21:40 / 15.02.2018
9 917

Munajjimlar bashorati: 16 fevral kuni yulduzlar sizga nimalarni va’da qilmoqda?

Munajjimlar bashorati: 16 fevral kuni yulduzlar sizga nimalarni va’da qilmoqda?
QO‘Y (21. 03 — 20. 04)
Erta tongda sizni mamnun etadigan voqea moliyaviy muammolar bartaraf etilib, kissangiz pulga to‘lishidir. Agar salomatligingiz yaxshi bo‘lishi, aniqrog‘i, oshqozoningizda jiddiy muammo paydo bo‘lmasligini istasangiz, ovqatlanish rejimini aslo buza ko‘rmang. Yog‘li, sho‘r, achchiq taomlar, spirtli ichimliklardan qoching. Meva, sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qiling. Muhabbatda dangal va qat’iyatli bo‘ling. Shunda juftingiz yoki bo‘lg‘usi juftingizning sizga bo‘lgan mehri ortishi mumkin.

BUZOQ (21. 04 — 21. 05)
16 fevralda atrofdagilar bilan ko‘proq muloqot qiling. Juftingiz bilan sen-menga borgan bo‘lsangiz, yarashish payida bo‘ling. Hech ham yolg‘iz qola ko‘rmang. Qo‘rqmang, agar og‘ir vaziyatda qoladigan bo‘lsangiz, do‘stlaringiz qarab turishmaydi. Albatta ko‘mak berishadi. Ko‘ngilochar, sayoz fikrlaydiganlardan iborat tadbirlarni aylanib o‘ting. Spirtli ichimlik iste’molidan yuz o‘giring. Bu sog‘lig‘ingizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Kechqurun toza havoda sayr qilishni yoddan chiqarmang.

EGIZAKLAR (22. 05 — 21. 06)
Kuningiz anchagina og‘ir kechishi kutiladi. Taqdirning ko‘plab sinovlari aynan bugun boshingizga baravar yog‘ilishi mumkin. Ammo ishxonada buning aksi. Hamkasblar bilan ilgarigiga nisbatan osonroq til topishasiz. Tadbirkor bo‘lsangiz, biznes sheriklaringizdan ajoyib xushxabarlar eshitasiz. Ayniqsa, bozorchi do‘stlarimizning kuni tug‘adi. Moliyaviy jihatdan muammo bo‘lmaydi. Bankdan kredit olmasangiz yo tanishlardan qarz ko‘tarmasangiz albatta.

QISQIChBAQA (22. 06 — 23. 07)
16 fevral kuni miyangizni professional kasbingiz bilan bog‘liq ajoyib g‘oyalar chulg‘ab olishiga guvoh bo‘lasiz. Lekin sergak turing. Hamkasblardan birontasi o‘g‘irlab qo‘ymasin yana. Kun davomida ortingizdan g‘iybatingizni qilayotganlar haqida xabar topasiz. Bunday vaziyatda faqat sukut yordam bera oladi. Ugina g‘alabaga olib boradi. Har qanday vaziyatda ham faqat qalbingizga quloq tuting. Kechqurun oilasizlar uchun romantik uchrashuv, tog‘ yon bag‘rida dam olish, to‘y kunini belgilash xayrli kechadi.

ARSLON (24. 07 — 23. 08)
Dushmanlaringiz ishxonada, mahallada va oilada hurmatingiz yo‘qolishini xohlashadi. Shu maqsadda istagancha ahmoqliklarga yo‘l qo‘yishlari tayin. O‘zingizga mahkam bo‘lavering. Bularga e’tibor qaratmasdan, kelajak uchun foydali rejalar tuzing. Xuddi o‘sha rejalar sizga taskin beradi, kuch bag‘ishlaydi. Kechqurun moddiy jihatdan boshqa kunlardagiga qaraganda, ancha boyib qolishingiz kutiladi. Katmonning kattarog‘ini tayyorlab qo‘yavering. Ammo pulni tejab ishlating. Asablarni asrang.

PARIZOD (24. 08 — 23. 09)
16 fevralda o‘zgalar yordamisiz moliyaviy muammolarni hal eta olmaydiganga o‘xshab turibsiz. Keyin pullarni tiyin-tiyinigacha hisoblab, sarf-xarajatni reja asosida amalga oshiring. Rejada yo‘q xaridlarga erk bermang. Chunki yaqin vaqtlarda olis safarga otlanishingiz ehtimoli ham yo‘q emas. Oilali bo‘lsangiz, ko‘cha ko‘ngilxushliklariga zinhor yo‘l bera ko‘rmang. Bu yuzingizni shuvut qilibgina qolmay, baxtsiz ham qiladi. Salomatligingiz pand bermaydi. Basharti o‘zingizni yomon his eta boshlasangiz, mutaxassis maslahatisiz muolaja olishga urinmang. Surunkali xastalikka yo‘liqqan bo‘lsangiz, kun davomida salomatligingizni nazorat qila boring.

TAROZI (24. 09 — 23. 10)
Xudo nasib qilsa, kuningiz juda omadli kechadi. Erta uyg‘oning, Yaratgan egamdan astoydil yaxshiliklar so‘rang. Beradi. Sizni arosatda qo‘ymaydi inshoolloh. Esda tuting, bugun faqat faol bo‘lsangizgina ishlaringiz o‘ngidan keladi. Ishni katta-kichikka ajratmay, astoydil ter to‘kavering. Daromadini albatta olasiz. Ammo muhabbatda buning teskarisi yuz berishi mumkin. Juftingizdan turli tanbehlar, ginalarni qabul qilib olishingizga to‘g‘ri keladi. Asabni ehtiyot qiling.

ChAYoN (24. 10 — 22. 11)
16 fevralda atrofdagilarning ba’zilari sizga tanbeh beraverib zeriktirishi mumkin. E’tibor qilmang. Yaqin o‘tmishda qolgan muammolarni qayta yodga olmang. Ular ruhingizni tushirishdan boshqasiga yaramaydi. Hamkasblarni maqtang, ular bilan xush muomalada bo‘ling. Ayrimlar quloq va tomoq masalasida jiddiy muammoga duch kelishlari mumkin. Vrachga uchrashmasangiz bo‘lmaydigan ko‘rinadi. Kechqurun toza havoda sayr qiling.

O‘QOTAR (23. 11 — 21. 12)
Ichki olamingizni tinchlantirish harakatiga tushing. Ko‘proq kitob mutolaa qiling, aqlli odamlar bilan suhbatlashishga intiling. Faqat shu amallargina ichki dunyongizni boyitib, sizni muvaffaqiyatlar sari yetaklaydi. Shaxsiy hayotda bilib-bilmay xatolarga yo‘l qo‘yishingiz mumkin. Bu juftingizga nisbatan adolatsizlik qilib qo‘yishingizda o‘z aksini topadi. Kechqurun passiv istirohat masalasiga e’tibor qarating. Iloj topsangiz, saunaga tushing.

TOG‘ EChKISI (22. 12 — 20. 01)
16 fevral kuni azaliy orzularingizdan biri haqiqatga aylanishi kutilmoqda. Hech kimga ma’lum bo‘lmagan qirralaringiz oshkor bo‘lishi ham ehtimolga yaqin. Har bir yomonlikdan yaxshilik qidirib topishga harakat qiling. Muhabbatda juftingizni birovlarga rashk qilmasangizgina muvaffaqiyatga erisha olasiz. Kechqurun ovqatlanish me’yorlarini va rejimini esga olib qo‘ysangiz, foydadan xoli bo‘lmasdi.

QOVG‘A (21. 01 — 19. 02)
Taqdir in’om etadigan har bir yaxshilikni o‘zingizda olib qolishga harakat qiling. Og‘ir vaziyatda qolsangiz, sabrga yo‘l bering. U sizni vaziyatdan olib chiqib keta oladi. Har bir muammoga optimist ko‘zi bilan boqing. Qarindoshlar sizni qiziqarli va nafi ko‘proq ishlarni bajara boshlaganingizda chalg‘itishlari mumkin. Asabni asrang. Bularning barchasi o‘tkinchi. Tushunmaslarga bosiqlik bilan vaziyatni tushuntiring.

BALIQ (20. 02 — 20. 03)
16 fevralda ishxonangizda birinchi raqamli xodim ekaningizni yana bir karra anglab yetasiz. Shubhalar ortga chekinadi. Chunki rahbarning o‘zi majlisda shu haqda kuyib-pishib gapiradi. Demak, yaqin orada nafaqat yangi lavozim, balki mukofotning kattasiga ham egalik qilishingiz tayin bo‘lib turibdi. Agar safarga otlanishni reja qilgan bo‘lsangiz, voz keching. Jarohat olishingiz xavfi bor.

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Munajjimlar bashorati: 16 fevral kuni yulduzlar sizga nimalarni va’da qilmoqda?