08:04 / 09.02.2018
4 913

Qobiliyat emas, munosabat yuksaklikni ko‘rsatadi

Qobiliyat emas, munosabat yuksaklikni ko‘rsatadi
Aysbergning suv yuzasiga chiqib turgan qismi bizga juda ulkan ko‘rinsa-da, aslida uning tasavvurimizga ham sig‘magan katta qismi suv qa’rida yashiringan. Biz uning o‘n foiz qisminigina ko‘ra olamiz, xolos. Aysbergning ayni shu jihatini insonlarga nisbatan mengzasa bo‘ladi.

Insondagi bilim, mahorat va xulq aysbergning ko‘rinib turgan qismi bo‘lsa, munosabat insondagi yashirinib yotgan qimmatli gavharidir. Aynan inson o‘zidagi ishonchni, motivatsiyani, bilimni munosabat orqali shakllantiradi. Inson muvaffaqiyatga erishishida bilim, qattiq ishlash, mahoratdan ham ko‘ra munosabatning o‘rni ko‘proq.

Munosabat turli xil bo‘lishi mumkin. Masalan, siz ba’zan biror ishni muhim bo‘lgani uchun majburlikdan, kimlardandir yordam so‘rab bo‘lsa ham bajarishga harakat qilasiz. Bu ham kamdek, siz uchun ma’lum muddat qo‘yilgan bo‘lsa, vaqt tig‘izligi ishingizning mendan ketguncha egasiga yetguncha qabilida bitishiga olib kelishi hech gap emas. Siz ishingizning bunday yakun topmasligi uchun, avvalo, har qanday holatda ham, unga nisbatan munosabatingizni o‘zgartirsangiz kifoya. Siz uchun mushkul bo‘lib tuyulgan ishlarning ham qanchalik tez va oson hal bo‘lib ketganiga o‘zi­ngiz ham hayron qolasiz.

Ijobiy munosabatning shakllanishida ijobiy qarashning o‘rni juda ahamiyatli. Ijobiy o‘y yuqori natijaning xamirturushidir.

Agar sizga biror bir narsa yoqmasa, hech ikkilanmasdan uni o‘zgartiring. Agar o‘zgartira olmasa­ngiz, unga nisbatan munosabatingizni o‘zgartiring. Shikoyat qilavermang. Katta o‘zgarishlardan biri bu inson hayotidagi munosabatning o‘zgarishidir. To‘g‘ri munosabat samarali harakatlar mahsulidir.

Agar chin dildan baxtli bo‘lishni xohlasa­ngiz, sizni hech kim to‘xtata olmaydi.

Idishdagi suvni to‘la yoki yarim holatda ko‘rish bu sizning unga qanday munosabat bilan qarashingizga bog‘liq. Ijobiy fikr egalari hech kim ko‘rolmaydigan narsalarni ko‘ra oladi, boshqalar tuymaydigan ba’zi hislarni o‘zida his qila oladi, erishib bo‘lmaydigandek tuyulgan yutuqlarga erisha oladi.

Muvaffaqiyatli inson bilan boshqalar o‘rtasidagi farq bilimning yetarli emasligida emas, balki xohish-istakning kamligida. Zero, insondagi qobiliyat emas, e’tibor uning yuksakligini belgilaydi.
Javhar TURSUNOVA

Manba: od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qobiliyat emas, munosabat yuksaklikni ko‘rsatadi