18:33 / 05.11.2017
17 835

Eng badavlat milliarderlar tavsiya qiluvchi 9 kitob

Eng badavlat milliarderlar tavsiya qiluvchi 9 kitob
Microsoft hammuassislaridan biri Bill Geyts yiliga 50 kitob mutolaa qiladi. Milliarder Mark Kuban kuniga uch soatdan kitob o‘qiydi. Facebook asoschisi Mark Sukerberg har yili 24 kitob o‘qish qarori haqida ma’lum qilgan, sarmoyachi Uorren Baffet esa 80 foiz vaqtini kitob o‘qishga sarflaydi. BookAuthority tavsiyalar servisi Geyts, Brenson, Baffet, Mask, Bezos, Sukerberg, Kuk kabi ko‘plab yetakchi ishbilarmonlarning sevimli kitoblari haqida ma’lumot berdi.

Microsoft asoschilaridan biri Bill Geyts tavsiyasi

1. "Poyabzal sotuvchisi. NIKE kompaniyasining tarixi uning asoschisi tilidan", Fil Nayt

Bu kitob bir zumda New York Times bestsellerlari ro‘yxatidan joy oldi. Kitob jurnalistlar bilan muloqotda uyatchanligi bilan mashhur Nike kompaniyasi asoschisining hayoti, shu bilan birga, qanday qilib uning kompaniyasi oddiy startapdan eng inqilobiy va serdaromad brendlardan biriga aylangani haqida ma’lumot olishdek noyob imkonni beradi.

2. "Stress-test: Moliyaviy inqirozga oid xotiralar", Timoti Gaytner

Dastlab Nyu-York Federal zaxira banki prezidenti, keyin esa Barak Obama ma’muriyatida moliya vaziri lavozimida faoliyat yuritgan Gaytner o‘quvchilar oldida Buyuk depressiya paytlaridan beri eng yomon moliyaviy inqirozning "sahna ortidagi" voqealarini ochib beradi. Shu bilan birga moliyaviy tizimni tiklash va iqtisodiyot tanazzuliga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘zi qabul qilishga majbur bo‘lgan yoqimsiz qarorlarni izohlaydi.

3. "Kuchli yetakchi haqida afsona: Zamonaviy dunyoda siyosiy yetakchilik", Archi Braun

Yetakchi siyosiy tarixchilardan birining kitobi - parlament demokratiyasi paydo bo‘lgan davrdan boshlab to Obama davriga qadar butun dunyo siyosiy yetakchilik institutining haqiqiy tadqiqoti.

Jeff Bezos tavsiyasi, Amazon.com internet-kompaniyasi asoschisi va rahbari

1. "Innovator dilemmasi: Qanday qilib yangi texnologiyalar tufayli kuchli kompaniyalar barbod bo‘lmoqda", Kleyton M. Kristensen

Amazon tahririyat jamoasi "Innovator dilemmasi" kitobini "Muvaffaqiyat va yetakchilik haqida hech bo‘lmaganda bir marta o‘qish kerak bo‘lgan 100 kitob" ro‘yxatiga kiritgan. Stiv Jobsdan to Malkolm Gladuellgacha o‘z nutqlarida Kristensenning so‘zlarini ko‘p marta misol sifatida keltirishgan.

2. "Amerikada yaratilgan: Qanday qilib WAL-MART'ga asos soldim?", Sem Uolton

Muallif — Wal-Mart'ni dunyodagi eng yirik chakana savdo tarmoqlaridan biriga aylantirgan XX asr oxirlaridagi eng daho sotuvchilardan biri "Amerika orzusi"ni amalga oshirishda nimadan ilhomlanishi, ishonch va ijobiy fikrlash haqida so‘z yuritadi.

3. "Ma’lumotlarga asoslangan marketing. Har bir inson bilishi kerak bo‘lgan 15 ko‘rsatkich", Mark Jeffri

Amerika marketing assotsiatsiyasi tomonidan 2011 yilning eng yaxshi marketingga oid kitobi deya tan olingan. Jeffri marketing samarasini sezilarli ravishda oshirish uchun ma’lumotlarga asoslangan qat’iy strategik yondashuvdan foydalanishga doir aniq va ishonchli qo‘llanmani taklif etadi.

Uorren Baffet tavsiyasi, sarmoyachi

1. "Eng yaxshi CEO'lar qoidalari. Muvaffaqiyatga erishgan kompaniyalarning 8 rahbari faoliyati tarixi va tamoyillari", Uilyam Torndayk

Ushbu kitob Baffetning tavsiyalari ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallaydi. Unda 8 nafar yetakchining korporativ boshqaruvga yondashuvini keskin o‘zgartirgan misli ko‘rilmagan muvaffaqiyati haqida so‘z yuritiladi. Ularning qaysi birinidir ismidan tanimasligingiz mumkin, biroq kompaniyalarini bilsangiz kerak: General Cinema, Ralston Purina, The Washington Post Company, Berkshire Hathaway, General Dynamics, Broadcasting Capital Cities, TCI va Teledyne.

2. "Eng muhimi haqida. Fikrlovchi sarmoyachi uchun notrivial saboqlar", Hovard Marks, Pol Jonson

Oaktree Capital Management hammuassisi va raisi Hovard Marks bozor imkoniyatlari va tavakkal borasida o‘zining sinchkov baholari bilan tanilgan. Uning kitobidan 40 yil davomida sarmoyalarni boshqarish cho‘qqisiga ko‘tarilish natijalari o‘rin olgan. U birinchi marta keng o‘quvchilar doirasida o‘z falsafasini havola qilgan.

3. "Katta o‘yla", Kristian Korrea

Xorxe Paulo Lemann, Marsel Telles va Beto Sikupira 40 yildan ortiq vaqt davomida Braziliya kapitalizmi tarixidagi eng katta imperiyani barpo etib, jahon sahnida olamshumul muvaffaqiyatga erishishgan. Baffetni ayniqsa uning sherigi Lemannning tarixi jalb qiladi. Investor uni dunyoning eng yaxshi ishbilarmonlaridan biri deya e’tirof etadi: "U fantastik shaxs va uning tarixi barchaga ilhom baxsh etishi kerak, xuddi meni ilhomlantirgani kabi".

Manba: Kun.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Eng badavlat milliarderlar tavsiya qiluvchi 9 kitob