14:19 / 17.12.2017
28 023

Boy bo‘lishni istaganlar uchun...

Boy bo‘lishni istaganlar uchun...
Pul topish san’ati haqida
Ko‘proq pul topishni kim istamaydi, deysiz. Bu haqda insoniyatning pulga ehtiyoji tug‘ilgan davrlardan boshlab juda ko‘plab maslahatlar, boy bo‘lish sirlari haqida turli kitoblar nashr qilinmoqda. Xo‘sh, ushbu kitoblar va berilgan maslahatlar chindan ham bizning boy bo‘lishimizga yordam bera oladimi?! Avvalo, bu haqda aytilgan fikrlarni yana bir bor ko‘rib chiqsak…

“Boy bo‘lishni istaysanmi — o‘ylagin”

Bu gapni amerikalik ruhshunos va faylasuf Napoleon Xill aytgandi. Pulni bekorga sarf qilmaslik, intizomli bo‘lish va hamisha to‘g‘ri qaror qabul qilish omad formulasining asosidir. Agar boylik sirini bir og‘iz so‘z bilan ifoda qilib bo‘lganda edi, o‘sha birgina ochqich so‘zni aytib qo‘yaqolgan bo‘lardik. Buning uchun muttasil o‘qib-o‘rganish, shirin uyqulardan, tarallabedod bazmlardan voz kechishga to‘g‘ri keladi. Boy bo‘lishning o‘zi bo‘lmaydi. Shuning uchun ham tadbirkor milliarderlar ko‘p emas. O‘z orzularini amalga oshirish uchun mashaqqat chekkan odamlargina niyatiga yeta olishadi.

YaNGLISh FIKRLAR
Nyu-York shahridagi Lyukseri institutida o‘tkazilgan bir tadqiqotda odamlarning boylik va boylar haqida yanglish fikrlashi mushohada qilindi.

Boylar pulni oson topishadi va xarjlashadi. Tadqiqotda esa ko‘pchilik boylarning oddiy odamlardan bir necha barobar ko‘p ter to‘kishi, asabiy va mushkul vaziyatlar bilan yuzma-yuz kelishi ko‘rsatildi.

Mol-davlat to‘plash uchun muhitning ahamiyati katta. Agar shu mantiqdan kelib chiqadigan bo‘lsak, ma’lum shahar aholisining 100 foizi badavlat, boshqa bir shahar yoki qishloqda umuman boy odam bo‘lmasdi.

Boylar xasis bo‘ladi... Boylik aslo xasislikning natijasi emas. Aksincha, ko‘pgina “tejamkor” insonlar nochor ahvolda hayot kechiradilar.

Agar omad qozonish, boylikka erishish formulasini, amalda tatbiq etgan kishilarning ish olib borish jarayoniga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bu narsa bir necha amallardan iboratligini ko‘ramiz. Rioya qilish lozim bo‘lgan muntazam harakatlarsiz hech qanday ijobiy natijaga erishib bo‘lmaydi.

OMADGA ERIShISh KALITI: — “Karvon yo‘lda tuzilmaydi...”

Biror muvaffaqiyatga erishishni o‘z oldiga maqsad qilgan har bir odamdan “Karvon yo‘lda tuziladi” deb emas, oldindan aniq reja bo‘lishi talab etiladi. Xo‘sh, rejani qanday tuzamiz?

Qancha pulga ega bo‘lmoqchisiz? Avval miqdorini aniqlang. Ko‘p, deb aytish ketmaydi. Aniq maqsad qo‘yib, orzularingizni amalga oshirish uchun qancha pul kerakligini bilishingiz lozim.

Bu pulni topish uchun nima qila olasiz? Xayolingizga kelgan va qo‘lingizdan keladigan barcha yo‘llarni yozib chiqing, hatto arzimagan pul topish mumkin bo‘lgan sohani ham qoldirmang. Agar “hozirgi ishimda ikki dunyoda ham keragidan ortiq pul topolmayman” desangiz, qo‘shimcha ish toping, boy bo‘lish osonmas, axir.

Ko‘zlangan pulga qachon erishasiz? Bir, uch, besh yildami... yoki keyin. Xullas, aniq bir kunni belgilab olishingiz kerak. Masalan, “2018 yil, 10 iyul”.

Agar shu pulni qo‘lga kiritsangiz, qaysi orzuingizni ro‘yobga chiqarardingiz? Orzu nima bo‘lishidan qat’i nazar, to‘liq tafsilotini ham yozing. Masalan, “Lasetti” avtomobilini sotib olaman.”

Har kuni ertalab va kechqurun ushbu rejalarni ovoz chiqarib o‘qing. O‘qish jarayonida bu pullar allaqachon meniki, deb tasavvur qiling, o‘zingizni ishontiring. Ushbu rejaga kamida bir oy amal qiling, agar faoliyatingizda zarracha o‘zgarish bo‘lmasa, mayli kelgan joyidan to‘xtating.

BOYLIK FORMULASI

Yuqorida aytilganlardan tashqari, siz amal qilishingiz lozim bo‘lgan yana bir nechta oltin qoidalar ham borki, ularni yoddan chiqarmang.

Xohish-istak. Istak har qanday mag‘lubiyatni g‘alabaga aylantira oladi. Hayotdan ko‘p narsa tilasangiz, u sizga shuncha ko‘p ato etadi. Tog‘dek so‘rasang, hech bo‘lmasa, tepadek olasan, deyishadi-ku.

Ishonch. Boshqariladigan ishonch har qanday fikrni zo‘riqishdan titrashga majbur qiladi. O‘z-o‘zini ishontirish orqali har qanday fikr asab tizimiga suqilib kiradi va unga ta’sir qiladi. Ong sizni shu zahoti reja bilan taqdirlaydi. Endi esa zudlik bilan ishga kirishing!

Tasavvur. Bu aslida shunday ustaxonaki, unda rejalar toblanadi, istaklar amalga oshadi, ichki turtki, ishtiyoq va har qanday ishni qilishga bo‘lgan zavq-shavq shakllanadi va ongimizning tasavvur bilan bog‘liq harakati ishga tushiriladi.

Qaror qilish. Ish qanchalik katta bo‘lsa, uning oldida ikkilanish va uzil-kesil qaror qabul qilmaslik shu darajada katta xavfdir. Axir, qat’iyatsizlik — omadsizlikning eng birinchi sababi.

Maqsadni belgilash. O‘zingizga kunlik, haftalik, oylik va yillik maqsadlar belgilang va shunga ko‘ra harakat qiling. Siz orzu qilgan muvafaqqiyat turli to‘siqlarga uchramasligi uchun qo‘lingiz va ko‘zingiz yetadigan manzillarni ko‘zlashingiz kerak. Bu yo‘lni esa chidaganga chiqargan.

FAKT
Tomas Edison elektr lampochkasi haqida orzu qilgan edi. U o‘zining buyuk orzusini amalga oshirish uchun ishga kirishdi. O‘n ikki ming marta mag‘lubiyatga uchrasa-da, ko‘zlaganidan qaytmadi va bu orzu ruyobga chiqmaguncha sira tinim bilmadi. Nihoyat u orzusiga yetdi va lampochka ixtiro qilindi.

SO‘NGGI SO‘Z
Omadga erishish uchun har doim ham sarmoya emas, ijodkorlik, jasorat va tasavvur kerak. Dunyoni o‘zgartirgan Ford, Microsoft, Google, Facebook kabi kompaniyalar ham bir kunning o‘zida maydonga chiqqani yo‘q. Buning orqasida yillar davomida qilingan mashaqqatli mehnat va to‘kilgan terlar bor.

Yana bir muhim gap. Boy bilan o‘rta hol inson orasidagi yagona farq ularning pul haqida o‘ylashida namoyon bo‘ladi. Agar chindan ham milliarder bo‘lishni istasangiz, o‘rganishingiz kerak bo‘lgan birinchi ish — boylardek o‘ylashni boshlang. Shunda hech bo‘lmasa, millioner bo‘la olasiz.

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Boy bo‘lishni istaganlar uchun...