Qizil chiroqqa duch kelganda…

  • 25-02-2018, 00:15
  • 1 745
  • Hayot tarzi
  • Qizil chiroqqa duch kelganda…
    Kichkinaligimda svetoforlarni yomon ko‘rardim, ayniqsa, qizil chirog‘ini. Biror joyga boradigan bo‘lsak, mashinamiz qizil chiroqqa to‘g‘ri kelmasligini istar, agar shunday bo‘lsa ham, dadam to‘xtamay ketaversalar edi, deb xayol qilardim. Men uchun svetoforlar dunyodagi eng keraksiz narsalar bo‘lib tuyulardi… toki ulg‘ayib, borliqdagi hech bir narsa behikmat emasligini tushunib yetgunimcha…

    Endi qizil chiroq yonganida dadamning harakatlarini kuzataman – atrofni ko‘zdan kechirib, narsalarini yana bir qator saranjomlab, oynalarning ochiqmi yo yopiqligini tekshiradilar, o‘rindiqqa o‘rnashib o‘tirib oladilar…

    Endi menga hayotning o‘zi uzun yo‘l bo‘lib ko‘rinadi. Va albatta, svetoforlari ham bor. So‘zlarim isbotini bir tanishimizning hayoti misolida aytsam. Uning boshiga katta imtihon keldi. Qisqa muddatda ishlari orqaga ketdi, bu oilaviy hayotiga ham ta’sir qilmay qolmadi. Gurkirab yurgan odam tushkunlikka tushib, hafsalasiz bo‘lib qoldi. Lekin bu uzoq cho‘zilmadi, o‘sha tanishimiz bir fursatdan keyin o‘zini o‘nglab oldi, hayoti asta-sekin izga tushdi. Faqat hayotidagi emas, fe’lidagi, e’tiqodidagi kamchiliklarni ham bartaraf qilish harakatiga tushdi. Eng muhimi, u boshiga tushgan sinovlardan to‘g‘ri xulosa chiqara oldi.

    Endi nazdimda bizga berilayotgan sinovlar hayot yo‘limizdagi svetoforlarning qizil chirog‘i bo‘lib ko‘rinadi. Bu qizil chiroqlar esa shitob bilan borayotgan ulovimizni bir dam to‘xtatib, o‘zimizni o‘nglab olishning imkoniyati. Demak, hayotimizdagi ma’lum bir tanaffuslar, boshimizga tushgan, biz uchun yomonlik bo‘lib tuyulgan imtihonlar aslida yaxshiliklarning boshlanishi. Svetofor va uning chiroqlari halokatlarning oldini olish uchun vosita. Shu ma’noda, Mehribon Zotning sinovlari ham aslo bizni qiynash, bir tekis borayotgan yo‘limizdan qoldirish uchun emas. Bu imtihonlar, agar to‘g‘ri xulosa chiqara bilsak, bizni ikki dunyo yaxshiliklari tomon boshlaydi. Zotan, Alloh taolo O‘z Kitobida marhamat qilganidek: “Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir”(Sharh, 5-6).

    Endi ko‘zlarimga svetoforlar yomon ko‘rinmaydi… qizil chiroqlar ham…
    Risola Abdulmalik qizi

    Manba: irfon.uz

    » » Qizil chiroqqa duch kelganda…