13:15 / 08.02.2018
7 526

Ishdagi muvaffaqiyat hafta kuniga bog‘liq…mi?

Ishdagi muvaffaqiyat hafta kuniga bog‘liq…mi?
Ko‘pchiligimiz dushanbani og‘ir kun deymiz, shanba va yakshanba kunlarini esa dam olish kunlari hisoblaymiz va ish qilmaslikka harakat qilamiz. Lekin aslida ham shundaymi? Umuman, hafta kunlari ish jarayonimizga qay jihatdan ta’sir ko‘rsatadi? Bu borada ayrim psixologlar tomonidan taklif etilayotgan quyidagi tavsiyalar sizning ish kunlaringizni yanada unumli va samarali bo‘lishiga yordam berishi mumkin.

Dushanba. Yurak xurujlarining aksariyat qismi aynan dushanba kuni ro‘y beradi. Bunga sabab, dam olish kunlari biz hayot ritmimizni tubdan o‘zgartiramiz, keyin esa ish haftasi boshlanadi va biz dam olish kunlari esdan chiqargan ish kunini yana tiklashga harakat qilamiz. Shu bois, dam olish kunlarini ham haftaning boshqa kunlaridagi kabi o‘tkazishga harakat qilish kerak. Bu hordiq chiqarmaslikni bildirmaydi, albatta. Ya’ni, shanba kuni do‘stlar bilan tun yarimgacha maishat qilib, keyin yakshanba kuni tushgacha uxlash kerak emas. Yaxshisi bunday maishatni hafta o‘rtasiga belgilash kerak.

Seshanba. Uni “amalparastlar kuni” ham deyishadi. Agar boshlig‘ingiz bilan maoshingiz haqida gaplashishni anchadan beri o‘ylab yurgan bo‘lsangiz, buni bugun qiling. Seshanba kuni sizni eshitishlari uchun imkoniyati yuqori. Haqiqatan ham, yangi hayotni dushanba kunidan boshlash juda g‘alvali: burningizdan haliyam dam olish kunlarining nafasi ketmagan bo‘ladi. Seshanba esa, boshqa gap. Bu kuni jismoniy ko‘rsatkichlar o‘z cho‘qqisiga yetadi, yuragingiz yengillashadi, barcha ishlar esa o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi. Shuningdek, seshanba yaqin kishingiz bilan muhim masalalar xususida gaplashish yaxshi natija beradi.

Chorshanba. Amerikalik xronobiologlar chorshanbani “qiziqqonlar kuni” deyishadi. Statistikaga ko‘ra, aynan hafta o‘rtasida boshliqning stoli ustiga bo‘shash haqida juda ko‘p ariza kelib tusharkan. Bu asosan, dam olish kunlari me’yoriga kelgan ruhiy tetiklik o‘zining jonlantiruvchi kuchini yo‘qotishi, keyingi dam olish kunigacha esa, ancha vaqt borligi bilan izohlanadi. Bunday paytda ko‘pgina muammolar juda jiddiy bo‘lib ko‘rinadi. Bundan xulosa shuki: jiddiy gaplarni keyinga qoldiring va keyin afsus qilmaslik uchun taqdiringizni hal qiladigan qarorlar bilan shoshmang. Bu kuni, albatta, soat birga yaqin ko‘chani aylanib keling, yomg‘irli ob-havoda kulib chiqqan quyosh asablaringizga yaxshi ta’sir qiladi.

Payshanba. Payshanba kuni hafta birdaniga “tugay boshlaydi”. Bu kuni biz ishga nimalarni bajarishga ulgurmaganimiz haqida o‘ylab keladigan bo‘lamiz. Ko‘pgina asab xurujlari aynan shu kuni tutib qoladi. Bizni hatto juda yaqin qolgan dam olish kunlari haqida hayollar ham qutqarmaydi. Shu sababli payshanba kuni ertalabdan boshlab kayfiyatimiz ustida ishlashimiz kerak. Bunda bizga xushbo‘y moylar to‘plami yordam berishi mumkin.

Juma. Juma juda uzoq kun bo‘lib tuyulishi mumkin. Axir, oldinda haftaning eng kutilgan kuni kelyapti-ku! Statistikaga ko‘ra, juma kuni kechki soat sakkizdan shanba kuni soat uchgacha eng qaynoq sevgi izhorlari yangrab, aqlga sig‘maydigan sirlar fosh bo‘lar ekan. Bunga sabablar ko‘p. Birinchidan, alkogol. Ikkinchidan, juma kuni kechqurun ishxonasidan chiqqan har bir kishini “katta xavf”, ya’ni odamni mast qiladigan erkinlik hissi kutib turgan bo‘ladi. Besh kun davomida siz jamoa xodimi edingiz, endi esa siz – shaxssiz va odamlarga aytadigan gapingiz bor! Bu borada ruhshunoslar faqat bir, ammo oltinga teng maslahatni berishlari mumkin: agar ertalabdan katta xursandchilikni his qilayotgan bo‘lsangiz, albatta, sizni yaxshi ko‘ruvchi do‘stlaringiz, yaqinlaringiz bilan uchrashishga harakat qiling. Keyin… ichkilikka berilib ketmang.

Shanba. Uni “gastrit kuni” ham deyishadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, haftaning oltinchi kuni eng “to‘yimli” hisoblanadi, ya’ni bu kuni yeyiladigan ovqat miqdori birdaniga oshadi. Sababi, odam oilasi yoki do‘stlari bilan mehmonga borishi va u yerda odatdagidan ko‘proq ovqat yeyishi mumkin. Shanba kuni ko‘p ovqat yeyish bioritmlarning buzilishiga olib keladi.

Yakshanba. Hordiq chiqarish uchun ideal kun. Biz yaxshi ko‘radigan dam olish kuni (kinoteatrga borish, do‘kon aylanish, dugonalar bilan uchrashuv va hokazo) bioritmlar bo‘yicha mutaxassislar nuqtai nazaridan umuman noto‘g‘ridir. Ammo ertalabdan sport bilan shug‘ullanish, keyin fitobarda o‘tirish, so‘ngra esa istirohat bog‘ida aylanib, kitob o‘qish mutaxassislar nazarida to‘g‘ri hisoblanadi.
Iqboljon AHMADJONOV tayyorladi.

Manba: mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ishdagi muvaffaqiyat hafta kuniga bog‘liq…mi?