15:16 / 22.04.2018
6 225

"O‘g‘limning ko‘zi kech ochildi..."

"Ўғлимнинг кўзи кеч очилди..."
Turmush o‘rtog‘im olamdan o‘tgach, o‘g‘lim va qizimni bir o‘zim katta qildim. O‘g‘lim Sanjarbek oliy ma’lumotli bo‘lib, ishga joylashdi. Yigirma to‘rt yoshida Muhayyo ismli bir qizga ko‘ngil berib, u bilan suhbatlasha boshladi.

O‘g‘lim ishlaydigan tashkilotda tartib-intizom juda kuchli. Sevgan qizi har soatda qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘limni bezovta qilavergach, ustozlaridan ogohlantirish olibdi. Bu haqda Muhayyoga aytsa, qiz tushunishni istamagan. Qo‘ng‘iroqlar davom etavergach, oxiri Sanjarbekni ishdan bo‘shatishdi…

Bu gaplardan xabar topgach, Muhayyoga qo‘ng‘iroq qilib, huda-behudaga o‘g‘limni bezovta qilavermasligini, bu qiz bolaning sha’riga to‘g‘ri kelmasligini tushuntirdim. Qiz avvaliga so‘zlarimni jimgina tinglab, uzr so‘radi va go‘shakni qo‘ydi. Uning bosiqlik bilan “xo‘p bo‘ladi”, degan javobidan so‘ng “To‘g‘ri ish qildimmi o‘zi, ko‘ngliga ozor berib qo‘ymadimmikin?” deb, o‘zimni koyidim ham. Ammo zum o‘tmay, u yana qo‘ng‘iroq qildi. Endi boyagi muloyim qizdan asar ham qolmagan, og‘zidan bodi kirib shodi chiqar, “Siz sevgimga to‘sqinlik qilganingiz uchun hali javob berasiz. Menga qo‘ng‘iroq qilishim uchun onam ruxsat berib qo‘ygan!” deya tap tortmay o‘shqirardi…

O‘sha voqeadan so‘ng Muhayyoning onasi o‘g‘limga qo‘ng‘iroq qilib, uni haqoratlabdi. Buni eshitib, qon bosimim oshib, shifoxonaga tushib qoldim. Shundan so‘ng o‘g‘limning ham ko‘zi ochildi. “Onasini ko‘rib, qizini ol” degan maqol bejiz aytilmaganiga amin bo‘ldim.
Ma’mura,
Toshkent shahri.

— Muhayyoga qo‘ng‘iroq qilib, juda to‘g‘ri ish qilgansiz. Balki boshqa onalar bunga jur’at etishmas. Ba’zida biz — kattalar, “sen menga tegma, men senga tegmayman” qabilida ish tutib, atrofimizdagi muammolarga ko‘z yumib o‘tib ketamiz. Natijada yoshlar ko‘ngliga kelgan ishni qilishga odatlanishadi. “Axir hech kim indamayapti-ku?” degan fikr bo‘ladida-da, ularning xayolida.

Agar Muhayyoning onasi bilan ham suhbatlashib, uni ham voqeadan xabardor qilganingizda, yana ham yaxshi bo‘lardi. Balki u qiz onasiga o‘g‘lingiz va siz haqingizda noto‘g‘ri ma’lumot bergandir. Hali ham kech emas, voqeaga oydinlik kiritib, tushunmovchilikning oldini olish darkor. Balki o‘g‘lingizning qalbida hali ham qizga nisbatan muhabbat bordir. Yoshlarni bir-ikkita aybi uchun butunlay qoralash noto‘g‘ri. Bizning vazifamiz — ularni kechirish, to‘g‘ri yo‘lga solishdir.
Ruhshunos Umida XOLIQOVA tavsiyalari asosida

Nigora RAHMONOVA tayyorladi.

Manba: Tasvir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » "O‘g‘limning ko‘zi kech ochildi..."