07:30 / 15.06.2018
12 104

Inson umriga besh narsa kelishidan oldin, besh narsaning qadriga yetishi lozim ekan

Inson umriga besh narsa kelishidan oldin, besh narsaning qadriga yetishi lozim ekan
Bu dunyoda hech narsa abadiy emas. Hatto insonga berilgan ne’matlar ham. Shu sabab Payg‘ambarimiz (s.a.v) besh narsa kelishidan oldin, besh narsaning qadriga yetish lozimligini o‘rgatganlar.

Ibn Abbosdan (r.a) rivoyat qilinadi:

Payg‘ambarimiz (s.a.v): «Besh narsa kelishidan oldin besh narsadan to‘g‘ri foydalanib qoling: keksalik kelishidan oldin yoshligingizdan, kasal bo‘lishdan oldin sog‘ligingizdan, kambag‘allik kelishidan oldin boyligingizdan, band bo‘lib qolishingizdan oldin bo‘sh paytingizdan va o‘limingiz kelishidan oldin hayotingizdan».

Sharh: Ushbu hadisda inson bolasi hayotini qanday qilib samarali kechirishi aytib o‘tilgan. Eng avvalo, har bir odam keksalik yoshiga yetishidan oldin, yoshligidan to‘g‘ri foydalanib qolishi kerak. Qaysi ma’nodaki, Xudoning ko‘rsatgan yo‘lida yurib, o‘zidan foydali amallarni qoldirishi lozim. Ibodatda bo‘lib, ota-onasiga, yaqinlariga va jamiyatga foydasi tegadigan ishlarni qilishi shartdir. Chunki odam qariganda istasa ham bu ishlarni qilishga kuchi va qurbi yetmay qoladi.

Hadisda, shuningdek, kasallik kelishidan oldin sog‘likdan to‘g‘ri foydalanish kerak, deyilyapti. Shu o‘rinda har bir musulmon odam bilishi lozimki, salomatlik insonga Alloh tarafidan berilgan bir ne’matdir. Uni to‘g‘ri yo‘lda ishlatmaganlar qiyomat kunida javob berishadi. Ya’ni, sog‘likka zarar keltiradigan narsalarni iste’mol qilish (misol uchun sigaret, spirtli ichimliklar, giyohvand moddalar va hokazolar) sog‘lik uchun zarardir. Ro‘za tutish, namoz o‘qish, o‘zgalarga yordam berish va sog‘lik talab qiladigan boshqa amallarni sog‘ bo‘lgan paytda qilib olish kerak. Chunki bemor bo‘lib qolgan odam, bunday amallarning aksarini bajara olmaydi.

Xudo sinash uchun istagan odamini boy va istaganini kambag‘al qilib qo‘yadi. Ko‘pchilik “qani endi men ham boy bo‘lsam, men ham ko‘plab xayriya qilar edim”, deydi. Lekin ba’zilarning pullari ko‘paygan sari Alloh taolo yo‘lida sarf qiladigan pullari ham kamayib ketadi. Buning o‘rniga har kim qurbi yetganicha sadaqa ehsonlarini Yaratganning roziligi uchun doimiy ravishda bajarib turishi kerak. Chunki odam bor pulidan ham ayrilib qolishi hech gap emas.

Odamlarning bo‘sh vaqtlari ham katta bir ne’matdir. Chunki bo‘sh paytda har qanday qo‘shimcha yaxshi ishlarni amalga oshirsa bo‘ladi (masalan: qarindoshlarni ziyorat qilish, yordamga muhtoj bo‘lgan odamlarga ko‘mak ko‘rsatish, foydali ilmlarni o‘rganish va hokazo). Lekin odamlar har xil ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib qolganlarida bu ko‘zlagan xayrli amallarni bajarishga vaqt topa olmay qolishadi va uning savobidan bebahra bo‘lishadi.

Har bir odamga muhim bo‘lgan yana bir narsa bu hayotli paytida undan unumli foydalanib qolishlikdir. Chunki hech kim qancha umr ko‘rishini bilmaydi. Ba’zi odamlar “men qariganimda yoki nafaqaga chiqqanimda falon-falon ishlarni qilaman”, deb o‘zlarini yupatishadi. Lekin uni qaysi yoshga yetib borishini va ajali qachon ekanligini Allohdan o‘zga zot bilmaydi.

Shunday ekan, vaqtimiz, sog‘lig‘imiz, molu dunyoimiz borligida ulardan unumli foydalanib Allohning roziligini va muhabbatini qozonib olishga harakat qilishimiz lozim.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Inson umriga besh narsa kelishidan oldin, besh narsaning qadriga yetishi lozim ekan