15:52 / 14.04.2018
5 689

Barakotning asosi

Barakotning asosi
“Agar shahar-qishloq ahli iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, albatta, ularga osmonu yerdan barakotlarni ochib qo‘yar edik. Lekin ular yolg‘onga chiqardilar, bas, ularni kasb qilgan narsalari tufayli tutdik” (“A’rof” surasi, 96-oyat).

Insoniyat ushbu oyati karimada bayon qilinayotgan oddiy va sodda haqiqatni tushuna olmayotgani g‘oyatda ajablanarli hol. Insonlarga osmon va zamindan barakot eshiklari ochilishi uchun birgina shart kifoya, ya’ni inson iymonli va taqvoli bo‘lishi lozim ekan. Ana o‘shanda unga osmonu zamindan barakotlar eshigi lang ochib qo‘yiladi. Chunki iymon insonni barakotli hayot yo‘liga boshlaydi. Chunki taqvo insonni farovon hayot yo‘liga soladi. Iymon bilan taqvo bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lganidek, barakot ham ularga bog‘liqdir.

“Agar shahar-qishloq ahli iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, albatta, ularga osmonu yerdan barakotlarni ochib qo‘yar edik”.

Bu haqiqatga kattayu kichik – barcha insonlar har bir sohada guvoh bo‘lishlari mumkin. Insonlar haqiqiy iymon va taqvo sohibi bo‘lgan chog‘larida ularga barakotlar osmonlar va yerdan ochib qo‘yilganiga tarix shohid. Shu o‘rinda barakot deganda, faqat oziq-ovqat, kiyim-kechak va moddiy farovonlikkina ko‘zda tutilmasligini ham eslatib qo‘yishimiz lozim. Albatta, bu narsalar ham barakot tizimiga kiradi. Lekin moddaparastlar o‘ylaganlaridek, barakot faqat shulardagina emas. Xuddi shu moddiy hodisalar haqida gapirsak ham, iymon va taqvo barakotning asosi ekanini isbotlash oson. Iymonli va taqvodor shaxsni hamda iymonsiz betavfiq kimsani ko‘z oldingizga keltiring. Ba’zi hollarda daromadi o‘ta chegaralangan bo‘lishiga qaramay, iymonli va taqvodor shaxsning yegani o‘ziga osh bo‘lib, bola-chaqasi bilan farovon turmush kechirayotganiga guvoh bo‘lamiz. Iymonsiz va betavfiq kishi esa daromadi hisobsiz bo‘lsa ham, yetkaza olmay, o‘zini turli harom-xarish yo‘llarga urib yurganini kim ko‘rmagan?!

Xuddi shu o‘rinda ayrimlarda “Iymon va taqvo barakotning asosi bo‘lsa, nega voqe’likda musulmonlarni qashshoqlik va nochorlikda, kofirlarni esa farovonlik va ayshu ishratda ko‘ryapmiz?” degan savol paydo bo‘lishi turgan gap.

Avvalo, musulmonlar haqiqiy iymon va chinakam qur’oniy taqvo talablariga to‘la javob bera olmayotirlar. Agar ayrim shaxslarda iymon va taqvo shartlari mujassam bo‘lsa ham, iymon va taqvo talablariga jamoat shaklida javob berish imkoni yo‘q. Musulmonlar Alloh tomonidan kelgan haq dinga, Qur’onga, shariatga sohib bo‘la turib, iymon va Islom hamda taqvodan shunchalar uzoqlashib ketganlarki, ular qilgan va qilayotgan ishlar oldida bugungi ko‘rayotgan jafolari ham oz.

Ikkinchidan, kofirlarning farovon holati faqat bir taraflama, xolos. Avvalgi oyatda zikr qilinganidek, hozirgi davr Alloh ularga yomonlik holatini yaxshilik holatiga almashtirib qo‘ygan davrdir. Qolaversa, kofirlar farovon turmush uchun omil qilib qo‘yilgan moddiy sabablarni vujudga keltirganlar. Ularning iymon va taqvolari bo‘lmasa ham, ushbu moddiy farovonlik sohasida iymonli va taqvodor shaxslardan talab qilinadigan ilm, jahd, tirishqoqlik, qattiq mehnat va izlanish kabi xislatlarni kasb qilib olganlar. Qani endi, bu farovonlik egalari iymon keltirib, taqvo qilsalar edi, mukammal barakot ichida yashar edilar. Ammo, afsuski, bunday qilmadilar:

“Lekin ular yolg‘onga chiqardilar, bas, ularni kasb qilgan narsalari tufayli tutdik”.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Barakotning asosi