushday uchib kelishi kerak edi-ku. Yoki hali aytishmadimikan?..”

— Yaxshi yotibsizlarmi? — palataga jilmayib Mirkomil kirib keldi, Nargizaning xayollari to‘zg‘ib ketdi. Bobur bilan birga kelgan yigitni ko‘rib qiz ham jilmaydi.

— Ko‘rinishingizdan ancha sog‘ayib qolibsiz, — ko‘nglini ko‘tardi Mirkomil.

— Rahmat.

— Mengamas, o‘zingizga rahmat. O‘zingizda sog‘ayishga ishtiyoq bo‘lmaganida…

— Buni qarang-a, — uning gapini ilib ketdi Nargiza, — sog‘ayishim kerak, deb hecham o‘ylamagan ekanman. O‘ylaganimda hozir oyoqqa turib ketarmidim?!

— Ishonmayapsizmi? — Mirkomil hazilni ilg‘ab, miyig‘ida kuldi. — Buni men sizga bo‘lajak vrach sifatida aytayapman.

— Siz vrachmisiz? Men sizni ukamning o‘rtog‘i bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim.

— Adashmagansiz. Endi uning o‘rtog‘iman. Vrachlik masalasiga kelsak, hali beshi kam.

— Shunaqa deng.

— Shunisigayam shukur. “Ol, qulim!” desa tap-tayyor vrachmiz-da.

— Hov, vrach, — Lola uyg‘onib, gapga aralashdi, — biyzniy oldiymiyzda turmang. Yamon bo‘ladiy. Sizniy uradiy, biyzniy o‘g‘irlaydiy. Tushundingiyzmiy?

Nargiza kulib yubordi. Mirkomilning yuzi qizardi.

— Endi o‘g‘irlab bo‘pti. O‘zim ularni o‘g‘irlab ketaman, kerak bo‘lsa.

— Sizga o‘xshagan bittasi o‘shanda Boburjonning yonida turgandi, bechora hozir tirikmi, o‘likmi bilmaymiz. Uyam o‘zicha g‘o‘daygandi bizning oldimizda.

Nargiza bu gapni hazil tariqasida aytmoqchi bo‘lgandi, biroq gapi biroz ilmoqli chiqdi. Mirkomilning qalbida beixtiyor rashk alangasi yondi va ayni paytda o‘sha “hamkasb”iga achindi.

— Qizlarning ichida sizlarday mardi kam, — o‘zini majburlab kuldi Mirkomil suvdan quruq chiqish uchun.

— Mayli, — Nargiza miyig‘ida kulimsiradi, — sizni xafa qilib qo‘ygan bo‘lsam uzr. Odam… Yaxshisi, gapirmaganim ma’qul. Boburjon yaxshi yuribdimi?

— Uningiz shu ketishda bo‘lsa, Tarzanday bo‘p ketadi. Menga ishonavering, tibbiyotda bunday voqealar kamdan-kam uchraydi. Juda qisqa vaqtda oyoqqa turib ketdi. Sherigi haliyam yotibdi oyog‘ini ko‘tarib.

— Ukam yoshligidan dardga chidamli edi, — dedi Nargiza Boburni alqab. — Isitmasi chiqqan paytlariyam o‘ynab yuraverardi. Oyim majburlab ham yotqizolmagan… Ha, aytgancha, biz bu yerda hali ko‘p yotamizmi?

— Sog‘ayib ketsangiz bo‘ldi… Ha, bir gapni aytish esimdan chiqibdi, — Mirkomil suhbatni davom ettirgisi kelardi. — Mening ismim Mirkomil. Sizlarnikini bilaman. “Kasallik varaqasi”dan ko‘rdim.

— Hay, man siyzniy otiniy aytmay chiqadiy debman.

Lola ochiqdan-ochiq kalaka qilayotganini Mirkomil darrov ilg‘adi. Lo‘li qizning ustidan kulayotgani unga alam qildi. Lekin nachora, ortiqcha gap aytishga haqi yo‘q. Naryoqda eshitib turishibdi. Har bitta so‘zi tahlil qilinadi. Mirkomil esa o‘g‘rilarning kimligini, qizlar nega ularning nomini yashirishayotganini bilishi kerak. U yo‘l topib qizlarning ichidagi sirlaridan voqif bo‘lishi darkor.

— Shunday lobar qizlarning ko‘nglini topish bizga ham farz, ham qarz. Sizlar bilan yaxshiroq tanishib olmasam armonda ketaman, — dedi Mirkomil Lolaga javoban.

— Ana, tanishib ham oldik unda, — dedi Nargiza murosa ohangida. — Siz Boburjonning o‘rtog‘i bo‘lsangiz, oyimdan xabaringiz yo‘qmi? Negadir kelmayaptilar?

— Hozircha aytmadik… Yo‘qolib qolganingizni eshitib juda xafa bo‘ldi. Bu ahvolda yotganingizni ko‘rsa, battar kayfiyati buziladi, deb o‘yladik. Shunga hozircha aytmay turibmiz. Oyoqqa turishingiz bilan, albatta, xabar qilamiz.

Nargizaning ko‘ziga yosh qalqdi.

— Mayli, — dedi u yig‘lamsirab, — shu holimda bo‘lsayam uyga javob berishsin. Ayting, iltimos. Oyijonimni judayam sog‘inib ketdim. Ozgina xafa bo‘lsayam, sog‘ayib ketayotganimni ko‘rib hammasini unutadi! Sog‘inib ketdim oyijonimni!

Nuriddin ISMOILOV

(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (35-qism)