22:57 / 15.12.2017
11 278

Nega o‘zbek qizlari chet-ellikka turmushga chiqishga orzumand? Ayb yigitlardami, puldami yoki...

Nega o‘zbek qizlari chet-ellikka turmushga chiqishga orzumand? Ayb yigitlardami, puldami yoki...
Zamonaviy qulchilik
Qulchilik davri tarixda qolgan, deb o‘ylasangiz yanglishasiz. Qulchilik hali O‘zbekistonda bor. Aniqroq aytsak mahallalarda, xonadonlarda qaynona-kelinli xovlilarda qulchilikni oliy bir ko‘rinishi saqlanib qolgan. Avval qulni sotib olishgan bo‘lsa, bizda qulning yoniga mebel, sarpo, kamida 5 yillik kiyim kechak qo‘shib beradilar. Yana qulning bo‘lajak eri-yu, yangi qarindoshlari ham sarupodan bebaxra qolmaydi. Qulchiliknning darajasi turli oilalarda turlicha. Faqat qulni bizda boshqacharoq “kelin”, deb nomlashadi. Kelinga quldek qaramaydigan oilalar ham bor. Kelinni qizidan ortiq ko‘radiganlar kam emas. Biz yoppasiga barcha oilalarni quldorchilikka tenglashtirmoqchi emasmiz. Ammo, kelinga behurmat bo‘ladigan oilalar ham talaygina.

Ekran ortidagi hayot
Turmushning mushti bor, tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib yasha, derdi avval kattalar. Ammo, bugungi yoshlarni bu gaplar bilan aldash qiyin. Sabrning tagi rahmon, deya qaynonaning dakkilarini o‘git, deb qabul qilib o‘tiradigan qizlar tobora kamayib bormoqda. Ammo, qaynonalikni aktrisa Saida Rametovaning obrazlaridan ham oshirib yuboraman degan qaynonalar ko‘p. Bugungi yoshlar ko‘ngliga qarab biroz erkinlik beray deydiganlar kamdan-kam uchraydi. Internet va seriallarda ayollarga bo‘lgan munosabatni, g‘arbdagi hayotni ko‘rgan qizlar bir uyga borib, sochi supurgi, qo‘li kosov bo‘lishni istarmidi? Shunday qizlarni topib kelin qilgan xonadonlarni omadi chopadi. Aksiga uchrasa sud orqali yana bir oila barbod bo‘ladi.

Bechora qo‘shni qiz
Kechagina oq ko‘ylak kiyib yal-yal yonib chiqib ketgan dugonasini bugun abgor axvolda uyquga zor, ozib-to‘zib onasinikiga kelganini ko‘rgan qo‘shni qiz chet-ellikni orzu qilsa ayb kimda? Axir, har kim ham yaxshi yashashni va avvalam bor uni odam o‘rnida ko‘rishlarini xohlamaydimi? Bir uyga kelin bo‘lib borgan qizning ham xohishlari, qiziqishlari, kamchiliklari bor bo‘ladi. Bunga ko‘z yumib o‘z qolipimga solaman, degich qaynonalar xato qilib qo‘ymayaptilarmi? Oqibatda qulchilikdan qochgan qizlar qaynonasi yo‘q oilaga kelin bo‘lishni orzu qiladi yoki chet-elga kelin bo‘lib ketishni tushlarida ko‘radi. Har qanday odam boylikdan avval uni o‘zini inson shaxs sifatida qabul qilishlarini istaydi. Endi o‘ylab ko‘ringchi qachon uxlab, qachon turishini-yu, qanaqa rang paypoq kiyib yurishigacha nazorat qiluvchi qaynonalar bugungi olifta qizlarni jilovlay oladimi? Yoki shaxs sifatida shakllangan qizlar o‘zi ustidan bu qadar nazoratga chidaydimi?

Erkaklarchi?
Uyda kelin doim aydor. Erning esa onasi yonida. Er-xotin o‘rtasida nima gap o‘tmasin er “bechora”ning advokati darhol kelinni tergashga tushadi. “Er bo‘lib, urmasinmi, so‘kmasinmi, baqirmasinmi? Qanaqa erlar bor tutvolib uradigan. Mening o‘g‘limdakasini bilmasangiz ko‘zlaringiz ko‘r bo‘lmaydimi?” Yonida shunaqa qo‘riqlovchi farishtasi bo‘lgan er nazdida ham u haq, ayoli noshukr bo‘lib ko‘rinmaydimi?

Shirin so‘z faqat to‘ygacha
Dasta-dasta gullar-u, shirin so‘zlar to‘ygacha. To‘ydan keyin qaynonaning oldida er ayoliga bir og‘iz shirin so‘z aytsinchi? Ha, shunaqa to‘ydan keyin ham ayolini e’zozlab turadigan oydan tushgan erkaklar ham topiladi. Ammo, aksariyat oilada ayolning yumushlari uning burchi sifatida qaraladi. Uning bo‘ynidagi vazifalarini to‘liq ado etmagani uchun dakki berib turish kerak, ikki og‘iz shirin so‘z esa xayri xo‘sh qilinadi. Xudo ko‘rsatmasin kasal bo‘lib qolsa, kerak emas matoxga aylanadi. Kelin u shunday odamki, kasal bo‘lishga, hordiq chiqarishga aslo haqqi yo‘q. Albatta, bu barcha oilalarga xos emas, lekin aksariyat desak xato qilmaymiz.

Qani o‘sha bardosh?
Avvallari ayollar naqadar bardoshli bo‘lgan. Eri ursa ham, so‘ksa ham indamay bosh egib turganlar. Bugun bunday yoshlarni topish qiyin. Ular yaxshi yashashga haqqim bor, deb biladi. Shuning uchun ham erning erkaliklari-yu, qaynonaning qaynashlariga bardosh berguncha ajrashishni avfzal biladi. Qo‘shnisi yo dugonasining qaynonalik uyidagi muammolarini eshitgan qizlar orasida toq o‘tishga ham rozi bo‘layotganlari yo‘q emas. Qolaversa, pokistonlik, xindistonlik, turk va xatto islom dinida bo‘lmagan koreys yigitlariga turmushga chiqib ketayotgan qizlar ham talaygina. Ularni ko‘p tanqid qilamiz-u, masalaning boshqa tarafini o‘ylab ko‘rmaymiz.

Aynan shunday yozilmagan qoidalar sabab aqlini yig‘ib, biroz ilm qilgan qizlarimiz barcha huquq va o‘zligidan kechib bir oilaga kelin bo‘lishni istamay qolyapti. Insonga pul va yaxshi sharoitdan ham ko‘proq uni odam sifatida ko‘rishlari avfzalroq emasmi? Kelinga, ayolga nisbatan oiladagi extiyojlari bo‘lmagan va faqatgina birtalay vazifalari bor, uyda xontaxtaning bir chekkasida egilib choy uzatib o‘tiradigan “baribir kelin”da sifatida qarash eskirmadimikan? Ajrimlarning ko‘pligida, nasroniyga qo‘rqmay turmushga chiqib ketayotgan qizning gunohida ozgina bo‘lsa ham qaynona va erka erlarning xissasi bor emasmi?

Manba: Dia.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nega o‘zbek qizlari chet-ellikka turmushga chiqishga orzumand? Ayb yigitlardami, puldami yoki...