18:55 / 08.05.2018
10 798

Bandalarni halokatdan asraguvchi – mohi Ramazon

Bandalarni halokatdan asraguvchi – mohi Ramazon
Qalblarimizni quvonch va mehr- muruvvatlarga to‘ldirib, o‘n ikki oy sultoni – mohi Ramozon kirib keldi. Bu oyda bandalarga Allohning rahmati, mag‘firati va’da qilinib, do‘zax olovidan saqlaguvchi ro‘za farz qilindi. Ro‘za insonni halol-poklikka da’vat etadi, uning qalbini g‘uborlardan tozalaydi. Zero, Qur’oni karimda shunday marhamat qilingan: “Ey, imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat) larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za farz qilindi” ("Baqara" surasi,183-oyat).

Alloh taolo bandalariga Ramazon kunlarida yeb-ichish va boshqa lazzatlardan nafsini tiyishga buyurdi. Bu oy shunday oyki, birinchi o‘n kunligi rahmat, ikinchi o‘n kunligi mag‘firat va uchinchi o‘n kunligi esa, do‘zaxdan najotdir. Ro‘za tutish Alloh taolo buyurgan ulug‘ ibodatlardan biridir. Bu amalni ado etish zamirida ko‘pchilik bilmagan qanchadan-qancha hikmat va fazilatlar bor. “Ramazon oyi barakot oyidir. Alloh taolo bu oyda gunohlarni kechiradi, duolarni qabul qiladi. Bu oyning hurmatini joyiga qo‘ying! Faqat jahannamga ketadigan odamgina bu oyda rahmatdan mahrum qoladi.” (Tabaroniy rivoyati)

“Ramazon oyi muborak bir oydir. Alloh taolo sizlarga Ramazon ro‘zasini farz qildi. Bu oyda rahmat eshiklari ochiladi, jahannam darvozalari yopiladi, shaytonlar kishanlanadi. Bu oyda shunday bir kecha borki, ming oydan ham qadrlidir. Bu kechaning (Qadr kechasining) xayridan mahrum qolgan odam hamma xayrdan mahrum qolgan hisoblanadi.” (Nasoiy rivoyati)

Yuqorida zikr etilganidek, Alloh taolo bandalariga Ramazon oyida yeb-ichish va boshqa lazzatlardan nafsini tiyishga buyurdi. Zero, insonni halokatga boshlovchi birdan – bir narsa qorin istagi va ehtiyoji bo‘lib, shu tufayli Odam alayhissalom va Momo Havo jannatdan yer yuziga tushirilgan edi. Bu darddan qutulishning yo‘li vaqti – vaqti bilan ochlik holatini boshdan kechirib turish bo‘ladi. Umuman, odamzodni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirib, nopok ishlarga chorlovchi narsa ham qorin tashvishidir. Shundan keyin boshqa ko‘ngilxushliklar uchun yo‘l ochiladi. Chunki qorni och odamning xayoliga taomdan boshqa narsa kelmaydi. Ochlik holatiga sabr qilish juda katta matonatni talab qiladi. Aksincha, ko‘p yeb – ichish bu holatni buzib, eng avvalo qalbni xiralashtiradi. Qalb butun bir saltanatni boshqarib turgan hukmdordir. Agar bu saltanat tanazuzulga uchrasa, tananing boshqa a’zolari ham unga bo‘ysunmay qo‘yadi. Buning oqibatida har bir qalb nafs va shahvat quliga aylanaddi.

Ramazon oyi bandalarni ana shunday halokatlardan asraguvchi oydir. Bu oyda bandalar qalbi Allohning rahmati bilan nurafshon bo‘lguvchi oydir. Allohning rahmati tushgan qalb egasi Haqdan adashmaydi, dunyoning zebu-ziynatlari va hoyu-havaslariga aldanmaydi, haqiqatga xiyonat qilmaydi. Shuningdek, Allohning rahmati yog‘ilgan oila esa, albatta, barokotli va fayzli bo‘ladi, unda mehr-muhabbat, o‘zaro vafodorlik hukmronlik qiladi.

Shunday ekan, ushbu muborak oyni g‘animat bilib, Allohning rahmati va mag‘firatiga ega bo‘lmoq uchun intilaylik. Alloh taolo barchalarimizga Ramazon oyini mag‘firat, rahmat va barokat oyi bo‘lishini nasib aylasin.
Xurshida Usmonova,
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudarrisasi

Manba: Xadicha.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bandalarni halokatdan asraguvchi – mohi Ramazon