11:40 / 13.02.2018
12 160

Munajjimlar bashorati: Asad (23 iyul – 23 avgust) burji vakillarini 2018 yilda nimalar kutmoqda?

Munajjimlar bashorati: Asad (23 iyul – 23 avgust) burji vakillarini 2018 yilda nimalar kutmoqda?
Umumiy bashorat
Kelayotgan "It" yilida Asad burji ostida tug‘ilgan insonlar karera qilish va ko‘p daromad topishni o‘zlari uchun eng oliy maqsad deb biladi. Ular o‘zlarining tirishqoqligi bilan nafaqat ishda, balki shaxsiy munosabatlarda ham ko‘zlagan maqsadiga erishadi.

Bu burjda tug‘ilganlarning aksariyati juda ta’sirchan. Yangi yil "Asad"lar uchun muhabbat bobida biroz qiyin bo‘ladi. Yolg‘iz burch vakillari juft izlashda davom etishadi. Oila qurganlarni esa sinovli kunlar kutmoqda. Oilani saqlab qolishga bor kuchlari bilan harakat qilishlari lozim bo‘ladi.

Yil boshida ishda ham qiyinchiliklar bo‘ladi. Ozgina natijaga erishish uchun ham ko‘proq mehnat qilishga to‘g‘ri keladi. Sizga e’tibor qaratishlari va munosib baholashlari uchun xatti-harakatlaringizda sobit turing, o‘z fikringizda qat’iy bo‘ling. Shunda rahbariyat sizga yuqori lavozimlarni taklif qilishi mumkin.

Qishning sovuq kunlarida sog‘likka e’tiborli bo‘lish talab etiladi. Nevrologik kasalliklar xavf solishi mumkin. Mutaxassislar tezroq ta’tilga chiqishni, dam olishni oila davrasida o‘tkazishni tavsiya qilishmoqda.

Kuzda qimmatbaho xaridlarni amalga oshirishingiz mumkin. Sovg‘alar olishga ko‘p pul sarflashdan qo‘rqmang, ularning xarajati ortig‘i bilan qoplanadi.

Yangi yilga yaqin hayotingizni o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan uchrashuv kutmoqda. Munosabatlar tez orada oila qurishga olib boradi. Shuningdek, "Asad"lar biznes bobida ham omadga erishadi. Tadbirkorlar o‘z bizneslarini kengaytirishlari va katta daromad olishlari mumkin.

ShAXSIY XAYoT
Oilada "Asad"lar haqiqiy oila boshlig‘i bo‘la oladi. Ular uchun hammasi yuqori darajada, eng yaxshisi bo‘lishi kerak va buning uchun doim harakat qilishadi.

"Asad"larda ichki “men”i yuqori o‘rinda turadi. Shuning uchun birinchi yarim yilda ular o‘z kuchlarini romantik uchrashuvlar, abadiy muhabbat kabi hislar qidiruviga sarflamaydi. Ular bunga shunchaki erinadi. Yil davomida ularni sevishadi.

Yozning jaziramasida "Asad"larga romantik hissiyotlar shiddat bilan “bostirib” keladi va ular juftini izlashga otlanadi. Buning uddasidan chiqadi ham. Uzoq kutilgan uchrashuv amalga oshadi. "Asad"lar yangi munosabatga shu darajada beriladi-ki, u uchun ichki dunyosini o‘zgartirishga ham rozi bo‘ladi. Sevgan insonlari uchun “saroy hayoti”ni yaratib berishga ham tayyor bo‘ladi.

Ko‘ngilsizliklar ham bo‘lib turadi. Jufti ularga bee’tibor bo‘lib qoladi. Bunda asosiysi, jahl "oti­ga minmaslik" kerak, bo‘lmasa "Asad"lar muloyim quyondan yirtqich yo‘lbarsga aylanishlari mumkin.

SALOMATLIK
Qishning sovug‘i "Asad"­lar­ning salomatligiga ta’sir ko‘r­satmaydi. Aksincha, ularning organizmi kuch-quvvatga to‘ladi. Lekin baribir sog‘likka e’tiborli bo‘lishni maslahat beramiz. Ko‘p ishlash, uyqusiz tunlar jismoniy holatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, oshqozon-ichak bezovta qilishi mumkin. Uni o‘z vaqtida davolash kerak, aks holda, oshqozon yarasi kasalligiga olib kelishi ehtimoli bor. Buning oldini olish uchun to‘g‘ri ovqatlaning, ko‘proq ho‘l mevalar yeng, yangi siqilgan sharbatlardan iching.

KARERA
Asad burji ostida tug‘ilgan insonlar ruhan kuchli, g‘oyat ehtirosli, shaddod va o‘z hukmini o‘tkazadigan fe’l-atvorli bo‘ladi. Ular vaqti kelganda barcha javobgarlikni bo‘yniga olib, ishni tashkillashtirishlari mumkin. Faqatgina atrofidagi odamlardan unga bo‘ysunish, xizmatlarini tan olish talab etiladi, xolos. Shu xislatlari uchun ham "Asad"lardan yaxshi rahbar chiqadi. Tadbirkorlik bobida ham "Asad"lar muvaffaqiyatga erishadi. Chunki ular atrofiga ishchan, tashabbuskor, g‘ayratli kishilarni to‘play oladi. "Asad"lar biznesdan kelgan daromadining katta qismini qo‘l ostidagilar bilan ham mardlarcha bo‘lishishni biladi.

"Asad"larga boshliq bo‘lishdan ko‘ra, shuhrat ko‘proq yoqimli. Ular o‘z muvaffaqiyatlarining e’tirof etilishini astoydil istaydi, olqishlar, maqtovlarga chanqoq bo‘ladi. Bu bir tomondan ularning zaif jihati hamdir.

Jamoada "Asad"lar doim yetakchi, ziyofatboshi va tadbir tashkilotchisi rolini o‘ynaydi. Aynan ular bayramlarni tashkillashtirishni ko‘ngildagiday eplay oladilar.

Ushbu burj vakillarida "It" yilida hokimiyatga intilish ishtiyoqi pasayadi. Bahor so‘nggida ko‘pchilik "Asad"lar shaxsiy hayotiga e’tibor berishni, umuman, o‘zlarini qulay his etadigan ishlarni qilishni istashadi.

Tadbirkor "Asad"larni biznesda muvaffaqiyatlar kutmoqda. Ular o‘zlarining ajoyib g‘oyalarini hayotga tatbiq etishlari va bundan mo‘may daromad olishlari mumkin.

AYoL "ASAD"LAR UChUN
Ayol "Asad"lar ko‘pincha biror "xobbi"ga ega bo‘lishadi. Ular chiroyli, qimmatbaho, qadimiy buyumlarni yaxshi ko‘radi.

2018 yil ayol "Asad"lar uchun omadli keladi. Omad kasbiy sohada ham qo‘l keladi. Bilim va mahoratingiz rahbariyat tomonidan yuqori baholanadi, hatto rahbar lavozimlaridan biriga taklif qilinishingiz mumkin. Sizni xorijiy ish safarlari, yuqori maosh, yorqin taassurotlar, turli-tuman katta xaridlar kutmoqda.

Yil boshida bu burch vakillari samimiy hamroh izlashga urinadi. Ular jozibadorligi bilan buning uddasidan oson chiqadi. Tezda hamroh topib, kelajak uchun zamin yaratadi. Qisqacha aytganda, 2018 yil ayol "Asad"lar uchun juda sermahsul yil bo‘lishi va’da qilinmoqda.

ERKAK “ASAD”LAR UChUN
Astrologlar yil boshida erkak "Asad"larga rafiqasi bilan sayohatga chiqishni, shuningdek, yillar davomida sovigan munosabatlarni isitishni tavsiya qilishmoqda. Ish va biznesni bir chetga surib, qisqa muddatga bo‘lsa ham oilangizga vaqt ajrating. Agar farzandingiz bo‘lmasa, bu haqda ham jiddiy o‘ylab ko‘ring. Hozir ayni vaqti. Bo‘ydoq "Asad"lar esa tezroq juftlarini izlashni boshlashlari kerak.

Bundan tashqari, sog‘liqni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik tavsiya etiladi.

Yilning yarmiga kelib, "Asad"lar moddiy qiyinchilikka uchrashlari mumkin. Bu vaziyatda qattiq siqilmaslik, qiyinchiliklarni sabot bilan yengib o‘tish joiz bo‘ladi.

Manba: darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Munajjimlar bashorati: Asad (23 iyul – 23 avgust) burji vakillarini 2018 yilda nimalar kutmoqda?