09:03 / 27.01.2018
5 976

“Sizni ko‘rsam, jinim qo‘ziydi…”

“Sizni ko‘rsam, jinim qo‘ziydi…”
To‘g‘ri, ular sevishib, Layli-Majnun bo‘lib turmush qurishmadi. Aslida qizning boshqa bir yigitga moyilligi bor edi. Yigit ham unga ko‘ngil qo‘ygandek tuyular edi. Lekin uning oilasi bu qizni kelin qilishni istamadi. Yigit ham ortiqcha qarshilik qilmay, ota-onasining tanloviga ko‘ndi. Qiz (Keling, uning ismini Gulnoza deya qolaylik) alam ustida birinchi kelgan sovchilarga “xo‘p” deb yubordi. Sherzod (Gulnozaning erini shunday atashar edi) ham rafiqasiga o‘z ota-onasining tanlovi bilan uylangan edi. Chunki u tabiatan qizlar bilan ko‘p sirlashib, sinashmagan, “Men qiz tanlashda xato qilib qo‘yishim mumkin”, deb uylanish borasidagi erku ixtiyorini oila boshliqlariga bergan yigit edi.

Turmushlarining avvalida bir-birlarini tushunadigandek, yaxshi yashab ketishadigandek edi. Hatto ota-ona ularni bir qizchalik bo‘lishgach, bo‘lak qilib qo‘yishdi. Hamma mojaro shundan keyin boshlandi. Sherzod ota-onasiga ham qarashar, chunki uylanadigan ukasi, uzatiladigan singlisi bor edi. Gulnozaga esa erining hadeb “otam, onam” deyaverishi yoqmas, u Sherzodning qiyofasida o‘zini tashlab ketgan sobiq yigitini ko‘ra boshladi. Va huda-behudaga janjal qo‘ziydigan odat chiqardi. Yengil-yelpi ovqat qilib, o‘zi tamaddi qilib olar, eri kelsa, qozon suvda bo‘lar… Goh: “Hayit, bayramda qimmatbaho sovg‘a qilmaysan…” deb, goh: “Falonchiga o‘xshab sayru sayohatlarga chiqarmaysan”, deya xarxasha qilardi. Qaysi erkakka bunaqa hayot yoqadi? Sherzod uydan bezib qoldi. Xotinining: “Sizni ko‘rsam, jinim qo‘ziydi”, degan gapi oxirgi tomchi bo‘ldi. Sherzod ishxonasidagi bir ayolga ilakishdi. Ayol beva, badavlat edi. Uning uyiga kirgan o‘g‘rilar xonadon sohibasiga qo‘shib, Sherzodni ham bir yoqli qilib ketishdi…

Uy, ota-onasi ikki yoshning baxti, osoyishtaligiga panoh qilib berilgan uy ularni asrab turardi. Gulnozaning nodonligi bilan uydan chetlatilgan Sherzod panohsiz qoldi… Birovning uyi uni himoya qila olmadi…
Qutlibeka RAHIMBOYeVA.

Manba: tasvir.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Sizni ko‘rsam, jinim qo‘ziydi…”