11:15 / 16.05.2018
9 188

“Ramazon qo‘shig‘i”

“Ramazon qo‘shig‘i”
Ko‘p qavatli uyda yashaydigan bir tanishimizning xonadonida iftor qilayotgan edik. Shom namozini o‘qib bo‘lib, dasturxonga kelib o‘tirishimiz bilan yo‘lakdan bir necha bolakaylarning “Ramazon qo‘shig‘i” eshitilib qoldi.

Ramazon aytib keldik eshigingizga,

Xudoyim farzand bersin beshigingizga…

Bolalarning o‘ziga xos soddagina bu qo‘shiqni eshitgan hammaning chehrasida bir jilmayish paydo bo‘ldi, o‘z bolaligining tansiq xotiralari esga tushib, qalblari bir to‘lqinlanib oldi. Kimdir bolalarga hadya bermoqchi bo‘lib cho‘ntak kavlashga tushdi, kimdir dasturxondagi shirinliklardan ilinmoqchi bo‘ldi. Xonadon sohibi bolakaylarni tort bilan siylamoqchi bo‘lib, kesgani pichoq axtarishga tushdi.

Shu payt po‘rim kiyingan ziyolinamo bir kishining qat’iy amri barchani dillab turgan niyatidan to‘xtashga majburladi. U pachoq gavdasiga yarashmagan do‘rildoq ovozda shunday deb qoldi:

– Obbo, bolalarning har kuni shunaqa yaloqilanib “Ramazon” aytib kelaverishi jonga tegib ketdi-da! Kelajagimiz bo‘lmish farzandlarimizni bunaqa tilanchilikdan, surbetlikdan qaytarish o‘rniga hammalaring biror nima berishga shoshib qoldinglar. Bu ularning tarbiyasini buzadi-ku, axir! Yana buning ustiga diniy ashula aytib, odamlarning uyidan narsa tilanib yurishlari axloqimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini bilmaysizlarmi? Ana shu ashula aytib tilanib yurganlarning bari o‘ziga to‘q oilalardan. Vaapshe, bularning ota-onasi, ustozlari qayoqqa qarayapti o‘zi?

Bu kishi kattaroq mansabdor shekilli, hech kim uning so‘zlariga e’tiroz bildirishga botinmadi. Meni esa boshqa bir narsa qiynoqqa solardi: ana shunday kimsalarning “tarbiya”sini olgan bolalar ertaga ming yillik urf-odatlarimiz, an’analarimizga “diniy” tamg‘a yopishtirib olib, ularni odamlar ongi va turmushidan qisib chiqaradigan, o‘tmishini tan olmaydigan, tarixini mensimaydigan allaqanday manqurt kimsalar bo‘lib yetishmasligiga kim kafolat bera oladi? Beozorgina Ramazon qo‘shig‘i nega bundaylarning qattiq nafratiga uchrayapti? Axir farzandlarimizning Ramazon oyi oqshomlarida ana shunday qo‘shiq kuylab yurishlari ayrim bee’tibor odamlarga ro‘za oyining kirganini bildirishga, bolalarni Ramazon oyiga muhabbat ruhida ulg‘ayishlariga bir turtki emasmi? Axir, bizlarning bolalik paytimizda tengdoshlarimizning yarim tunda nog‘ora, tog‘ora chalib odamlarning saharlikka uyg‘otganlari, odamlar taroveh namozidan qaytgunlaricha ko‘chalar turli o‘yinlar bilan mashg‘ul bolalar bilan to‘la bo‘lganiga ana shu an’analarga sodiqlik sabab bo‘lmaganmidi?!

Harqalay, ertasiga bolalar “Ramazon qo‘shig‘i”ni aytib xonadonimiz eshigini taqillatishganida bir hovuch shirinlik bilan ularning istiqboliga chiqdim…
Ahmad MUHAMMAD

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Ramazon qo‘shig‘i”