15:03 / 03.02.2018
5 371

Labirintdan chiqish yo‘li

Labirintdan chiqish yo‘li
Ustoz shogirdini tog‘ etagiga olib bordi. U yerda devorlari tik va baland labirint qurilgandi. Tomi bo‘lmaganidan yo‘laklarning ichiga quyosh nuri tushar, yop-yorug‘ edi. Usta shogirdini labirintga kiritib, chiqish yo‘lini topishni buyurdi. Shogird yo‘laklar orasida butun kun va tun bo‘yi adashib yurdi, borgan sari boshi berk yo‘llarga kirdi. Horib-charchab, madori qolmay, yiqildi va uyquga ketdi.

Kimdir yelkasidan turtayotganini sezib, ko‘zlarini ochdi. Tepasida ustozi turardi:

– Ortimdan yur, – deb buyurdi u.

Labirintdan chiqishgach, ustoz tog‘ tomon yo‘l boshladi. Cho‘qqiga ko‘tarilgach: “Pastga qara!” dedi. Ular turgan joydan labirint kaftdek namoyon edi.

– Bu yerdan turib chiqish yo‘lini topish oson-a?

– Albatta, – dedi shogird ustoziga javoban. – Diqqat bilan qaralsa bo‘lgani.

– Qani, chiqish yo‘lini top-da, esingda saqlab qol.

Tog‘dan tushishgach, shogird labirintga ishonch bilan qadam qo‘ydi va qiynalmay tezda chiqish yo‘lini topdi. Shundan so‘ng ustozi unga bunday nasihat qildi:

– Vaziyatdan qancha uzoqlashib, unga qanchalik tepadan qarasang, to‘g‘ri qaror qabul qilishing shunchalik oson bo‘ladi.
Orif Tolib tayyorladi.

Manba: irfon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Labirintdan chiqish yo‘li