00:10 / 31.01.2018
17 580

"Ikkinchi xotin bo‘lish og‘riqli..."

"Иккинчи хотин бўлиш оғриқли..."
“Qayerdasan, eshikni och. Taqillatib turibman eshitmayapsanmi?” Smsni o‘qidim, darhol ko‘z yoshlarimni artdim. Shosha-pisha yuz-ko‘zlarimni oynaga soldim. Eshikni ochdim-u, bir chekkada gunohkorona boshimni egib turaverdim.

– Sen bir kuni shu yuz martalab qo‘ng‘iroq qilishing-u, smslar yomg‘irini yog‘dirishing bilan meni go‘rga tiqasan, – deya Botir aka eshikni yopdi. – Tushunsang-chi, axir, har doim sening oldingda bo‘la olmayman. Buni yaxshi bilib turib, yana o‘zing janjal ko‘tarasan-a?

– Axir kelmagangizga ham 21 kun bo‘ldi. Qo‘ng‘iroq ham qilmaysiz. Sizdan xavotir oldim! – dedim-u, ichimdagi ohlarimni to‘kib sochish o‘rniga yana gunohkorona qarash bilan sukut saqlab turdim. Aslida mana shu 21 kun men uchun azobli o‘tgan edi. Shu paytgacha bir marotaba ham qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol so‘ramaganidan jig‘ibiyronim chiqqan. Agar oldimga kelgan taqdirida ham achchiq va haqoratli so‘zlar bilan siylab, unga bir dunyo shartlarni qo‘yishga ahd qilgan edim. Lekin g‘amga to‘la dardli ko‘zlari meni yana shaytondek ahdimdan qaytardi. Hatto unga achina boshladim. Har doim shu ahvol. Telefon orqali yoki yozib yuborgan xabarlardagina men qo‘rqmas urg‘ochi bo‘riga aylanaman. U oldimga kelgach esa mushuk panjasida qolgan sichqondek pitirlayman. Avvaliga, urishadi. Men ham dardlarimni goh-gohida bildiraman. Lekin uning oilaviy ahvoli, boshidagi tashvishlarni so‘zlab berganidan so‘ng achinganim yetmagandek, bir necha kun uning muamolarini o‘ylab, siqilib yuraman.
******
U hayotimda uchragan kundan buyon halovatimni, o‘zimni unitganman. Nega taqdir menga uni ro‘baro‘ qildi? Nima sababdan ishqim, mehrli ko‘zlarim unga tushdi? Axir muhabbatimizni hech kas tushunmasa... Mayli u erkak, lekin men-chi? Rafiqasi, ota-onasi, aka-opalari men haqimda qanday o‘y-xayollarda ekan! “Oilali erkakka ilakishib qolgan ayol...” deb tasavvur qilishardi-da. Yana nima deb ham baho berishsin deng. U ham o‘z kelinimdek Botirjonimni jonidanda ortiq ko‘radigan, baxtini o‘g‘limda ko‘rib, unga dunyoyu-dunini topshirgan qiz, deb ota-onasi ikkinchi kelin sifatida qabul qilarmikan? Yoki farzandining oilasini buzganlikda ayblanib, yomonotliqqa chiqarmikan? Yo‘q-yo‘q, o‘z otamni qanday hurmat qilib, yaxshi ko‘rsam ularni ham undan kam ko‘rmayman. Pinhona, sirtdan taniyman. Hali biror marotaba ham ularni uzoqdan bo‘lsa-da, ko‘rganim yo‘q. Ammo kasalxonada yotishganida issiq sho‘rvalarni qilib Botirjon aka bilan uzatib yuboraradim. Bozorlik qilib, xush ko‘rgan qishloq mevalaridan atay ular uchun jo‘natradim.

Dazmollanmagan, g‘ijim ust-bosh, kir paypoq bilan uydan chiqib ketgan turmush o‘rtog‘ingiz kechga yaqin shahzodalardek uyga kirib kelganida, mening mehrim, sevgim siznikidan ziyodayu, lekin kam emasligini sezmagan bo‘lsangiz kundosh? Botirjon akadagi o‘zgarishlarni ko‘rib, sevgimizni tan olmasangiz. Nahot siz ham boshqalardek meni buzuqlikda ayblab, haqiqatga ko‘z yumsangiz? Axir sizni kundosh emas o‘z opam, dugonamdek ko‘rganman. Yo‘qsa, necha bor qo‘ng‘iroq qilib qo‘rsliklar qilganingizda sanu-manga borardim. Balki uyingizga borib soch talash qilardik. Biroq men, hatto qayerda turishlaringizni ham bilmayman. So‘ramaganman izlab ham o‘tirmadim. Mana o‘rtamizdagi munosabatlarga 5 yil bo‘libtiki, hanuzgacha biror marotaba Botir akaning ishxonalariga ham bormaganman. Faqat onda-sonda qo‘ng‘iroq qilib turaman. Siz hammaga meni yomon so‘zlar bilan tasvirlab beribsiz. Aytishingizcha, ular sizni juda yaxshi ko‘rishar ekan. Qaynanamiz sizni jonidan aziz ko‘rar emish. Meni esa ular qachon bo‘lsa ham topib, qilgan ishlarim uchun sud qilar ekan. Ularning yo‘llariga ko‘z yoshim bilan suv sepib, sochlarim bilan supirib, 5 yildan buyon kutaman. Ularga aytadiganlarim juda-juda ko‘p. Sizga ham...
******
Yana bugun ham sog‘inchdan ko‘nglim behalovat. Qancha ogohlantirish olganimga qaramay yana sms yozyapman. Bu safar kelmadi. Alamlar battar avj oldi. Xo‘rligim kelib, shijoat bilan go‘shakni oldim. Darrov yod bo‘lgan raqamlarni terdim.
Men ortiq, bu tarzda yashashga o‘zimda kuch topolmayapman. Har kuni sizni qo‘ng‘iroq qilishingizni, sms yozishingizni va to‘satdan eshikdan kirib kelishngizni kutib intizor bo‘laman. Qachongacha, “Turmushga chiqdingizmi? Nechta farzandingiz bor?” degan savollarga rangib oqarib, nima deyishni bilmay jinnicha ertaklarni to‘qiyman. Har kuni goh internetdagi profilimga chaqaloqlarning rasmlarini, goh homilador bo‘lgan ayollarning rasmlarini qo‘yaman. Bu ishdan ham charchadim. Hammasidan charchadim. Ortiq kutgim yo‘q. Nimani kutay, sadoqatli rafiqangizni sizni yana tashlab ketishinimi yoki qachon olamdan o‘tishinimi? Ming alhazar, sizni deb uni ham yomon ko‘rib ketyapman.
– O‘zingni bos, yana boshlayapsanmi? Senga o‘zi nima qilsam yoqadi? Bu qilliqlaring meni ham charchatib qo‘yyapti.

Anchagina o‘shqirib, urishib berdi. Birozgina bosilib olganimizdan so‘ng yana suhbatni davom ettirdik.

– Axir, seni jonimdan ortiq ko‘rishimni bilasan-ku. Senga o‘zi nima bo‘lyapti Maftuna?! Oldin ham aytgandim. Ikki farzandim uchun yetib ortadigan mana shu hovlining qarzlaridan qutulay, ularni uyli joyli qilgach faqat sen bilan yashayman. Axir, farzandlarim va oilamga ham mas’uliyatsizlik qila olmayman, tushunsang-chi. Lekin seni ham tashlab qo‘yganim yo‘q-ku.

– Botir aka, men ham boshida ko‘nikaman. Hammasi yaxshi bo‘ladi, deb chidab yashab kelayotgan edim. Biroq ortiq sabr-bardoshim qolmadi. Axir men ham ayolman. Sizni sevishga haqqim bo‘lgani singari, birga yashab, baxtli bo‘lgim bor.
******
Mana besh yil bo‘libtiki, ota-onam bilan ham tuzuk gaplashganim yo‘q. Qishloqqa borsam, darrov shaharga qaytib kelgim keladi. U yerning ob-havosi meni bo‘g‘adi, tinchlik bermaydi. Odamlarning savol nazari bilan qarashidan o‘zimni to kaygacha olib qochaman bilmayman. Qishloqdagilar to‘y-maraka qilsa, bora olmayman. Chunki ular nuqul turmush o‘rtog‘im, farzandlarimni so‘raydi, kutadi. Men esa jondan suygan, umr yo‘ldosh sifatida tanlagan inson bilan ular oldiga bora olmayman.

Qaysi ayol bazmda o‘zining emas, boshqa birovdan olgan ijara ko‘ylagi bilan maqtana oladi. Yoki uni ko‘z-ko‘z qiladi. Siz tomon nigohlar qadalganida, guyo o‘sha “ijara ko‘ylak” muhokama qilinayotgandek tuyuladi. U libosni kiyganingizdan og‘rinasiz. O‘sha matoni qiymalab tashlagangiz keladi. Garchand sizning sevimli ko‘ylagingiz bo‘lsa-da, baribir o‘zingizniki emas. Endi jondan suygan turmush o‘rtog‘ingiz aslida boshqa ayolning xo‘jayiniyu, siz uning sevimli yori sifatida oldidasiz. Bitta ko‘ylakka qanchalar og‘rinasiz. Ikkinchi xotin deb murojaat qilishlariga esa metin bardosh ham birgina so‘zdan chil-chil bo‘lishi muqarrar. Aslida ayol erkak uchun ikkinchi o‘rinda turishining o‘zi og‘riqli.

Peshonamga mana shunday qismat bitilgan ekan undan qochib yoki voz kechib qayerga ham boraman. Hech kimni va hech narsani ayblamayman. Faqat o‘z-o‘zimni qarg‘ayman. Noshudligimdan xo‘rligim keladi. Hamma ikkinchi rafiqa sifatida emas, o‘ynash deb baho berishidan og‘rinib, siqilib yashayman. Qaniydi, o‘ynash bo‘lib, uning oilasini buzib, o‘zimniki qila olsam, deb ko‘z yosh to‘kaman. Lekin shu qadar hurmat qilganimdan mehrim daryoki, bu yo‘l bilan o‘zimni baxtli qilgim kelmaydi. Faqat uni kutaman, bo‘ladigan dilxiralikni unitaman. Axir, nasib qilgan bo‘lsa, qachondir birga, bir umrga yonimda qolar.
Maftuna tilidan HIDOYaT oqqa ko‘chirdi.

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » "Ikkinchi xotin bo‘lish og‘riqli..."