Kayfiyatni ko‘tarishning 10 ta sinalgan usuli

  • 25-11-2017, 12:25
  • 2 703
  • Hayot tarzi
  • Kayfiyatni ko‘tarishning 10 ta sinalgan usuli
    Hammada omadsiz kunlar bo‘lib turadi. Asosiysi — tushkun kayfiyatga berilmaslik va chalg‘iy olish. "Layfxaker" shunday damlarda sizga yordam berishi mumkin bo‘lgan usullar bilan bo‘lishdi.

    1. Tetiklashtiruvchi pley-list

    Sizga zavq bag‘ishlovchi treklardan iborat pley-list tuzing. Hech qanday melanxoliya bo‘lmasin: ma’yus musiqa busiz ham kayfiyati yo‘q insonning dilini xira qiladi.

    2. Jismoniy faollik
    Ruhiy va jismoniy sog‘liq o‘rtasidagi bog‘liqlikni yodda tuting. Amerika psixologiya assotsiatsiyasi psixoterapiya sxemasiga jismoniy mashqlarni qo‘shishni tavsiya qiladi. Shunday ekan, raqsga tushing, sakrang, yengil mashq qiling: endorfinlarni ishlab chiqarish uchun har qanday jismoniy faollik turi to‘g‘ri keladi.


    3. Do‘stga qo‘ng‘iroq
    Hoynahoy do‘stlaringiz bilan messenjerlar orqali xabarlashib tursangiz kerak - o‘sha yerga yozing: qo‘llab-quvvatlovchi so‘zlar, hazillar va ajoyib stikerlar vaziyatni to‘g‘irlaydi. Eng yaxshisi - yaqinlaringizga qo‘ng‘iroq qilib, ular bilan uchrashish. Yoqimli ijtimoiy munosabatlar bizga yanada zavq bag‘ishlaydi.

    4. Kulish uchun sabab
    Do‘stlaringiz tezkor amaliy yordam ko‘rsata olishmasa, kulgi istab Telegram'ga murojaat qiling. Butun internet memlari kanali - LaQeque'ni varaqlang, «Poglad kota» kanalida hayotiy qiyin vaziyatda qolgan mushuklarga qarang yoxud turli latifa kanallariga a’zo bo‘ling.


    5. Oddiy maqsadlar
    Yomon kayfiyat va apatiya kuch-quvvat va ishdagi samaradorlikdan mahrum qiladi. O‘zingizdan jahlingiz chiqmasin: agar kuningiz oddiy o‘tsa, o‘nta murakkab ish o‘rniga uch oddiy ishni rejalashtiring. Kichik bo‘lsa-da, maqsadga erishish o‘zingizdan qoniqish hosil qilish hissini qaytaradi.

    6. Yaxshi film
    Katta ekranda yangi filmlarni ko‘rishga shoshiling yoki uyda maroqli kino kechasini o‘tkazing: romantik komediyalar insoniyat va ezgulikka bo‘lgan ishonchni qaytaradi.

    7. Kichik istaklar

    Istaklarning amalga oshishi doim zavq bag‘ishlaydi. Hozir orziqib kutilgan sayohatga bora olmasangiz, biroz kichikroq ko‘lamdagi, lekin yoqimli ishga qo‘l urishingiz mumkin bo‘lsa kerak. O‘ylab ko‘ring, bu nima bo‘lishi mumkin. Mazali taom, yoqimli hordiq, kutilmagan xaridlar - bunday mayda "tashvish"lar ham albatta natija beradi.


    8. Real hayotga qaytish
    Meditatsiya stress darajasini pasaytiradi va hissiyotlarni boshqaradi. Kun yorishgunga qadar lotos pozasida o‘tirish shart emas, og‘ir o‘y-xayollar va his-tuyg‘ulardan chalg‘ishga yordam beruvchi oddiy mashqlarning o‘zi yetarli.

    Masalan, derazadan tashqariga qarab, nimalarni ko‘rayotganingizni tasvirlang. Baholovchi izohlarsiz, faqat dalillar. Nechta mashina, odamlar va uylar? Ularning rangi, o‘lchamlari va shakli qanday? Qizil ob’ektlar qancha-yu sarig‘i qancha?

    9. Dam olish vaqti
    Yomon kayfiyat ko‘pincha stress va charchoq natijasidir. Agar bu sizning holatingiz bo‘lsa, o‘zingizga dam olishga imkon bering. Telefon va ishlarni bir chetga suring-da, jurnal varaqlang, sayr qiling yoki shunchaki mizg‘ib oling. Qisqa taym-aut bilan osmon uzilib, yerga tushmaydi, lekin kuch-quvvatni qayta tiklash va kayfiyatni ko‘tarish uchun ayni muddao.


    10. O‘zimga rahmat
    Hozir noyabr bo‘lgani uchun hech bir ishga qo‘l bormayotgan bo‘lsa-da, barchasi siz o‘ylagandek yomon emasligini eslatib turuvchi oddiy mashq. O‘zingizga o‘zingiz rahmat aytishingiz mumkin bo‘lgan 10 satrdan iborat ro‘yxat tuzing. Mazali va to‘yimli nonushta qildingizmi? Juda yaxshi! Foydali maqola o‘qidingizmi? Ajoyib! Shu tariqa o‘n sabab topishingiz kerak.

    Yodingizda bo‘lsin, uzoq davom etuvchi yomon kayfiyat depressiya belgisi bo‘lishi mumkin. Agar o‘zingizni boshqarishni uddasidan chiqa olmayotgan bo‘lsangiz, bu psixolog yoki psixoterapevtga murojaat qilish uchun sababdir.

    » » Kayfiyatni ko‘tarishning 10 ta sinalgan usuli