09:25 / 11.07.2018
12 844

Pashshaga aylangan chayon...

Pashshaga aylangan chayon...
Qamoqdaligimda bir oper bo‘lardi. Har doim asabni buzadigan haqorat, mazax aralashtirib gapirardi.

- Nega unday qilasiz? - deb so‘radim bir kuni.

- Bilmaysizmi, oper bu chayon degani. Kasbimiz shu. Nish urib turamiz, - deb javob bergandi o‘shanda u...

Ammo u bechora bilmaydiki, allaqachon chayonligi tugab, faqat g‘ashga tegishdan boshqa ishga yaramaydigan pashshaga aylanib bo‘lgan. Pashshani esa hatto haqorat ham qilib bo‘lmaydi. Chunki uning o‘zi haqoratdan ham past...

U-ku bir oper. Uni odam qatoriga qo‘shmasa ham bo‘lsa kerak. Ammo biz-chi? Biz musulmonlarga nima bo‘lyapti? Ayrim o‘rinlarda bir-birimizga nisbatan chayonlik va hatto pashshalik qilib qo‘ymayapmizmi? Boz ustiga mana shu chayonligu pashshaligimizni dinga xizmat, din uchun qayg‘urish deya talqin qilmayapmizmi? Bir gapdan qolish shunchalar og‘irmi? Ayniqsa, anavi iflos mirshabning o‘zbek ayoliga nisbatan qilgan razilligi kasofatidan odam hatto yashagisi ham kelmay qolib turgan bir onlarda bunday ishlarning sodir bo‘lishi yanada ayanchli, og‘riqli, alamli emasmi?

Bu borada hozircha men yetib kelgan cho‘qqi shu bo‘lyaptiki, agar menga nisbatan birov shunday chayonlik yoki pashshalik qilsa, ko‘proq istig‘for aytib, shu ishning gunohlarimga kafforat bo‘lishini so‘rasam, qalbim ancha xotirjam bo‘lyapti. Ammo, meni tahqirlaydigan senmisan, tahqirlash qanaqaligini senga ko‘rsatib qo‘yaman, degan ma’nodagi vasvasalarga berilsam, bebaho umrim - vaqtim qanchalar tuban ishlarga sarf bo‘lib ketib qolishini anglagandek bo‘lyapman. Alloh bundan-da yuksakroq cho‘qqilarga erishtirsin.

Birodarlar, ko‘zimizni ochaylik. Bir tiyiqsizga o‘chakishib, hammamiz tiyiqsizga aylanib qolmaylik.

Birovning dasturxoniga qo‘nib, g‘ashga tegishni kasb qilib olgan pashsha bo‘lib qolishdan ham, pashsha quvish bilan ovora bo‘lib, dasturxonga qaramaydigan bebahra bo‘lib qolishdan ham Alloh asrasin!
Muqim Mahmud

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Pashshaga aylangan chayon...