07:15 / 22.12.2017
6 749

Buyuk daholarni nima birlashtiradi?

Buyuk daholarni nima birlashtiradi?
Daholik faqat o‘tkir aql salohiyati bilan emas, balki ijodkorlik — har qanday vazifani hal qilishda tassavvurni ishga solish xususiyati bilan ham belgilanadi. Time buyuk daholarni nimalar birlashtirishiga doir maqolasi bilan bo‘lishdi.

Nostandart fikrlash

Benjamin Franklinni olaylik. U maktab ta’limini olmay, mustaqil ravishda o‘qib-o‘rganib, ulug‘ ixtirochi, diplomat, olim, yozuvchi va siyosiy arbob bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Franklin chaqmoq elektrik tabiatga ega ekani va uni tiyish usulini kashf qildi. U okean oqimlari haroratini o‘lchadi va Golfstrim xaritasini birinchi bo‘lib aniq tuzgan inson bo‘ldi.

Albert Eynshteynning taqdiri ham shunga o‘xshash. U bolaligida kech gapira boshlagan. Eynshteyn o‘sha davrning ta’lim tizimiga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lgani bois yomon o‘qigan.

U hamma narsaga shubha bilan qarardi va olayotgan barcha bilimlari ustida qayta bosh qotirardi, bu esa o‘sha davr klassik ta’lim oluvchilarining xayoliga ham kelmagan.

Nutq ko‘nikmalarining sekin rivojlanishi esa unga kundalik hodisalarni diqqat bilan kuzatish imkoniyatini berdi.

Yoki Stiv Jobsni eslang. U ham Eynshteyn kabi go‘zallikning muhim ahamiyatga ega ekaniga ishonardi. U san’at turlari, aniq va gumanitar ilmlar bir-biri bilan bog‘liq bo‘lishi kerak, deb hisoblagan. Ma’lumki, Jobs o‘qishni tashlab, kalligrafiya va raqsga qatnay boshlagan, keyinroq esa ma’naviy ozuqa izlab Hindistonga yo‘l olgan.

Qiziquvchanlik

Leonardo da Vinchini eng yetuk daho deb atash mumkin bo‘lsa kerak. U ham musavvir, ham olim kabi fikrlagan va shu tufayli nazariy tushunchalarni tasavvur qilishi mumkin edi. Da Vinchining so‘zlariga ko‘ra, u tajriba va malaka tarafdori bo‘lgan. Uning eng ilhombaxsh xususiyati qiziquvchanlik bo‘lgan.

Undan keyin qolgan kundalikning minglab varaqlari uni qiziqtirgan savollarga to‘la. Masalan, u odamlar nima uchun esnashi, qanday qilib aylana maydoniga teng kvadratni qurish, aorta klapanining yopilishiga nima majbur qilishi, inson ko‘zlari yorug‘likni qanday qabul qilishi va bu qanday qilib tasviriy san’atda kerak bo‘lishi mumkinligini bilishga qiziqqan. U sigir platsentasi, timsoh jag‘i, inson yuzidagi mushaklar va oy yorug‘ligini o‘rganishga qaror qilgan.

Da Vinchi hamma narsani bilishga qiziqqan, shu jumladan kosmos va bizning undagi o‘rnimiz haqida ham.

Uning qiziqishlari ko‘pincha odamlar odatda bolaligida o‘ylaydigan narsalarga yo‘naltirilgan bo‘lgan (masalan, nima uchun osmon moviy rangda ekani).

Ba’zi odamlarni muayyan sohada daho deb hisoblash mumkin, masalan Leonard Eyler - matematikada, Motsart - musiqada. Da Vinchining iste’dod va qiziqishlari esa serqirra bo‘lgan. U mushaklar tuzilmasini o‘rganib, so‘ng dunyodagi eng mashhur tabassumni tasvirlagan.

Da Vinchi shunchaki aqlli bo‘lgani uchungina daho bo‘lmagan. Eng muhimi, u universal aql namunasi, qiziquvchanligi chegara bilmas inson bo‘lgan.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Buyuk daholarni nima birlashtiradi?