07:30 / 14.07.2018
7 627

Doimiy yaxshi kayfiyatga erishish uchun nima qilmoq kerak?

Doimiy yaxshi kayfiyatga erishish uchun nima qilmoq kerak?
Inson ruhiyati bilimdonlari ish unumi kayfiyatga bog‘liq ekanini aytishadi. Chunki, doimo yaxshi kayfiyatda yuruvchi kishilar stressdan uzoqda bo‘lishadi, yurak qon-tomir kasalliklariga kamroq chalinishadi, bosh og‘rig‘idan ham kam shikoyat qilishadi.

Xo‘sh, doimiy yaxshi kayfiyatga erishib bo‘ladimi? Omadsizlik, ro‘zg‘or tashvishlari, odamlar bilan o‘zaro muloqot kayfiyatga ta’sir etmasdan qolmaydi. Amerika psixologiya assotsiatsiyasi olimlari psixoterapiya sxemasiga jismoniy mashqlarni qo‘shishni tavsiya qiladi. Shunday ekan, raqsga tushing, sakrang, yengil mashq qiling: endorfinlarni ishlab chiqarish uchun har qanday jismoniy faollik turi to‘g‘ri keladi. Harakat – bu nafaqat kayfiyatni ko‘tarish va zo‘riqishni kamaytiruvchi kuchli vosita, balki xotirani mustahkamlash va umuman fikrlash qobiliyati uchun a’lo darajadagi samarali usuldir.

Ortib borayotgan bosimga jismoniy faoliyat yordamida qarshi turish mumkin: mashqlar, yugurish yoki velosipeddagi sayr zo‘riqishga qarshi kurashda asqatadi. Tonggi jismoniy mashqlar butun kun uchun zarur sur’atni hadya etib, diqqatni muhim vazifalarda jamlashga yordam beradi. Kunni 10 daqiqa jismoniy mashq qilishdan boshlang va uning davomiyligini yarim soatgacha yetkazing.

Yomon kayfiyat kuch-quvvat va ishdagi samaradorlikdan mahrum qiladi. O‘zingizdan jahlingiz chiqmasin: agar kuningiz oddiy o‘tsa, o‘nta murakkab ish o‘rniga uch oddiy ishni rejalashtiring. Kichik bo‘lsa-da, maqsadga erishish o‘zingizdan qoniqish hosil qilish hissini qaytaradi. Ishda bo‘lsangiz, birorta hamkasbingizga, uyda bo‘lsangiz, oilangiz a’zolarining biriga tabassum qilib ko‘ring, sizning ham, siz tabassum yuborgan kishining ham kayfiyati ko‘tarilganini sezasiz. Chunki tabassum qilishda ishtirok etayotgan mushaklar qisqarganda, bosh miyada quvonchli his-tuyg‘u haqida axborot paydo bo‘ladi.

Tanamiz bu – mexanizm. Mazkur g‘aroyib va betakror tizim g‘amxo‘rlik va hordiq chiqarishga muhtoj. Ishxonadan uyga ketayotib, har kuni kompyuterni o‘chirib ketasiz, tana va miyaga ham aynan shu zarur.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yaxshi uyqu miyaga kun davomida to‘planuvchi zaharli moddalardan qutulish imkonini berar ekan, aynan shuning uchun ham 7-8 soatlik uyqu ruhiy va jismoniy salomatlik uchun juda muhim.

Haftada bir marta (xohlang har kuni) umuman yangi narsani sinab ko‘rishni o‘zingizga vazifa etib belgilang. Bu judayam ulkan g‘oya bo‘lishi shart emas, misol uchun ishga boshqa yo‘ldan boring. Hatto mana shu arzimas narsa ham – g‘aroyib tajribadir. U miyani yangi fikrlash usullari va his qilishga tayyorlaydi.

Kunimiz muomala madaniyatidan boshlanadi. Shunday ekan, har bir kunni yaqinlarimiz, atrofdagilar, hamkasblarga yaxshi, shirin muomaladan boshlasak, ishda unum bo‘ladi.

Kunni yaxshi kayfiyat bilan boshlang, bilingki bugun hayotingizdagi eng yaxshi kun bo‘lishi mumkin!..

BIR UMR FOYDASI TEGADIGAN BITIKLAR

Kunni yaxshi kayfiyat bilan boshlab, ijobiy hissiyotlar qalbingizni tark etishiga yo‘l qo‘ymang. Ana shunda, tortishish qonuni bo‘yicha ijobiy holatlar, vaziyatlar va insonlarni o‘zingizga tortaverasiz va kayfiyatingiz yaxshilanib boraveradi.
* * *
Agar biz dunyoga ijobiy nuqtai nazardan yondashsak, ijobiy o‘ylaydigan odamlar, ijobiy hodisalar va holatlarni o‘zimizga jalb qilamiz. Salbiy dunyoqarash faqat salbiy kishilar va hodisalarni o‘ziga tortadi.
* * *
Muvaffaqiyat to‘g‘risida gapiradigan odamlar to‘q va farovon hayot kechiradilar.
* * *
O‘zingizni yaxshi his qilishingiz juda muhim, chunki bu holat sizdan IJOBIY SIGNALLAR tarqalishiga sabab bo‘ladi. Sizning vazifangiz o‘zingizni xuddi istakka yetishgandek his etish. Shunda olam sizga javob qaytaradi. Buni birorta kichik narsadan boshlagan ma’qul. O‘zingizda bo‘lgan narsalarga munosabatingiz o‘zgarishi bilan yaxshi narsalarni ko‘proq jalb etishni boshlang.
* * *
Qani endi menda ham shunday mashina bo‘lsa, vaqti kelib men ham albatta xuddi shunday mashinali bo‘laman, deb o‘ylashning o‘zi yetarli emas. Bu hissiyotlar aslo kelasi zamonda emas, balki hozirgi zamonda his etilishi kerak. Aks holda u kelajak bo‘lib qolaveradi.
* * *
Quvonch, qalb osoyishtaligi va vijdoningiz bilan hamohanglikka intilsangiz, moddiy boyliklar o‘z-o‘zidan kela boshlaydi.
* * *
Biron kishi bilan munosabatlaringiz yaxshilanmayotgan bo‘lsa, uning ijobiy fazilatlarini esga olishingiz bilan o‘zgarish yuz beradi. Uning yaxshi tomonlarini qayta-qayta takrorlang. Ko‘rasiz, sizning ijobiy fikringizga u ham ijobiy javob qaytaradi.
* * *
Tanamiz unga muhabbatimiz, g‘amxo‘rligimiz va minnatdorligimiz yetishmayotganini bildirish uchun kasal bo‘ladi.
* * *
Kasallik ijobiy hissiyotlarga to‘yingan tanada uzoq muddat saqlanib qola olmaydi.

Manba: Mulohaza.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Doimiy yaxshi kayfiyatga erishish uchun nima qilmoq kerak?