20:20 / 30.05.2018
11 156

Nafl namoz xonadonimizdagi baraka kalitidir!

Nafl namoz xonadonimizdagi baraka kalitidir!
Albatta, har bir inson oxiratim nima bo‘larkan, degan shubhada yashaydi. Nima bo‘lganda ham, Allohning roziligini topish va jannatga kirish har bir mo‘min-musulmonning oliy maqsadi hisoblanadi. Bu esa yurt koriga yarab, savobli amallarni ko‘proq qilishga bor imkoniyatini sarflashni talab etadi. Shunday imkoniyatlardan biri – nafl namozlarning uyda o‘qilishligidir. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “(Nafl) namozni uyingizda o‘qingiz. Albatta, kishining eng yaxshi namozi uyidagisidir. Faqat farz namoz bundan mustasno”, dedilar”. Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilgan.

Hadisdan ko‘rinib turibdiki, nafl namozlarni uyda o‘qishlik afzal ekan. Chunki bunda riyodan uzoq bo‘linadi, qabul aniq bo‘ladi, barakoti uyga uradi, shayton uydan qochadi. Ko‘pincha uyda baraka yo‘qligi haqida savollar bilan murojaat qilishadi. Ba’zilar esa uyimda shayton ko‘payib ketgan, deb “uy tozalovchilarga” murojaat qilishadi. Nima uchun insonlar Alloh taoloning payg‘ambari aytgan nasihatga quloq solmasdan, o‘z bilganlaridan qolmay folbinlarga yoki “uy tozalovchilarga” murojaat qilishadi?! Tekinga mushuk ham oftobga chiqmaydi deganlaridek, ularga ham ancha-muncha xarajat qilinadi. Vaholanki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hech qanday xarajat talab qilmaydigan nasihatni aytib ketganlar. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Qachon biringiz masjiddagi namozni bitirsa, uyi uchun ham o‘z namozidan nasiba qilsin. Chunki, Alloh uning uyida namozi sababli yaxshilik qiladir”, dedilar”. Imom Muslim rivoyat qilgan. Ya’ni uyda o‘qilgan nafl namoz uy uchun xayr baraka hosil bo‘lishi, shaytonga esa nasiba qolmasligiga sabab bo‘lar ekan.

“Kichkina tabib” degan filmni ko‘pchilik ko‘rgan. Ana o‘sha yerda bemor qizning buvasi tabib boladan: “Nima uchun nevaram tuzalmayapti, ko‘rsatmagan shifokorlar qolmadi, hatto chet eldan ham doktorlar olib keldik?” – deb so‘raganda, u: “Uyingizda farishta yo‘q”, – deydi.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Alloh zikr qilinadigan uy bilan, Alloh zikr qilinmaydigan uy misoli, xuddi tirik bilan o‘likning misoliga o‘xshaydi”, dedilar”. Imom Muslim rivoyat qilgan.

Demak, Allohning zikri uyni tirik holga keltiradi. Ma’naviy tirik odamning uyi ham tirik bo‘ladi. Kim uyida nafl namoz o‘qib turar ekan, uyining sharafi oshadi, qadri yuksaladi. Sajda qilingan har bir parcha yer qiyomatda sajda qiluvchi foydasiga guvohlik beradi. Shuning uchun ham har bir mo‘min-musulmon o‘z uyini namoz bilan, Allohning zikri bilan obod qilsa foydadan holi bo‘lmaydi.

Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Kishining o‘z uyidagi farz namozidan boshqa namozi mening ushbu masjidimdagi namozdan afzaldir”, dedilar”. Abu Dovud rivoyat qilgan.

Odatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning masjidlaridagi bir rakat namoz boshqa masjidlardagi ming rakat namozga teng bo‘ladi. Lekin shundoq bo‘lsa ham, birovning o‘z uyida o‘qigan nafl namozi Masjidi Nabaviyda o‘qiydigan namozidan afzal ekani Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonidan tasdiqlanishi Alloh taoloning bandalariga bergan juda katta imkoniyati ekanligini hech qachon unutmasligimiz kerak.
Bo‘stonliq tumani “Doniyor bin Ozod”
jome masjidi imom noibi M.Abdusaitov

Manba: Hidoyat.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nafl namoz xonadonimizdagi baraka kalitidir!