13:20 / 14.02.2018
12 250

Boylik to‘plash va undan foydalanish haqida

Boylik to‘plash va undan foydalanish haqida
So‘nggi yillarda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan turli toifadagi mansabdorlarning har xil yo‘llar bilan to‘plagan boyliklari, mol-dunyolari miqdorini eshitib va o‘qib, oqil odam yoqa ushlaydigan, ko‘ksiga tuflaydigan bo‘lib qoldi. Mana shunday paytlarda miyangda savol ustiga savol tug‘ilaveradi, beixtiyor hisob-kitobga tushib ketasan: “Voajab, bir odamga milliardlab dollar va so‘mlar nima uchun kerak? U shuncha pulni qanday yo‘llar bilan topganiykin, axir maosh va mukofotlar hisobiga boyib ketgan kishi kamdan-kam topiladi-ku? Oddiy odamlar hisobicha, o‘sha odamning oyiga sakkiz-o‘n million so‘mdan xarajati bo‘lsa ham, dollarga chaqqanda yiliga o‘n ikki ming dollar bo‘larkan, ellik yilda olti million dollar pul ishlatarkan. Endi oila a’zolarining xarajatini qo‘shganimizda o‘n kishiniki oltmish million bo‘laqolsin. Holbuki, ertaning va bola-chaqaning rizqi haqida o‘ylash musulmon odamga to‘g‘ri kelmaydi, hammaning rizqini Parvardigor beradi, buni bandalar zimmasiga yuklamaydi. Unda milliardlab dollarni bosib yoki xorijiy banklarga topshirib qo‘ygan katta mansab egalari qolgan pullarini nimaga xarjlashadi? Ming mashaqqatlar, yolg‘onlar, zulmlar, aldovlar evaziga topgan mol-dunyolari, yurtda qurgan yoki chet ellarda olib qo‘ygan o‘ntalab shohona qasrlari o‘zlariga buyurarmikin? Sog‘liqni, umrni, vaqtni, oromni, rohatni boy berib topilgan pul va mol-davlatlari o‘zlariga vafo qilarmikin?

Tarix qatlarini titkilasangiz, insoniyat hayoti davomida odamlarning topgan bunday boyliklari egalariga hech qachon vafo qilmaganini, boylik qiyinchilik va yo‘qotishlar hisobiga to‘planganiga qaramay, turli sabablar bilan boshqalarga osonlikcha qoldirib ketilganiga yoki barini zo‘ravonlarga oldirib, topganlaridan mahrum bo‘linganini ko‘rasiz.

Qur’oni karimda Qorun qissasi zikr qilinib, undan kelgusi avlodlarning ibrat olishlari buyurilgan. Qorun Muso alayhissalom qavmidan bo‘lgan nihoyatda boy-badavlat bir kimsa edi. Alloh taolo uni imtihon qilish uchun juda katta boylik va mol-mulk ato etgan edi. Uning mol-mulki shu darajada ko‘p ediki, xazinalarining kalitlarini ko‘tarib yurish bir guruh kuchli odamlarga ham og‘irlik qilar edi. Davlatini hammaga ko‘z-ko‘z qilib, qimmatbaho kiyimlar kiyar, boshqalarning hasadi va adovatini qo‘zg‘ashga intilar edi. Ammo u bunga noshukrlik qilib, bu boyliklarni bergan Allohga isyon qildi. “Bularni o‘z uquvim va iqtidorim orqali qo‘lga kiritganman” degan da’voda kibr va tug‘yonga ketdi. O‘sha vaqtda shunchalik molga egalik uni hovliqtirib yuboradi. Shu sababli o‘z qavmiga takabburlik qiladi, ularga zo‘ravonlikda bo‘ladi. Oqibatda uning o‘zini, to‘plagan barcha boyliklarini yer yutdi.

Dunyoning yarmini zabt etgan Makedoniyali Aleksandr esa o‘limi oldidan shunday vasiyat qilgan ekan: «Meni bir tobutga soling, tobutning bir tomonini teshib, shu teshikdan qo‘limni chiqaring va kaftimni ochib qo‘ying. Toki barcha xaloyiq ko‘rsinki, jahondagi hamma mamlakatni egallab olgan bo‘lsam ham bu dunyodan qo‘llarim bo‘sh ketayotir».

“Tasnifi G‘arib” nomli bir qo‘lyozma kitobda shunday deyilgan: «Xudoyorxon (Qo‘qon xoni) hijriy 1292 yili shoshilinch holda o‘ttizta kazakdan iborat rus otryadi himoyasida Toshkentga ketishga majbur bo‘ldi… Qo‘qon shahridan Xudoyorxon xotin, bola-chaqalarini olib, xizmatkorlari bilan oltin, kumush, la’l, javohirlar to‘la o‘nlab sandiqlarni ortib, Xo‘jand orqali chiqib ketdi. Shahardan sakkiz chaqirim yurilgach, xon hamrohlariga dam beradi. Shunda uning 1000 piyoda, 2000 sipohi, 68 zambaragi bor edi. Tanaffusdan so‘ng yo‘lga chiqilganida qanotida 500 sipohi qolgan, boshqalari esa xonni tashlab ketgandi. Keyinroq sandiqdagi boyliklar ham izsiz yo‘qoldi».

Buxoro amiri xazinasida u taxtdan ketishi oldidan quyidagi boyliklar bo‘lgan: 1 million 148 ming 380 dona Buxoro tillasi, 4 million 365 ming dona rus tillasi, 17 tonna 728 kilo yombi holatidagi Gamburg tillasi, 45 tonna 494 kilo Gamburg yombi kumushi, 22 tonnadan ziyod rus kumush tangalari va jami 34 nomdagi boshqa qimmatbaho buyumlar ro‘yxatga olingan. Ularning umumiy qiymati 73 million 252 ming so‘mdan oshgan. Bunga amir va uning oilasiga tegishli 3 million 300 ming so‘mlikdan ortiq qimmatbaho taqinchoqlar va inju-marvaridlar kirmagan (Bu pullarning qanchaligini bilish uchun solishtirib ko‘ring: o‘sha paytda bir pud (16 kilo) un – 95 tiyin, bir pud pista – 35 tiyin, shuncha bodom – 70 tiyin, bir bosh semiz qo‘y 2 so‘m bo‘lgan). Ana shuncha boylikning taqdiri hanuzgacha ma’lum emas (H. Uzoqov, S. Xolboyev, «Buxoro amirining oltinlari», «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1991 yil).

Yoki yaqin o‘tmishimizda sodir bo‘lgan mana bu voqea tafsilotlari ham diqqatga sazovor: «O‘zbeklar ishi»ni tashkil etib amalga oshirgan tergovchilar T. X. Gdlyan va N. V. Ivanovlarning guruhi yuqori martabali shaxslar va ularning oila a’zolaridan tortib olgan, musodara qilgan boyliklar 40 million so‘mlikdan oshiq edi. Bundan tashqari boshqa tergovchilar va huquq organlari tomonidan musodara qilingan pul va boyliklar esa 100 million so‘mga yetgan edi. Ana shu million-million pullar, oltin, zargarlik buyumlari, qimmatbaho magnitofon, soat kabi buyumlar, zayom obligatsiyalarining bari Moskvaga olib ketildi yoki nopok tergovchilar tomonidan gumdon qilinib, o‘zlashtirildi (Izoh: to‘qsoninchi yillar boshida VAZ-2106 markali «Jiguli» avtomobili 8 ming so‘m turardi) (V. Ilyuxin, «Qabohat yoxud…», Toshkent, 1993 yil).

Bu kabi misollarni yana istagancha keltirish mumkin. Bugungi kunimizda ham bunday ishlar, og‘ir yo‘qotishlar sodir bo‘lib turibdi, bunga matbuot va ijtimoiy tarmoqlardaga ko‘plab ma’lumotlar yaxshi dadil bo‘la oladi. Bularni o‘qigan odam “Katta pul-boylik hech qachon vafo qilmasligini bilsa ham odam bolasi uni yig‘ib-bosaverar ekan-da!” deb xitob qilib yuborganini o‘zi ham bilmay qoladi.

Dinimiz odamlardagi mol-dunyoga hirs qo‘yish, buning orqasidan haromdan hazar qilmaslik, o‘zgalar haqqini ado etmaslik, nomunosib yerlarga mol sarflash, uni isrof qilish va boyligi bilan faxrlanish kabi qusurlarni tanqid qiladi va bulardan qaytaradi. Boylik ko‘pchilik uchun imtiyoz, ne’mat emas, aksincha jazo, ofat hisoblanadi. Mol-dunyo fitnasi boshqa fitnalar kabi juda xatarli va oxiratda cheksiz azob-uqubatlarga duchor etuvchi zararli narsadir. Insonlar mol-dunyo fitnasidan ehtiyot bo‘lish borasida ogohlantirilganlar. Hadislarda bunday deyilgan: «Ogoh bo‘ling, albatta, dunyo va undagi narsalar la’natlangandir»; «Ko‘chmas mulklarga (yer-suvga) ega bo‘lishga kirishmanglar. Chunki ular dunyoga rag‘batlaringizni ziyodalashtiradi»; «Men sizlarning kambag‘al bo‘lib qolishingizdan qo‘rqmayman, lekin sizlardan avvalgi ummatga o‘xshab dunyo kelib, ular o‘sha dunyo uchun kimo‘zarga musobaqalashib, ularni bu narsa halokatga eltgani kabi, sizlarning ham ular kabi dunyoga mag‘rur bo‘lib qolishingizdan qo‘rqaman».

Pul topish, ayniqsa halol mehnat, foydali kasb orqasidan boylik orttirish ayb yoki gunoh ish emas, aksincha Alloh va Uning Payg‘ambari buyurgan xayrli ishlardandir, savob-ajrlarga erishish vositasidir. Darhaqiqat, mol-mulk din va dunyo foydalariga yetishish yo‘lidagi bir vositadir. Uni ahlingizga, qo‘l ostingizdagilarga, yaqinlaringizga infoq-ehson qilib, Yaratganning roziligini topishga imkon beradigan bir ne’matdir. Undan ajratiladigan sadaqa va xayriyalar esa savoblarni ko‘paytirishga yordam beradigan bir omildir. Halol yo‘l bilan boylik topib, uni halol yo‘llarga sarflagan boylar qandini ursin, topganlari o‘zlariga buyursin!

Musulmon kishidan faqat dunyoga, mol-mulk to‘plashga qattiq muhabbat qo‘ymaslik, uni kerakli joylarga sarflash, bunda baxillikka, isrofga, riyoga yo‘l qo‘ymaslik talab etiladi, xolos. Qolaversa, «Men boylikni yomon ko‘raman, menga dunyo ne’matlaridan hech narsa kerak bo‘lmaydi» degan odam yolg‘on so‘zlagan bo‘ladi. Chunki insonlar dunyo moliga orzu-havasli, yaxshi yashashga, farovonlikka ishtiyoqli qilib yaratilgan. Tarkidunyochilik yoki berilgan dunyoni istamay, sochib-isrof qilib yuborish kabi holatlar qoralangan. Sizga mol-dunyo mo‘l-ko‘l qilib berilibdimi, bu Uning sizni mol-dunyo bilan imtihon qilayotgani bo‘ladi yoki sizga infoq-ehson, xayr-saxovat eshiklarini ochib, savob-ajrlarga erishuvingiz uchun imkon bergani bo‘ladi.

Boylarning eng katta fojiasi shundaki, ular hamisha kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqib yashashadi. Ularning butun fikri-yodi boyliklarini tinmay to‘plab-ko‘paytirishga, hech bo‘lmaganda uni hozirgi miqdorda ushlab turishga qaratilgan bo‘ladi. Ular bu yo‘lda hamma narsaga: o‘zgalarni aldashga, yolg‘on gapirish va yolg‘on guvohlik berishga, halol-haromning farqiga bormaslikka, sudxo‘rlik, muttahamlik qilishga, pora olish va berishga, zulmga, hattoki iymondan kechishga tayyor turadilar. Ayrim boylar o‘z mol-dunyosini asrab qolish uchun hatto e’tiqodini o‘zgartirish, millatga va dinga xiyonatlar qilish darajasigacha boradilar.

Nima qilib bo‘lsa-da boylik to‘plashga intilayotganlar, bu yo‘lda har qanday qabihlik va razolatdan qaytmayotganlar shuni bilib olsinlarki, ular nohaq to‘plagan mollar kimning rizqidan qirqib olingan, kimgadir zulm qilib og‘zidagisi tortib olingan, yomonlikka yo‘l ochish uchun pora sifatida talab qilingan mol-dunyodir. Shuning uchun u egasiga aslo vafo qilmaydi. Yana nohaq tortib olingan mollarning shu dunyoda ham, oxiratda ham hisob-kitobi bor. Bu dunyodagi hisobi ana shu boyliklarning boshqa bir zo‘ravon tomonidan tortib olinishi, merosxo‘rlar tomonidan befoyda sovurilishi va turli kutilmagan ofat-balolar tufayli unga talafot yetishidir. Oxiratdagisi esa Alloh huzurida bo‘ladi va U Zotga turli bahona-sabablarni ishlatib bo‘lmaydi.

Ushbu satrlarni yozishdan murod, boylikni va boylarni qoralash emas, balki boylikni halol yo‘l bilan topishga, boylik qo‘lga kelganida unda faqir va muhtojlarning haqqi borligini esdan chiqarmay, ularga saxovat va ehsonni ko‘patirishga chorlovdir. Zulm bilan xalqning pulini o‘marganlarni esa boyliklari baribir o‘zlariga vafo qilmasligi haqida yana bir bor ogohlantirishdir. So‘zimni ulug‘ sahobiy Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning ushbu nasihatlari bilan yakunlashni istadim: «Dunyoda ekinlar ekib-o‘rgan, baland koshonalar qurgan, uzoq vaqt zavqu safo surgan dunyoning o‘g‘illari, do‘stlari bugun qayerda? Dunyo ularni yutib yubormadimi? Parvardigor dunyoga ahamiyat bermaganidek, siz ham unga berilmang! Oxirat uchun harakat qiling! Siz o‘tkinchi bir hayot uyidasiz va umringizning qolgan qismi ham o‘tishini kutmoqdasiz. Unutmangki, bu dunyo yolg‘on va aldov ustiga bino bo‘lgan».
Ahmad MUHAMMAD

Manba: azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Boylik to‘plash va undan foydalanish haqida