Turmush qurishning foydalari

  • 29-03-2018, 12:20
  • 2 364
  • Hayot tarzi
  • Turmush qurishning foydalari
    Turmush qurish zarurati haqida gapirar ekanmiz, qisman bo‘lsa ham uning foydalariga to‘xtalish lozim.

    1. Oila boshqaruvi. Turmush qurish inson hayotini tartibga solib, mas’ullik hissini orttiradi. Mas’uliyatli kishi darbadarlikdan qutuladi, har ishda tartibli bo‘ladi. Oila o‘zi xos bir idora. Uni to‘g‘ri yuritolmaganlar bundan katta idoralarni muvaffaqiyatli boshqara olmaydilar.

    2. Yaqinlarni ko‘paytirish. Nikoh bilan begonalar oila a’zolari qatoriga kiradi. Kelin uyning yangi qizi, kuyov uyning yangi o‘g‘li bo‘ladi. Ona bilan birga qaynona, ota bilan birga qaynota, aka-ukalar bilan birga qaynaka-ukalar bo‘ladi. Oila kengayib, qarindoshlik va do‘stlik halqasi uzayadi. Bu esa oilaga moddiy va ma’naviy kuch-quvvat bag‘ishlaydi.

    3. Nafsga qarshi jihod qilmoq. Umr yo‘ldosh va farzandlar kishi uchun sinov. Ularning injiqliklariga chidash, kamchilik­larini tuzatish, diniy bilimlarini kengaytirish, haqlariga rioya qilish, xohish va ehtiyojlari orasida muvozanat saqlash bilim, sabr, g‘ayrat va yetuklikni talab etadi. Oilaning qiyinchiliklariga sabr qilish gunohlarga kafforat bo‘ladi. Bu qiyinchiliklarga sabr qilish ham nafsga qarshi jihoddir.

    4. O‘zaro mehnat taqsimoti. Uylanmagan kishi uchun ham uy, ham ko‘chadagi ishlarni qilish qiyin. Bunday ahvolda na unisiga ulguradi, na bunisiga. Uy tozalash, kiyim yuvish, ovqat qilish ham, ro‘zg‘or ta’minoti uchun ishlash ham alohida-alohida yumush. Bular bir kishi uchun og‘irlik qiladi. Uylangach, uy ishlarini xotin, tashqaridagi ishlarni er zimmasiga oladi.

    5. Oila qurish – baraka manbai.
    Totuv turmush er-xotinning moddiy-ma’naviy imkoniyatlarini kengaytiradi. Behuda sarf-xarajatlar to‘xtab, pulni rejali ishlatish oilaga baraka keltiradi. Nikohda karomat bor, degan so‘z xuddi shu jihatni ham qamrab oladi. Turmush qurganlarning barakaga erishishlarini Alloh taolo o‘z kalomi sharifida ham bildirgan («Nur» surasi, 32-oyat).

    6. Nikoh ijtimoiy sug‘urtadir. Turmush qurish yo‘li bilan ko‘p inson muhofaza qilinadi. Oila boshlig‘i oila a’zolarining kun ko‘rishi uchun o‘zini mas’ul biladi. Oilaviy munosabat mustahkam bo‘lmasa, bir qancha kishilar ko‘chada qoladi. Inson kasal bo‘lganda, keksayganda ko‘proq parvarishga muhtoj bo‘ladi. Bunday paytda unga yordam beradigan eng yaqin odami turmush o‘rtog‘idir. Shu tufayli “turmush o‘rtoq” deyiladi. Xastalanganda, qiyin ahvolda qolgan yoki tushkunlikka tushgan chog‘ida ko‘nglini yoradigan eng yaqin sirdoshi turmush o‘rtog‘i bo‘ladi. Qur’on ifodasi bilan aytganda, eru xotin bir-birlari uchun yopinchiqdirlar.

    Manba: Irfon.uz

    » » Turmush qurishning foydalari