15:26 / 29.05.2018
7 854

Mo‘minning farosatidan qo‘rq…

Mo‘minning farosatidan qo‘rq…
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minning farosatidan ehtiyot bo‘linglar, chunki u Allohning nuri bilan nazar soladi”, – dedilar. So‘ng, “Albatta, bu (hodisa)da farosatli kishilar uchun alomatlar bordir” [Hijr surasi 75-oyat] oyatini o‘qidilar” (Termiziy rivoyat qilgan).

Ulamolar farosatni ikki qismga bo‘ladilar.

Birinchisi: Alloh taolo o‘zining valiy bandalarining qalbiga solgan karomatdir. Ushbu karomat orqali insonlarning holatini bilib turadilar.

Ulamolar bunga misol qilib, Usmon roziyallohu anhuning hayotlarida sodir bo‘lgan quyidagi voqeani keltiradilar: Bir kuni u zotning huzuriga bir kishi kirdi. Shunda Usmon roziyallohu anhu:

– Sizlardan biringiz ko‘zlaridagi gunoh asari bilan kirib kelmoqda, – dedi. Haligi kishi hayrat bilan:

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin ham vahiy bormi?! – deya g‘alati holatga tushib qoldi. Usmon roziyallohu anhu:

– Yo‘q, lekin sodiq farosat bor, – dedi.

Ikkinchisi: Dalil, asos va tajribalar, insonlarning xulq – atvori, tashqi ko‘rinishi orqali o‘rganiladigan qismdir. Mana shu bilan insonlarning holatini bilib turadi.

Manoviy rahmatullohi alayh, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning ushbu hadisdagi so‘zlari haqida: “Mo‘minning farosatidan ehtiyot bo‘linglar, chunki u Allohning nuri bilan nazar soladi”, – ya’ni “Mo‘min qalbidagi ko‘zni qamashtiruvchi nurlari bilan yashirin, pinhoniy fikrlardan xabardor bo‘lib turishi, haqiqatlardan voqif bo‘lishidan ehtiyot bo‘linglar. Chunki u Allohning nuri ila yorishgan qalb ko‘zi ila nazar soladi”, – deb sharh qilgan.

Hokim Qutaybadan rivoyat qilib aytadi. “Men Muhammad ibn Hasan va Shofe’iy (rahimahumalloh) larni Ka’baning hovlisida o‘tirganlarini ko‘rdim. Ularning oldidan bir kishi o‘tdi. Ulardan biri:

– Kel, mana bu odamning kasbi – kori haqida farosatimizni o‘tkirligini sinab ko‘ramiz, – dedi. Ulardan biri:

– U tikuvchi, – dedi. Ikkinchisi esa:

– U duradgor, – dedi. Keyin unga bir odamni yuborib, kasbi haqida so‘radilar.

– Avval tikuvchi edim. Hozir duradgorlik bilan shug‘ullanayapman, – deb javob berdi.

Demak, gohida inson o‘tkir aql – farosati bilan boshqa bir insonning faoliyati va xulq – atvorini bilib olish imkoniga ega bo‘ladi.

Shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, odamlar ichida o‘zini o‘tkir aql – farosat egasi, deb da’vo qilayotgan ba’zi firibgarlik, nayrangbozlik bilan shug‘ullanadigan, gipnoz yoki fokus kabi turli ko‘zbo‘yamachilik qiladigan kimsalardan ehtiyot bo‘lish lozim. Ularning jinlar bilan aloqasi bo‘lib, odamlarga turli aldov va nayranglar bilan ta’sir o‘tkazadilar.
Toshkent tumani “Xolmuhammad ota” jome
masjidi imom-xatibi Avazxo‘ja Bahromov

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Mo‘minning farosatidan qo‘rq…