09:46 / 05.04.2018
6 927

Bola qobiliyatini nimalar “o‘ldiradi”?

Bola qobiliyatini nimalar “o‘ldiradi”?
Insoniyat tarixida bola tarbiyasi hamisha yetakchi mavzulardan biri bo‘lib kelgan. O‘zini hurmat qilgan va kelajagiga bee’tibor bo‘lmagan inson borki, farzandining tarbiyasi, ta’lim olishi va kasb-kor egallashiga befarq bo‘lmaydi.

Tan olish kerak, bundan 15-20 yillar avval bola tarbiyasi va ta’lim olishi borasidagi tushunchalarimiz biroz boshqacha edi. Aksariyat ota-onalar ta’lim berish mas’uliyatini maktabga yuklab qo‘yar, bolakay ham aynan 7 yoshidan boshlab yozish-o‘qishni o‘rganardi. Zamonning shiddatini qarangki, bugunning bolalari bog‘cha yoshidanoq o‘qishni o‘rganib maktabga borishmoqda. Bu juda quvonarli hol. Chunki inson miyasi ma’lumotlarning 70 foizini aynan 5 yoshga qadar qabul qiladi. Undan keyingi yillarda xotira va o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari pasayib boraveradi. Bu muddat garchi bolalik sho‘xliklari bilan tutashib ketsa-da, ota-onalar va tarbiyachilardan katta mas’uliyat va ehtiyotkorlikni talab etadi. Xo‘sh, boladagi qobiliyat kurtaklarining bo‘y cho‘zishi uchun nimalarga e’tibor berishimiz kerak?

1. Bolani tushunish uchun bola bo‘lib yashash va xuddi uningdek fikrlash kerak. Afsuski, uni hayratlantirayotgan narsalar ko‘p hollarda kattalar uchun qiziq bo‘lmaydi. Tan oling, “Raketa qanday uchadi?”, “Momaqaldiroq qayerdan paydo bo‘ladi?” yoki “Nega olma daraxtida apelsin pishmaydi?” kabi savollarga javob berishni istamaymiz.

Ishoning, bolaning gapiga ahamiyat bermaslik, ko‘p gapirish yoki ezmalikda ayblash yaxshilikka olib bormaydi. Natijada bolaning suhbat qurish ishtiyoqi so‘nadi, so‘z boyligi va ijtimoiy zehni sustlashadi.

2. Ayrim ota-onalar uchun qattiqqo‘llik tarbiyaning bosh mezoni hisoblanadi. U ko‘p hollarda haqoratlash yoki kaltaklashga ulanib ketadi. Ba’zan pashshadan fil yasab, kichik xato uchun ham katta jazo tayinlanadi. To‘g‘ri, bundan keyin bola xatoni takrorlamaslikka harakat qiladi, ammo o‘z ixtiyoriga ko‘ra emas, o‘zgalar xohishiga ko‘ra ish tutishga odatlanib qoladi.

Ishoning, yuzga urilgan bir shapaloq miyadagi 300-400 ta hujayraning nobud bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bu esa qanchadan-qancha qobiliyatlarning o‘limi demakdir. Endi kichik xato va “o‘lik” qobiliyatlarni taqqoslab ko‘ring.

3. Zamonaviy texnika asrida bolalarni kompyuter va elektron o‘yinlardan himoyalash ancha mushkul bo‘lib qoldi. Bog‘cha tarbiyalanuvchisi bo‘lgan bolangiz ham qo‘l telefoningizni olib, elektron o‘yinlar papkasini ocha oladi. Indamasangiz, bir necha soatni telefonga tikilgancha o‘tkazishi mumkin.

Ishoning, elektron o‘yinlarni ko‘p o‘ynash ziyraklikning kushandasi hisoblanadi. Bunday o‘yinlar nafaqat ko‘z nurini, balki miya faoliyatini ham ishdan chiqaradi. Hatto ular miyaga qon quyilishi va hujayralarning erta nobud bo‘lishiga ham sabab bo‘ladi.

4. Oiladagi nosog‘lom muhit ham bola qobiliyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. Oila a’zolarining baqir-chaqiri va bir-biriga yomon munosabatda bo‘lishi natijasida bolakay ruhan eziladi. Tortinchoq va qo‘rqoq bo‘lib qoladi.

Bola qobiliyatning ko‘proq qismini otadan emas, onadan o‘zlashtiradi. Farzand oldida onaga ijobiy yoki salbiy munosabatda bo‘lish bolaga ikki hissa tezroq ta’sir etadi.

5. Bolakay olamni pushtirang bulutlar ortidan ko‘radi. Olam haqida uning o‘z qarashlari va tasavvurlari bor. Shu bois uning ustidan kulish, chizgan rasmlari yoki qilgan ishini taqdirlamaslik natijasida undagi motivatsiya pasayib ketadi.

Bola arzimas narsadan ham quvona oladi. Taqdirlash unga o‘zgacha kuch va ishtiyoq bag‘ishlaydi. Unga bo‘lgan bee’tiborlik esa o‘ziga bo‘lgan ishonch va erkinlikning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi.

6. Muhim jihatlardan biri shundaki, hech qachon bolaning ovqatlanish ratsioniga befarq bo‘lmang! Uni tabiiy, uy sharoitida tayyorlangan yeguliklar bilan boqing. Nonushta qilmayotganiga ishtahasi yo‘qligini ro‘kach qilmang! Ertalab nonushta qilmaydigan insonlar qonida shakar miqdori pasayib ketadi. Bu esa miyaga yetarlicha ozuqa yetib bormasligi va hujayralarning yomon ishlashiga sabab bo‘ladi.

Bola har 45 daqiqada kichik idishda suv ichishi shart! Miyaning 85 foizi suvdan iboratligi bois u yaxshi ishlashi uchun suv bilan ta’minlab turish lozim.

Darqove, uning qobiliyatini hech qachon tengdoshlariniki bilan solishtirmang. “Falonchi she’rni sendan yaxshi yodlaydi”, “Anavi o‘rtog‘ing sendan kuchli”, “Qo‘shnimizning qizi sendan yaxshiroq ish qiladi” kabi misollar bolaning ruhan ezilishi va atrofdagilarga bo‘lgan mehrining susayishiga sabab bo‘ladi.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bola qobiliyatini nimalar “o‘ldiradi”?