20:53 / 21.05.2018
16 357

Ro‘zani saharlik qilmay tutsa bo‘ladimi?

Ro‘zani saharlik qilmay tutsa bo‘ladimi?
«Islom.uz» Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Mo‘minning qalqoni» kitobidan saharlik va iftorlikning o‘ziga xos xususiyatlari haqidagi rivoyatlarni keltirdi.

Alloh taoloning har bir amri hikmatlarga boydir. «Allohning rahmati bahona qidirur» degan mashhur maqol bor. Alloh bu ummatga rahmatini yog‘dirishni iroda qilib, o‘z Payg‘ambari orqali saharlik va iftorlik qilishni sunnat qildi.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: ‘Alloh taolo va Uning farishtalari saharlik qiluvchilarga rahmat tilab, duo qiladilar’,— deganlar».

Tabaroniy va ibn Hibbon rivoyat qilishgan.

Musulmon kishi qorni to‘q bo‘lsa ham, taomga ehtiyoji bo‘lmasa ham saharlikda birorta xurmo yoki bir-ikki qultum suv ichib olsa, Payg‘ambarimiz alayhissalomning sunnatlariga ergashgan bo‘ladi. Zero, Anas ibn Molik roziyallohu anhu u zotning «Saharlik qilinglar, saharlikda baraka bor»,— deganlarini aytgan.

Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan saharlik qildik. So‘ngra u zot namozga turdilar»,— dedi. «Azon bilan saharlikning orasida qancha bo‘lar edi?»— dedim. «Ellik oyat miqdoricha»,— dedi.

Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan.

Nasoiy va Abu Dovudning rivoyatida: «Saharlik yemagini lozim tutinglar, chunki u muborak yemakdir»,— deyilgan.

Abu Dovudning bir rivoyatida: «Xurmo mo‘min uchun qanday yaxshi saharlik!» deyilgan.

Tobe’inlardan Abu Atiyya va Masruqlar Oishaning huzuriga kirib, «Ey mo‘minlarning onasi, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan ikki kishi yaxshilikda musobaqalashishadi. Biri iftor bilan (shom) namozni tezlatadi. Boshqasi esa iftor bilan (shom) namozni ortga suradi»,— deyishdi. Oisha: «Qay biri iftorni va namozni tezlatadi?»,— deb so‘radi. «Abdulloh ibn Mas’ud»,— deyishdi. Oisha: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilar edilar»,— dedilar. Iftor va namozni ortga surgan Abu Muso edi».

Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyat qilishgan.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (ro‘zani saharlik qilmay,) ulab tutishdan qaytardilar. Shunda odamlar: ‘O‘zingiz ulab tutasiz-ku?’— deyishdi. ‘Men sizlardek emasman. Men yedirib-ichirib turilaman’,— dedilar».

Muslim rivoyat qilgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: ‘Sahar taomidan kunduzgi ro‘zaga, qaylula uyqusidan tundagi qiyomga quvvat olinglar’,— dedilar».

Ibn Moja, Hokim va Tabaroniy rivoyat qilishgan.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: «Iftor paytida ro‘zadorning mustajob duosi bor».

Abu Dovud rivoyat qilgan.

Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Modomiki iftorni tez qilishar ekan, kishilar yaxshilikda bo‘lurlar»,— dedilar.

Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyat qilishgan.

Abu Dovudning lafzida: «Modomiki odamlar iftorni tez qilishar ekan, din ustun bo‘lur»,— deyilgan.

Termiziy va Ahmadning rivoyatlarida esa: Alloh azza va jalla: «Men uchun bandalarimning eng mahbubi iftorni tezroq qiladiganidir»,— dedi, deyilgan.

Salmon ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Qachon biringiz iftor qilsa, og‘zini xurmo bilan ochsin, chunki u barakadir. Kim topmasa, suv bilan ochsin, chunki u poklovchidir»,— dedilar.

«Sunan» egalari rivoyat qilishgan.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam namoz o‘qishdan oldin og‘izlarini bir nechta ho‘l xurmo bilan ochar edilar. Ho‘l xurmo bo‘lmasa, quruq xurmo bilan, u ham bo‘lmasa, bir necha ho‘plam suv bilan ochar edilar».

Termiziyning rivoyatida: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam qishda xurmo bilan, yozda suv bilan og‘iz ochar edilar»,— deyilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ro‘zani saharlik qilmay tutsa bo‘ladimi?