10:49 / 17.07.2018
8 553

Qamoqxonada ko‘rgan kechirganlarim... (1-qism)

Qamoqxonada ko‘rgan kechirganlarim... (1-qism)
Onadan tug‘ilibmanki, sag‘irlikda yashadim. qarindosh-urug‘larning aytishlaricha, onam Risolat buvi va dadam Rahmon temirchi (Olloh ularni rahmatiga olgan bo‘lsin) lar qirqim chiqib ulgurmasdanoq meni ko‘tarib shaharga borishibdi. Dadam farzandli bo‘lganidan suyunib ketibmi, onam ikkimizni bir sidirg‘a kiyintirishni niyat qilgan ekan. Afsuski, niyatiga yetolmabdi. Taksida ketayotib avtohalokatga uchrabmiz. Ular kasalxonada vafot etishibdi.

Meni Xudo asrabdi.

Ota-onasiz hayot hayotmidi. O‘n sakkizga yetguncha ammam Sabina opaning qaramog‘ida yashadim. Pochcham Tilavoldi ichuvchi odam edi. Kunora mast holda kelib, ammamni, ketidan meni kaltaklardi. Oxiri jonimga tegdi. Kunlarning birida kaltaklarga chiday olmay, uni belkurak bilan tushirdim. Pochcham hushdan ketib yiqilgandi. Biroq men o‘ldirib qo‘ydim deb o‘yladim-u, uydan qochib ketdim…

Shu ko‘yi qaytmadim. Berkinib, pusib Rossiyaga qatnaydigan yuk poyezdiga o‘tirdim-u… Boshim oqqan tarafga jo‘nadim.

Bundan keyingi hayotim esa…
***
Mana, Rossiyaning shimoliy viloyatlaridan birida yashay boshlaganimga ikki yil bo‘ldi. Nolimayman. harqalay, ammamnikidagidan ko‘ra yaxshiroq yashayapman desam bo‘ladi. Nina xola degan sakson yoshli yolg‘iz kampirnikida ijarada turaman. Kunduzlari qurilishlarga borib yollanaman… halol pul topaman. Nina xola juda mehribon. Ijara haqini ikki-uch kun o‘tib bersam ham urishmaydi. Aksincha meni tinchlantirib, qo‘limga bir kosa karam sho‘rva tutqazishni kanda qilmaydi…

Bugun dam olishni niyat qilgandim. Tashqarida qalin qor, havo sovuq. Uyda yastanib yotgandan ko‘ra ko‘chaga chiqib biror qahvaxonada rostakamiga dam olishga qaror qildim…

Darvoqe, begona yurtlarda musofirlikda yashashning ham o‘z mushkulotlari bir talay. Agar yigit devqomat, ayyorroq, abjir bo‘lmas ekan, holiga voy. Duch kelgan it tishlamay o‘tmaydi. Xudoga shukr, dadamga tortgan ekanman. Bo‘yim ikki metrga yaqin, qolaversa, bu yurtlarga kelganimdan beri qurilishdagi akaxonlardan ozmi-ko‘pmi mushtlashish sirlarini o‘zlashtirib olganman. Bir so‘z bilan aytganda, uncha-munchasiga yakkama-yakka duch kelsam, so‘z beradigan ahmoq yo‘q…

Ha-a, cho‘ntagingda puling bo‘lsa, qaysi zamonda yashamagin, o‘zing xohlagancha kayf qilishing mumkin. Men ham barga kirib bir chetda turib olgancha, to‘yib aroq ichdim. Ketidan ruslarning odatiga ko‘ra bir shisha pivoni sipqordim.

Kayfim tarang bo‘ldi. Ana endi bemalol uyga borib Nina xolamning mazali taomlaridan tanovul qilsam bo‘laveradi. Ertaga esa yana ishga…

Bardan chiqib uy tomon yo‘l oldim. Lekin katta yo‘lni kesib o‘tgan ham edimki, oppoq «Volga»ga ko‘zim tushib taqqa to‘xtadim. To‘xtamaslikning iloji yo‘q edi. Uch nafar barzangi mashinaning chap yonboshida kimnidir kaltaklardi. Kaltaklanayotgan erkak ham past bo‘yli, semizdan kelgan edi. Ikki qo‘li bilan boshini berkitib g‘ujanak bo‘lib olgan ko‘yi bas qilishlarini so‘rab qichqirardi. Ammo barzangilar hadeganda to‘xtaydigan emasga o‘xshaydi. Rahmim keldimi, negadir qonim qaynab ularga yaqin bordim va birining qo‘lidan ushlab qoldim.

— Vey, o‘ldirib qo‘yasanlar-ku! — baqirdim men. — Bo‘ldi-da endi!..

— Tirrancha, qoch! — meni itarib yubordi barzangi. — Aralashma!..

Sherigi ham kutilmaganda past bo‘ylini kaltaklashdan to‘xtab, menga yaqin keldi.

— Kimsan o‘zi?.. — iyagimdan tutib qo‘lidagi yarim metrcha keladigan temirni yuzimga tirab so‘radi u. — O‘lging keldimi?..

— Katta ketaverma! — bo‘sh kelmadim men ham. — Mushtlashsang, menga o‘xshaganlar bilan mushtlash!..

— Shunaqami?.. Mana senga, ol!..

Temir yelkam aralash kelib tushishi tayin edi. Yaxshiki ushlab qoldim va barzangilarni oldinma-ketin tepa ketdim…

Eh, anchadan beri mushtlashmagandim. Dosh berolmadimi, barzangilardan biri qochib ketdi. Azbaroyi jahlim chiqqanidan qochishga ulgurmaganini xumordan chiqquncha kaltakladim…

Bilmadim. Nima bo‘ldi o‘zi?.. Hushimni yig‘ib qaraganimda, barzangi qimir etmasdi…

Xo‘sh, nima qilish kerak?.. O‘ldirib qo‘ydim-ku! Odam o‘ldirdim-ku!..

Kayfim ham allaqachon tarqab ketgandi. Jonholatda qo‘limdagi temirni bir chetga uloqtirdim-u, qochishga tutindim…

Ulgurmadim…

Ko‘z ochib yumguncha militsiya mashinasi o‘qdek uchib kelib yo‘limga ko‘ndalang bo‘ldi…

Men qo‘lga tushdim…
***
Turmaning navbatchilik qismi eng dahshatli joylardan biri ekan. Qo‘llarimdagi kishanni yechib mashinadan tushganimdanoq, pastda turgan harbiy kiyimlilar yelkam aralash charm tayoq bilan tushirib qolishdi. Yugurmay ilojingiz yo‘q. Pastga egilib, ikki qo‘limni orqaga qilgancha yugurib darvozadan ichkariga chopdim. Harbiylar meni to hovlidan o‘tib, navbatchilik qismiga kirgunimcha kaltaklab borishdi. Faqat eshik yopilib, biz sharaqlab ochilgan temir panjarali eshikdan o‘tgachgina bas qilishdi.

Ichkari uzun yo‘lakdan iborat edi. Bir yonida oynavand xona. U yerda ham askar o‘tiribdi.

— Devorga o‘giril, iflos! — baqirdi meni olib kirganlardan biri bo‘lmish harbiy. — Qo‘llaringni ko‘tarib devorga tira!

Aslida kimlardir menga baqirsa, haqoratlasa, qaysarligim tutib aytilgan ishning aksini qiladigan odatim bor. Ammo bu yerda bo‘ysunishga majbur bo‘ldim. Bo‘ynim aralash bir-ikki bor charm tayoq kelib tushgach, qo‘yday yuvosh tortib, buyruqni ado etdim.

Qayerdandir paydo bo‘lgan barvasta, yuzlari zaxil mayor qisqa-qisqa yo‘talgancha menga yaqin keldi. Uning badjahl va shafqatsiz ekani shundoq ko‘z qarashlaridan sezilib turardi.

— Ismi-sharifing, «urod?» — so‘radi u mendan.

Garchi oxirgi so‘zning nimani anglatishini tushunsam-da, miq eta olmasdim.

— Murod Sharipov! — dedim men ham xuddi u kabi sovuqqonlik bilan.

— Tug‘ilgan yiling?

— 1960 yil.

— Sen kimlar bilan o‘ynashib qo‘yganingni bilasanmi, iflos?

Jahlim chiqib ketdi.

— Meni haqorat qilishga haqqingiz yo‘q! — dedim ovozimni hiyla ko‘tarib.

— Nima? Hali menga aql o‘rgatmoqchimisan, it? Menga-ya?.. Vanya!.. Buning aqlini kiritib qo‘y!

Shu zahoti orqada turgan soqchilardan biri qo‘lidagi charm tayoq bilan yelkam aralash tushirdi.

— Ih!.. — men bukchaygancha o‘tirib qoldim.

— O‘rningdan tur! — buyurdi mayor. — Bundan keyin bilib gapir!.. Tez buning barmoq izlarini olinglar!..

Soqchilar turta-turta meni kattakon stol qarshisiga olib borishdi-da, har bir barmog‘imga qora bo‘yoq surtib qog‘ozga bostirishdi.

To‘g‘risi, bunday narsalarning ma’nisiga yetmasdim. Tag‘in kaltak yeb qolmaslik uchun indamasdan buyruqni ado etdim.

— Buni keyingi xonaga olib kir! — dedi mayor turma nazoratchisiga.

Nazoratchi buyruqni eshitiboq meni temir panjaralar orqali navbatdagi xonaga olib kirdi. U yerda meni yechintirib, ta’qiqlangan buyumlar qidirishdi. Cho‘ntagimdagi pul, yondirgich, sigaretlargacha tortib olishdi.

Qarshi so‘z aytishga ojiz edim. Yana charm tayoq yeb qolishdan o‘zimni tiyib kiyindim-u, ko‘rsatilgan kursiga o‘tirdim. O‘tirishim bilan oldimni «Murod Sharipov» degan yozuvli kamarsifat boylagich bilan to‘sib bir necha marta suratga olishdi. Shuning bilan dastlabki «marosimlar» yakun topdi va men nazoratchi hamrohligida kameraga jo‘nadim.
* * *
— Devorga orqang bilan o‘giril! — buyurdi u tepasiga «125» raqami yozilgan eshikka yetganimizdan so‘ng.

Men itoat bilan buyruqni bajardim. U eshikni sharaqlatib ochgach, meni ichkariga imladi.

— Yetib kelding!.. Mana shu yerda endi sud hukmini kutib yashaysan!..

Ichkariga qadam qo‘yarkanman, go‘yoki hushini yo‘qotib, endigina o‘zini o‘nglagan bemor kabi titrab ketdim.

Kamera unchalik sovuq emasdi. Biroq devorlarini sho‘r bosgan, hojatxona isi anqirdi.

Turma nazoratchisini ko‘rgach, kameradagi to‘rt mahbusning uch nafari dast o‘rnidan turishdi-da, o‘zlarini chetga olgan bo‘lishdi.

— Yangi sherikni qabul qilib ollaring, o‘g‘ri, qotillar! — zaharxandalik bilan kulib menga ishora qildi nazoratchi.

Qo‘limdagi ko‘rpa, yostiq va choyshabni birinchi qavatdagi bo‘sh karavotga qo‘yayotib asta mahbuslarga nazar soldim. Ularning biri tepakal, kalta yengli futbol maykasi kiygan, bilagi ignali yozuvlarga to‘la, yoshi elliklardagi erkak. Ikkinchisi sersoqol, past bo‘yli, qirraburun. Taxminan o‘ttiz besh yoshlardagi kavkaz yigiti. Uchinchisi gavdali, xo‘ppasemiz, o‘ttiz yoshlar oralig‘idagi rus yigiti va oxirgisi yoshi yetmishga borib qolgan bir qariya bo‘lib, karavotda shiftga tikilgancha jim yotardi.

Bildimki, bu yerdagilarning aksariyati ruslar.

— Xo‘sh, qaysi shamollar uchirdi, yigitcha? — nazoratchi eshikni yopib chiqib ketgach, tepakal mahbus menga yaqin kelib so‘roqqa tuta boshladi.

— Men shamol uchiradiganlardan emasman. — dedim bo‘sh kelmay. — Olib kelishdi.

Gapimni eshitib hammalari baravariga kulib yuborishdi.

— Vey, «nature», namuncha osmondan kelasan-a?.. — kavkazlik mahbus yaqin kelib yelkamdan tutdi. — Qariya sendan to‘g‘rilikcha so‘rayapti.

— Men ham to‘g‘rilikchasiga aytdim.

Bu gapimdan so‘ng tepakal mahbus chirt etib beton polga tupurdi.

— Erkak! — dedi u aftini bujmaytirib. — Sening nima ish qilib qo‘yganingni yaxshi bilamiz. Lekin bekor qipsan shu ishni! O‘t bilan o‘ynashib qo‘yibsan.

— Peshonaga yozganini ko‘raveraman. — javob qildim men nasha hidi anqiyotgan mahbusdan sal o‘zimni orqaga tortib.

— Mayli, o‘zing bilasan. Tanishaylik, Timofey!

— Murod! — tepakalga qo‘l cho‘zdim.

— Bular bilan ham tanishib ol. Anavi kavkazligimiz Arsen. g‘irt armani. Bunisi Matvey. Kallakesarroq. Qariya bo‘lsa, Sergey amaki. To‘xta, Murod, nega birinchi qavatga joylashib olding-a?..

Men hayron bo‘lib Timofeyga tik boqdim.

— Nima bo‘pti? Bo‘sh ekan.

— Yo‘q, bu sening joying emas. Sen ikkinchi qavatda yotasan.

— Nimaga?

— Namuncha oliftagarchilik qilmasang? — armani sapchib o‘rnidan turib ketdi. — «Bratva»larni qon qaqshatganing uchun, bildingmi, iflos?..

— Kim iflos? — xezlanib armaniga yaqin bordim men. — hozir…

— O‘zingni bos! — Matvey deganlari shoshilmasdan kelib bizni ajratdi. — Bu yerda men buyruq beraman. Qolganlarga quloq solma! Yotging kelibdimi, yotaver! Arsen, bor joyingga!

Meni hayratda qoldirib, armani ham, Timofey ham itoat bilan joy-joylarini egallashdi.

Qariya esa hamon shiftga termulgan ko‘yi indamay yotardi.
***
Tong otdi. Kameradagilar bir-bir o‘rinlaridan turib topgan-tutganlarini stol ustiga qo‘yishdi.

— Sen ham bugun biz bilan nonushta qil. — dedi Matvey bosh qashib. — harqalay, mehmonsan. Biz esa mehmonni xafa qilmaymiz.

— Nega? — so‘radim tushunmay. — Qanaqa mehmon?..

— Keyin bilib olasan… E, yigit, sen turma nima ekanini bilmaysan. Bu yerda hamisha shafqatsizlik, mehrsizlik g‘alaba qiladi. Faqat bir narsani aytib qo‘yay. Hech qachon sotqinlik qilma. Mahbuslar sotqinlarni yoqtirishmaydi. Kerak bo‘lsa, ularni ayolparastlardan ham pastroq ko‘rishadi…

Baribir hech narsani tushunmadim. Nonushta deb atalmish qotgan-qutgan nonlarning bir bo‘lagini olib og‘zimga solgan bo‘ldim. Shu payt kamera eshigi sharaqlab ochilib, avval o‘zim tanigan turma nazoratchisi, ketidan uzun bo‘yli ofitser qo‘llarida tayoq bilan kirib kelishdi.

— Xo‘sh, shumi taqiqlangan buyum asrayotgan? — so‘radi nazoratchi Matveyga yuzlanib.

— Bilmasam. — yelka qisdi Matvey. — Nega mendan so‘rayapsan, kamandir?..

— Bo‘pti, qani, hammang yo‘lakka chiqib orqang bilan devorga o‘giril! Qo‘llaringni baland ko‘tarib devorga tira!

Hamma shosha-pisha tashqariga chiqib buyruqni so‘zsiz ado etdi. Nazoratchi ofitser yetakchiligida barcha karavotlarni ag‘dar-to‘ntar qilayotgani shundoq eshitilib turardi.

— Ha-a!.. — nazoratchi qo‘lida yelim xaltachaga joylangan nimanidir ko‘tarib yo‘lakka chiqdi va menga yaqin kelib qo‘lidagini og‘zimga yaqinlashtirdi. — Xo‘sh, geroinni qayerdan olding?..

— Q-qanaqa geroin?.. — bu savolni eshitib ichim muzlab ketdi. — Men hech qanaqangi geroinni bilmayman!

Bu javobim tufayli yelkam aralash charm tayoq kelib tushdi va men ihlagancha pastga egildim.

— Hozir tezkor guruh boshlig‘i Vadim Sergeyevning oldida hammasini aytib berasan! — dedi nazoratchi. — Qani, oldimga tush, itdan tarqagan!..

Nimayam qilardim? Indamasdan u ko‘rsatgan tomonga qarab yurdim.
(davomi bor)
Olimjon HAYIT

Manba: hordiq.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qamoqxonada ko‘rgan kechirganlarim... (1-qism)