13:47 / 18.03.2018
14 311

«Ishlarim yurishmayapti, meni o‘qitib qo‘yishgan...»

«Ishlarim yurishmayapti, meni o‘qitib qo‘yishgan...»
Tan olaylik, biror-bir muammoga ro‘baro‘ kelsak, albatta, uning osonroq yechimini izlaymiz. Va ko‘p hollarda bu otinoyiyu domlalarga murojaat qilish, fol ochtirish kabi amallarda o‘z ifodasini topadi. «To‘g‘ri-da, hamma shunday qiladi!» deyishingiz mumkin, ammo bu qanchalik to‘g‘ri? Umuman, jamiki masalalarning bosh sababchisi — issiq-sovuq ekanligiga ishonch qayerdan paydo bo‘ladi? Yo sehr-jodu qilingan odamning o‘ziga xos belgilari bormi? Ehtimol bu shunchaki o‘z-o‘zini aldash, pulni havoga sovurish yo pashshadan fil yasashdek gapdir. Er-xotin munosabatlarining buzilishi, omadsizlik, xastalanish va yana boshqa-boshqa vaziyatlarda ilmu amalning daxli yo‘qdir balki... Xullas, ko‘pchilikni qiziqtirgan va hamisha bahsli mavzu yuzasidan mutaxassislarga yuzlanamiz.

Mutaxassis – Nargiz SATTAROVA, ruhshunos.

Inkor etilmaydi, ammo...
Noyob qobiliyatli kishilar bor va biz ularni inkor etish yo qilayotgan ishiga nisbatan shubha bilan qarash fikridan yiroqmiz. Qay biri chindanam insonlarga foydam tegsin, deb niyat qilgan, qaysilarining niyati g‘aliz, buni ham muhokama qilmoqchi emasmiz. Bugun nishonimizda siz, ya’ni ilmu-amal yordamida hayotini o‘zgartirmoqchi bo‘lganlardir!

Boshiga ish tushgan inson nima uchun «dami o‘tkir domla»ga boradi sizning-cha? Savolning javobi juda oddiy: yuzaga kelgan vaziyatga nisbatan mas’uliyatni o‘z yelkasidan soqit qilib, boshqa bir insonning gardaniga tashlash! Ana endi vaziyatni kengroq tahlil qilamiz. «Ishlarim orqaga ketayapti, lekin men aybdor emasman!», «So‘nggi paytlarda erim menga sovuq muomalada, jerkigani-jerkigan, biroq men aybdor emasman...», «Qaynonamning meni ko‘rarga ko‘zi yo‘q... mening aybim yo‘q bunda... biror nima qilib bering, to‘yib ketdim-ey baridan!» Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, uch xil vaziyatda ham aybdorlar atrofdan izlanmoqda. Dushmanlar, ko‘rolmaydiganlar va yana ma’shuqalarni yo‘q qilish esa domlayu otinoyilarning chekiga tushayaptiki, «Ehtimol hammasi o‘zimga bog‘liqdir, ilmu amalning aloqasi yo‘qdir» degan fikr unut bo‘layozdi.

«Uchtasiga bordim, yaxshimas ekan!»
O‘zi yoki yaqinlarini issiq-sovuq qilingan deya hisoblayotgan kishilar birgina domlayu otinoyi bilan kifoyalanishmaydi. Avval tanish-bilishlar tavsiya qilganiga boriladi, u yerdan yana kimlarningdir daragi chiqib, harakatlanish yo‘nalishi o‘zgaradi. «Tezroq va yaxshiroq ta’sir qiladiganiga boraman!» deyishadi tag‘in. Biroq bunday amallar lotereyadek gap, omadingiz kelsa-yu xo‘p-xo‘p, o‘sha muammodan xalos bo‘larsiz. Biroq buning aksi bo‘lsa, baloga qolgan yana domlayu otinlar bo‘lishadi! «Qanchasiga bordim, birortasidan naf chiqmayapti, yanayam kuchlirog‘ini bilmaysizmi?» deyishadi keyin.

Shaxs sifatida yetuk bo‘lmagan, ilmi yetishmagan, mas’uliyatni yelkasiga olishdan qo‘rqadigan, tan ola bilishni istamaydigan bir so‘z bilan aytganda, «Hayotimda muammo bor va uni o‘zim hal qilaman» deyolmaydiganlar boshlariga tushgan savdolarni sehr-jodudan ko‘rishadi.

Bola pozitsiyasi
Hayotingizda sodir bo‘layotgan har bir voqelikka o‘zingiz sababchisiz. Biror mushkullikka duch kelsangiz, bilingki, bu siz uchun berilayotgan imkoniyat: nimanidir o‘rganish, rivojlanish, yanada yetuk shaxs bo‘lishingizga turtki ular. «Meni o‘qitib qo‘yishgan» deya tanimagan-bilmagan insonlarning istiqboliga oshiqish esa psixologiyada bola pozitsiyasi deyiladi. Negaki aynan bolalar, qilayotgan xatti-harakatlari uchun javob bera olishmaydi. Xo‘sh, siz bola darajasidamisiz?

Xavfli tomoni yo‘q, deysizmi? Bor!
«Noyob qobiliyat»li kishilar «qabulxonasi» turli xil tutatqilar, noodatiy narsa-buyumlar, kitoblar, toshlar bilan bezatilgan bo‘ladi. Bular insonni trans holatiga solib qo‘yadi. Ya’ni ong butunlay ochilib, bu vaqtda qanday axborot yangrasa, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri ong ostiga tushadi. Ong osti xuddiki shudgor qilingan yer, unga qanday urug‘ eksangiz, u, albatta, unib chiqadi.

Tasavvur qiling, «Uch oylik umring qolgan», «Eringning boshqa oilasi bor», «Yaqinlaring orasida seni ko‘rolmaydiganlar ko‘p», «Qaynonang xonangga narsa sepib qo‘ygan», «Ovsiningning qo‘lidan hech nima yema» kabi xabarlarni eshitdingiz, shu zahotiyoq ongingiz qabul qilgan ma’lumotga moslasha boshlaydi. Uni shu holicha singdiradi va u haqida o‘ylar paydo bo‘la boshlaydi. Soddaroq aytganda, eshitganlaringizni (hatto ular yanglish bo‘lsa ham) o‘zingiz hayotingizga olib kirasiz, shakl-shamoyilini hosil qilasiz. Negaki, fikr quvvati inson hayotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir o‘tkazadi.

Dinda duo taqdirni o‘zgartiradi deyiladi, psixologiyada esa buning talqini yaxshi o‘y-fikrlarni xayol qilish deganidir.

«Falon folchi qizingning turmushi bo‘lmaydi degandi, aytganidek bo‘ldi-yu» deyishingiz mumkin, biroq bu vaziyat folchining bashorati deb emas, balki o‘ylaringiz hosilasidir. Axir tunu kun shu haqida xayol qilaverdingiz-ku! Astoydil ishongan ekansiz, yoningizga keldi. «Do‘stingdan hazir bo‘l deyishgandi, rostanam u meni chuv tushirdi», deydi ayrimlar. O‘ylab ko‘rilsa, bu kabi ma’lumotni eshitgandan so‘ng o‘zingiz do‘stlaringizdan shubhalana boshlagansiz va tabiiyki yuzaga kelgan holatda sizning ham aybingiz bor.

O‘rganish hissi paydo bo‘ladi, negaki...
Hadeb domlayu otinlarga murojaat etish bora-bora moyillikni paydo qiladi. Chunki bunday vaziyatlarda siz nazoratni qo‘ldan chiqarasiz. Qarabsizki, oddiygina hayotiy masalalarni ham mustaqil hal qila olish qobiliyatingiz yo‘qolib boradi. Qancha pul sarflayapsiz, vaqtingiz, asablaringiz, hech birini o‘ylamaysiz-da axir. Vaholanki, sizni hech kim o‘qitmagan, nazar-nafas kirmagan bo‘lishi ham mumkin.

Kimningdir sog‘ligi, ishi, oilasiga ta’sir ko‘rsatish, hatto, erimni o‘zimga isitaman degan ayollar ham xato qilishadi. Negaki bunday amallarning barchasi inson irodasiga qarshi qilinadigan ishlar. Qolaversa, ruhga ta’sir ko‘rsatish uni zaiflashtirishi mumkin. «Erimni qaytariq qildirgandim, avvaliga yaxshi bo‘lib qoldi, keyin bo‘lsa sog‘ligida muammolar, ishida jiddiy o‘zgarishlar boshlandi, hozir bir burdagina bo‘lib qolgan» degan gaplar qulog‘ingizga chalingandir balki. Bular tinimsiz o‘qitishning asoratlaridir. Sizningcha, erini qaytarmoqchi bo‘lgan ayol iymonli kishilarga yuzlanadimi, yo‘q, fol ko‘radigan, issiq-sovuq qiladiganlardan qo‘nim topadi u. Natijasi esa...

«Aytishlaricha, o‘zgarib qolibman...»
Ko‘pchilikning tilidan tushmaydigan gap: «Avvalgidek emassiz, o‘qitishgan». Xo‘sh, o‘qitilgan kishiga xos belgilar qanday? Odamovilik, parinshonxotirlik, kamgaplik, kayfiyatsizlik, sovvuqqonlik, demoqchimisiz? Ehtimol, bu fiziologik jarayonlardir. Axir yuzaga kelgan vaziyatlarga nisbatan organizmimiz, qolaversa, ruhiyatimizning ham javob reaksiyasi bor-ku, nahot shularni o‘ylamasak. Yoki oddiygina ko‘ngil qolishi degan tushunchalar borki, erining uzoqlashib borayotganidan noliydigan ayollar, avvalo o‘z xatti-harakatlarini tahlil qilishgani ma’qul.

Dinimizda nima deyilgan?

– Yaqinlarim menga «Sen jahldorsan, qo‘rs va qo‘pol bo‘lib ketayapsan. Ilmu-amal qilishgan seni, o‘qitib yubor deyishayapti. Shu to‘g‘rimi? Chindanam sehr-jodu qilingan odam o‘zgarib qoladimi?
Sh.D., Toshkent viloyati

Rahmatulloh SAYFUDDINOV, Yunusobod tumani bosh imom-xatibi, Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi, «Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi:
Bu kabi fikrlar bekor gap. Ertalab va kechqurun o‘qiladigan Rasulloh sollalohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sunnat duolarni o‘qib yursangiz kifoya.
– Tez-tez tobim bo‘lmay qoladi, dugonam dam sodirib yur, deyotgandi. Chindanam bu yordam beradimi?
E.L., Toshkent shahri

– Dam soldirish joiz, masalan, ko‘z tekkanda, ko‘ngil bezovtaligida yoki biror dardga chalinganda, kishi o‘ziga-o‘zi dam solishi mumkin. «Fotiha», «Oyatul kursiy», «Yosin», «Kofirun», «Ixlos», «Falaq» va «Nos» suralarini o‘qib dam urilsa, Alloh izni bilan foydasi bo‘ladi. Agar bu ishning uddasidan chiqolmasangiz, taqvodor (ishonchli, duosi mustajob) insonga dam soldirsa ham bo‘ladi.

– Oydinlik kiritib bersangiz, so‘nggi vaqtlarda ishlarim orqaga tortgan. Shunga o‘zimga o‘qittirib yurmoqchiman. Mumkinmi shunday qilishim?
A.D., Samarqand viloyati

– Dinimizda ma’lum shartlar asosida dam solish joiz, bu yuqorida aytganimizdek, ko‘z tekkanda, insonga jin zarar qilganda va shunga o‘xshash holatlarda. Buni xalqona tilda «o‘qitish», «qaytarma qilish», deyishadi. Ko‘z tegishi, hasad kabi illatlar ishning orqaga ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Agar sizda shunday gumon bo‘lsa, Qur’on oyatlari bilan dam soldirish mumkin. Ish yurishmaganda, ko‘proq istig‘for va salovat aytish tavsiya etilgan.
Samira ULUG‘BEKOVA tayyorladi.

Manba: darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «Ishlarim yurishmayapti, meni o‘qitib qo‘yishgan...»