12:44 / 25.01.2018
14 595

To otang rozi emas tovbang qabul bo‘lmas seni...

To otang rozi emas tovbang qabul bo‘lmas seni...
Yoshlarning fe’l-atvoridagi qusurlar, yengil hayotga o‘chlik, oqibatsizliklar haqida gap ketsa, darrovgina, “hamma gap tarbiya-da, hozirgi ota-onalar tarbiyaga befarq bo‘lib qolgan”, deb qo‘ya qolamiz. Qaysidir ma’noda bu fikr ham to‘g‘ridir. Ammo, bu keskin mushohada bir tomonlama qarash emasmikin? Mahallamizda yoshi ulug‘ otaxon yashardi. Keksayib, ilkidan quvvat ketgunlaricha usta-duradgorlik qilib, elning koriga yaradilar. To‘rt o‘g‘il, besh qizni voyaga yetkazib uyli-joyli qildilar. Ammo...

Gap shundaki, ota qazosidan avval biroz muddat bemor bo‘lib yotdilar. Boshlari yostiqqa tegib, bir qoshiq ovqat, bir qultum suvga muhtoj bo‘lganlarida farzandlarning hech biri jonga oro kirmadi. Qizlar birovning hasmi, turmush o‘rtog‘i, qaynona-qaynotasining izmidan o‘tolmaydi, desak, o‘g‘illarga-chi, o‘g‘illarga nima bo‘lgan?! Achchiq va ochiq savolga elning o‘zi javob topdi: “Xudodan qaytdi ustaga!-dedi odamlar,- U ham bir paytlar xotinining izmidan chiqolmay, munkillab qolgan otasining koriga yaramagan ekan. Bir kun kelib uning o‘g‘illari ham shu ko‘rgulikka giriftor bo‘ladi!” Ana shunaqa, xalqning gapi haq, haqniki achchiq bo‘larkan.

Har bir o‘g‘il-qizning ota-onasi oldidagi qarzi, farzandlik burchi-ku, yuqoridagi xizmatlar. Nega o‘tkinchi dunyo vasvasalaridan oshinib, bizni bor qilgan, yaxshi yashab, eldan kam bo‘lmasligimizni istab, rohatidan kechgan azizlarimizning mehnatini, haqini ado etish biz gumroh bolalarga malol keladi?!

Bir paytlari obro‘li amaldorlardan bo‘lgan otaxon o‘zi yashab turgan uyini qo‘shnisiga xatlab bergani haqida eshitib hayratim oshdi:

— Otaning o‘g‘il-qizlari, nevaralari bor edi, shekilli?- suhbatdoshimga tikildim.

— Ha, ikki o‘g‘il, bir qizlari bor. O‘g‘illari e’tiborli kishilar, ko‘pchilikning davrasida yuradi. Qizlariyam o‘qituvchi. Tuman markazida istiqomat qiladi. Sakkiz nevaralari bor.

— Unda nimaga uylarini qo‘shnilariga...- chaynalaman…

— E so‘ramang,- suhbatdoshim afsuslangannamo qo‘l siltaydi. — Ayoli vafot etgach, ota xor bo‘ldi. Avvaliga qizi kelib, kir-chiri, osh-ovqatiga qarab yurdi, lekin uning ham ro‘zg‘ori, bola-chaqasi bor. Uyi ota hovlisidan ancha olisda bo‘lsa. O‘g‘illar ertadan kechgacha ishda, kelinlar bir piyola issiq choy tutib qaynotani yo‘qlamaydi. Otaxonni qo‘ni-qo‘shni, savobtalab insonlar yoshi o‘tinqirab qolgan bir ayolga uylalab qo‘yishdi. Bolalari, to‘g‘rirog‘i o‘g‘illari bilan kelinlar o‘sha kamning ham boshiga ko‘p ko‘rguliklarni soldi. Oxiri ota, “mening tinchligimni buzadigan sizlarday farzandim yo‘q. Endi ostona hatlab uyimga qadam bosmanglar. O‘lsam o‘ligim ko‘chada qolmas”, deb, o‘g‘illaridan qattiq ranjibdilar. Qarichilik, kasal bo‘lib yotib qolganlarida, farzandlari birrov kirib xabar olmabdi ham. Bola o‘z otasidan ham xafa bo‘larkanmi?! Ikki kun shu alfozda yotib kasallari og‘irlashib qolganidan xabar topgan qo‘shnilari darhol otaxonni kasalxonaga yotqizibdi. Tuzalib oyoqqa turganlaricha, er-xotin ikkalovlari otadan boxabar bo‘lib turishibdi. Eng achinarlisi, otalari yigirma kun kasalxonada yotganu o‘g‘illar bir marotaba ham hol so‘rab yo‘qlashmagan. Kasalxonadan uyga qaytgan otaxon qo‘shnilarini chaqirib, o‘zlari yashab turgan hovlilarini butunlay ularga xatlab beribdilar. Hozir ham o‘sha qo‘shnilari chol-kampirning issiq-sovug‘idan xabardor bo‘lib turishadi. Farzand deymiz, bola deymiz, och qolmasin, yupun yurmasin, tovoniga nish kirmasin, ozor topmasin deymiz, oxiri ulardan olgan mukofotimiz shu bo‘larkan-da...

Yuragimning tub-tubida dard simillaydi. Bolalarining oqibatsizligini tarbiyaga to‘nkayveramiz, axir eng yovuz kimsalar ham bolasiga “mehrsiz, oqibatsiz, toshbag‘r bo‘l” demaydi-ku...

Mayli, Xudo xayrini bersin FARZANDLARIMIZni. Omon bo‘lishsin. Orqamizda qolishsin.

Ey ko‘zimning sha’miyu ham nuri diydam ravshani,
Odamiy imonga yetmay hech vaqt bo‘lmas g‘ani.
Mardumozori qilib, bo‘lma Xudoning dushmani,
Osmonga yetsa boshing qilmagil moumani,
To otang rozi emas tavbang qabul bo‘lmas sani...

deydilar Boborahim Mashrab hazratlari. Ota-onangiz hayot bo‘lsalar, huzurlariga choping, dunyo va oxirat roziligini istab xoki poylarini ko‘zingizga surting. Bugungi kamolingiz, el-yurt orasida savlat to‘kib yurganingiz ularning zahmatlari evaziga kelganini inkor etolmaysiz, zamondosh...
Umida ADIZOVA

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » To otang rozi emas tovbang qabul bo‘lmas seni...