22:36 / 10.01.2018
7 717

Munajjimlar bashorati: 11 yanvar kuni yulduzlar sizga nimalarni va’da qilmoqda?

Munajjimlar bashorati: 11 yanvar kuni yulduzlar sizga nimalarni va’da qilmoqda?
QO‘Y (21. 03 — 20. 04)

Bugun ertalabdanoq kayfiyatingizda jiddiy o‘zgarish yuz berishi mumkin. Siz negadir mayda-chuyda ishlardan charchagan kabi yirik loyihalarga intila boshlaysiz. Ammo buning uchun nafaqat tug‘ma iste’dod, balki katta tajriba kerak bo‘ladi. Shundagina siz yirik loyihalarni uddalab, yuqori lavozimlarga erisha olasiz. Ommaviy tadbirlar, tantanalardan nari bo‘ling. Bu sizni ruhan charchatishi mumkin.

BUZOQ (21. 04 — 21. 05)

11 yanvar kuni aqliy mehnat kishilariga ko‘proq omad kulib boqishi kutilmoqda. Siz ko‘p ishlab kam dam olsangiz-da, bugun har bir bajargan ishingiz sizga mo‘may daromad hadya etadi va oldinga intilishingizda asqotadi. Ba’zilar kun davomida xorijga xizmat safari bilan jo‘nab ketishi ham ehtimoldan xoli emas. Muhim hujjatlarni imzolashda, uy oldi-sotdisida sergak turing. Kechqurun vaqtingizni ro‘zg‘ordagi muammolarni bartaraf etishga bag‘ishlang.

EGIZAKLAR (22. 05 — 21. 06)

11 yanvarda qarzlaringiz bo‘lsa, uzib qo‘yishingiz, bankdan kredit olgan bo‘lsangiz, hujjat ishlarini tartibga keltirishingiz talab etiladi. Bundan tashqari, kelgusi oy uchun xomaki rejalar tuzib qo‘ysangiz ham foydadan xoli bo‘lmaydi. Bugun yangi tanishuvlar sizga faqat ziyon yetkazadi. Juftingiz bilan munosabatlarni yanada mustahkamlash payida bo‘ling. Kechqurun ovqatlanish rejimiga amal qilgan holda ish tuting. Zararli odatlarni tashlash uchun bugundan yaxshisini topa olmaysiz.

QISQIChBAQA (22. 06 — 23. 07)

Ishxonangizda sizga omad kulib boqadi. Hatto, hamkasblarning olqishlariga ham sazovor bo‘lishingiz mumkin. Bularning barchasi ishdagi tajribangiz va iste’dodingiz tufayli ekanini unutmang. Qarindoshlar bilan munosabatlarda ehtiyot bo‘ling. Orangizdan «qora mushuk» o‘tish ehtimoli bor. Bugungi kun yangi ish boshlash, tadqiqotlar, ilmiy izlanishlar uchun juda unumli kechadi. Salomatligingizni kun mobaynida nazorat qilib charchamang. O‘zingizni ehtiyot qiling.

ARSLON (24. 07 — 23. 08)

11 yanvarda global loyiha ustida ish boshlashingiz kutilmoqda. Albatta, bu ilmiy sohada ter to‘kuvchilarga taalluqli. Organizmni toblash, salomatlikni mustahkamlashga qaratilgan muolajalar olish uchun bugungi kun xayrli va muvaffaqiyatli kechadi. Yelvizakda qolib ketishdan saqlaning. Qish havosining avzoyiga qarab kiyining. Kunning ikkinchi yarmida sizni yangi tanishuv kutadi. Kechqurun uyingizga kutilmagan mehmonlar tashrif buyurishi mumkin. Spirtli ichimliklar iste’molidan saqlaning, baraka topasiz.

PARIZOD (24. 08 — 23. 09)

Boshlangan ishlar baroridan kelishini xohlasangiz, tajribaga suyaning. Sizdagi tajriba buning uchun yetarli. Moliyaviy muammolar ham sizning foydangizga ijobiy hal bo‘ladi. Oilasizlarga maslahat shuki, o‘zingiz suygan insonga qalbingizni ochishga uyalmang va ikkilanmang. Agar atrofdagilar bunga qarshi bo‘lsalar-da, quloq tutmang. Oilalilar esa bugun kechqurun vaqtini farzandlarga va yaqinlariga bag‘ishlashlari shart. Surunkali xastalikka yo‘liqqanlar salomatligini jiddiy nazorat ostiga olishlari zarur bo‘ladi.

TAROZI (24. 09 — 23. 10)

11 yanvar kuni sizga yaqinlaringizning ma’naviy ko‘magi juda kerak bo‘ladi. Hatto, olis safarga chiqsangiz ham baribir qo‘ng‘iroqlashib, maslahatlar oling. Bu faqat foyda beradi. To‘y, nikohdan o‘tish va tantanali tadbirlarni boshqa kunga qoldiring. Shaxsiy hayotingizni tiyraklik bilan tahlil qiling va aql bilan ish tuting. Kechqurun yolg‘iz qoling. Kelajak rejalarni tuzish bilan band bo‘ling.

ChAYoN (24. 10 — 22. 11)

Oy avvalida olisga safar qilishni rejalashtirgandingiz. Mana, bugun shu rejangiz amalga oshadigan bo‘lib turibdi. Agar o‘zingizga ishonch hissi kuchli bo‘lmasa, yuqori lavozimli shaxslar bilan hech qanday mavzuda kelishuvlar tashkil etib ovora bo‘lmang. Kunning ikkinchi yarmida hatto eng tajribali hamkasblar ham sizning fikringiz bilan hisoblasha boshlashadi. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ba’zi hamkasblar hasad o‘tida yonib, sizning ishdan bo‘shashingizni orzulashni ham unutishmaydi.

O‘QOTAR (23. 11 — 21. 12)

11 yanvarda har bir ishga nisbatan o‘z shaxsiy fikringizga ega bo‘lasiz. Birovlardan maslahat olishingiz ham shart emas. To‘g‘ri, bu pozitsiyangiz juda yaxshi. Lekin xavfli. Martabangiz oshishida asqotadigan yuqori lavozim egalari bilan janjallashib qolishingiz mumkin. Qarzingiz bo‘lsa, egalariga qaytaring, bankdan bugun kredit olmang, yengil daromad ortidan quvmang. Muhabbatda o‘ylamay qo‘yilgan bir qadam ham sizni boshi berk ko‘chada qoldirishi muqarrar.

TOG‘ EChKISI (22. 12 — 20. 01)

Ertalabdan o‘z kayfiyatingizni o‘zingiz ko‘tarish payida bo‘ling. Arzimas quvonchdan ham kattarog‘ini yaratishga harakat qiling. Bu dunyoda o‘zingiz haqingizda o‘zingiz qayg‘urmasangiz, hech kim qayg‘urmaydi. Yirik loyihalar bo‘lsa, ularni boshqa kun uchun qoldiring. Yangi ishlar boshlash uchun kuch to‘plang. Qarindoshlardan biri bilan orangizda jiddiy muloqot bo‘lib o‘tishi kutiladi. Kechqurun sevimli xobbingiz bilan shug‘ullanib, shu bahonada dam oling.

QOVG‘A (21. 01 — 19. 02)

11 yanvar kuni shaxsiy masalalarda faol bo‘lishingiz kutilmoqda. Kam asabiylashsangiz, prinsiplardan kechib, umum fikriga quloq tutsangiz, har jabhada g‘alaba sizniki bo‘ladi. Basharti biror yeringiz og‘riy boshlaganini sezsangiz, beparvo bo‘lmang, albatta vrach ko‘rigiga choping. Ishxonangizda omad siz tomonda bo‘ladi. Inshoolloh yaqin orada obro‘yingizga obro‘, lavozimingizga lavozim qo‘shiladi, ishoning.

BALIQ (20. 02 — 20. 03)

Kuningiz yengil, quyoshli bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun muammolarga qarshi o‘zingiz kurashing. Ishlaringiz o‘ngidan kelmasa, asabiylashmang. Chunki dunyo mo‘’jizalarga to‘la. Ular kun davomida sizni ham chetlab o‘tmaydi. Moliyaviy muammolar xamirdan qil sug‘urgan kabi oson hal bo‘ladi. Ishxonangizda bajargan ishlaringiz uchun mo‘may mukofot olasiz. Sport bilan shug‘ullanish va zararli odatlardan voz kechish uchun bugun qulay imkoniyatlar tug‘iladi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Munajjimlar bashorati: 11 yanvar kuni yulduzlar sizga nimalarni va’da qilmoqda?