22:53 / 10.07.2018
10 421

Muvaffaqiyatga erishishning 10 ta siri

Muvaffaqiyatga erishishning 10 ta siri
1. Umidsizlikka tushmang

Noumidlik – muvaffaqiyatga erishishga to‘sqinlik qiluvchi birinchi raqamli dushman. Shuning uchun darhol umidsizlikdan xalos bo‘lishingiz zarur. Buning eng qulay yo‘li – Alloh taolo sizga ato etgan imkoniyatlar, qobiliyatlar haqida tafakkur qilishingizdir. Olimlar aytishlaricha, inson o‘ziga berilgan imkoniyatlarning faqat 10 foizini ishlatar ekan. Shunday ekan, hozir sizda kamida 90 foiz imkoniyatingiz, ishlatilishini kutib turgan yashirin quvvatingiz bor. Agar ularni ishga sola bilsangiz, muvaffaqiyatingiz sari asosiy qadamni bosgan bo‘lasiz.

2. Yiqilish – muvaffaqiyatga erishish yo‘li

Ko‘plab kashfiyotchilar, ishlab chiqaruvchilar juda ko‘p martalab omadsizlikka uchraydilar. Lekin ular qayta-qayta urinib ko‘radilar. Bu esa oxir-oqibat muvaffaqiyatning sababi bo‘ladi. Agar bir necha marta omadsizlikka uchrasangiz, bu degani siz hech qachon yutuqqa erishmaysiz deganimas. Balki bu omadsizlik siz uchun tajriba, malaka bo‘lib, undan kelgusida yuz beradigan toyilishdan saqlanishni o‘rganasiz. Shuning uchun ham “Chumoli maqsadiga yetish uchun 99 marta urinib ko‘radi va yuzinchi martasida yetadi” degan gap bor.

3. Vaqtni boshqarish san’ati

Vaqt orqaga qaytmaydi. Shuning uchun har bir daqiqadan unumli foydalanishga harakat qiling. Vaqtni zoye qilishdan ehtiyot bo‘ling! Vaqt sizni muvaffaqiyat sari yetaklaydigan xazinadir, faqat bir sharti bor: siz uning har bir lahzasidan oqilona foydalanishingiz kerak!

4. To‘g‘ri qaror qabul qilish

Noto‘g‘ri qarorlar – muvaffaqiyatdan to‘sadigan eng katta omillardan biridir. Shuning uchun bir qaror qabul qilishdan oldin uzoq o‘ylab, masalaning har tarafini hisobga olib, munosib vaqtni belgilab, eng namunali tajribadan foydalanib, to‘g‘ri qaror qabul qilishingizni maslahat beramiz. Shu o‘rinda bir qoidani eslatib o‘tamiz: “Ikki nuqta orasidagi eng qisqa yo‘l – to‘g‘ri chiziqdir”.

5. Kichik narsalarni past sanamang

Kichik masalalarni arzimas sanamang. Gohida ozgina fikr katta muammoning yechimi bo‘lishi mumkin. Shuning uchun muammoingiz har qancha katta bo‘lmasin, uning yechimi juda oddiy bo‘ladi. Faqat bir sharti bor: tanglikdan xalos bo‘lishingiz va muammoga kichik, yechimi bor narsa deb qarashingiz kerak. Ana shunda tezda yechim topiladi. Muhimi shoshmasdan fikrlang va muammoga o‘z hajmidan katta tus bermang.

6. Birinchi qadamning ahamiyati

Dunyodagi eng uzun sayohat ham birinchi qadamdan boshlanadi. Agar siz shu qadamni qo‘ymasangiz, yo‘lning oxiriga yetolmaysiz. Shuning uchun oldingizda katta loyiha, qilinishi kerak bo‘lgan muhim ish bo‘lsa, ilk qadamni qo‘yishga ikkilanmang! Ana shunda qolgan qadamlar uning ortidan birma-bir keladi. Muhimi, siz shu birinchi qadamni paysalga solmang. Loyihani amalga oshirishdagi, muvaffaqiyatga erishishdagi muhim omillardan biri – birinchi qadamni qo‘yishdir.

7. Aniq maqsad – muvaffaqiyat kaliti

Agar sizda maqsad bo‘lmasa, hech qachon muvaffaqiyatga erisholmaysiz. Maqsadni aniq qilib belgilab olish marraga erishishning yarmidir. Shuning uchun amalga oshirmoqchi bo‘lgan maqsadlaringizning ro‘yxatini tuzib, unga erishishga sabab bo‘ladigan eng afzal yo‘lni o‘rganib olishingiz kerak. Ana shunda Allohning izni ila muvaffaqiyatga erishasiz.

8. Rostgo‘ylik

Muvaffaqiyatga erishmoqchi, omadli yetakchi bo‘lmoqchi bo‘lsangiz, o‘zaro muomalalarda rostgo‘ylik va boshqalarni hurmat qilishni o‘zingizga shior qilib oling. Shunda atrofingizdagi insonlarning ishonchini, hurmatini qozonasiz. Aytadigan har bir so‘zingiz rost bo‘lishiga e’tibor bering va shunga urining. Bilingki, muvaffaqiyatga erishish va yaxshi rahbar bo‘lishning eng qisqa yo‘llaridan biri – rostgo‘ylikdir.

9. Vaziyatni va hissiyotlaringizni boshqaring

Omadga erishishning eng muhim omillaridan biri – atrofingizdagi vaziyatni va hissiyotingizni idora qilishingizdir. Agar shunday qilmasangiz, mavjud vaziyatning o‘zi sizni istagan kuyiga solishi va toyiltirishi mumkin. Shuning uchun his-tuyg‘ularingiz va fikrlaringizni nazorat qila oling. Omadga erishishingiz uchun munosib vaqt va sharoitni izlang. Hech qachon tasodifan omadga erishaman deb o‘ylamang!

10. Mehnat qilish

Ishlash – maqsadga yetishishning eng asosiy yo‘llaridandir. Muvaffaqiyatga erishgan insonlarning ta’kidlashicha, omadning 95 foizi muntazam va davomli mehnatdir. Aql-zakovat esa muvaffaqiyatga erishishga atigi 5 foiz hissa qo‘shadi. Shuning uchun aniq maqsadni oldingizga qo‘yib oling-da, mehnat qiling, ishlang, izlaning. Yaxshi natijani istasangiz, tirishib, sabr-bardosh bilan ishlang. Ana shundagina Allohning izni ila mehnatingizning samarasini ko‘rasiz.

Manba: muslim.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Muvaffaqiyatga erishishning 10 ta siri