21:50 / 21.07.2018
7 276

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (6-qism)

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (6-qism)
Ko‘zimni ochganimda, uch hamtovoq stol atrofida o‘tirgancha, bamaylaxotir nonushta qilishar, ahyon-ahyonda men tomon ko‘z tashlab qo‘yishardi.

“Tun bo‘yi shu ko‘yi yotibman shekilli. — o‘yladim men lo‘qillab og‘riyotgan boshimni changallab sekin o‘rnimdan qo‘zg‘alarkanman. — Mayli, hozir bularga qanday urishni ko‘rsatib qo‘yaman!.. Hali mening sovunimga kir yuvishmabdi bu qizig‘arlar…”

— O‘, «xonim» uyg‘ondilar-ku! — baqirdi chandiqli mahbus.

Qolganlari bu gapdan huzur qilib kulishdi. Men bo‘lsam, o‘rnimdan turib, bir-ikki silkinib o‘zimni o‘nglagan bo‘ldim-da, ularning tepasida hozir bo‘ldim.

— Vey, hezalak, shimingdagi qonni artib olsang-chi! — deya baqirdi ozg‘in, qirraburun mahbus. — Ayol bo‘lganingdayam g‘irt farosatsiz bo‘larkansan-da o‘zing!..

Sekin egilib shimimni ko‘zdan kechirdim. haqiqatan, o‘ng oyog‘imda qon izlari qolib qolgandi.

— Lekin… hushingdan ketganing ja ish berdi-da!.. — hiringladi past bo‘ylisi. — Uchchalamizni navbati bilan kayf qildirding!.. Ana endi… O‘zingga kep qolgan bo‘lsang, bir hojatxonani tozalab yubor-chi, jonidan!..

— To‘xta, Jora, oldin akasining oyog‘ini uqalab qo‘ysin! — luqma tashladi qirraburun.

— E, bu nima deganlaring? — oraga qo‘shildi uchinchi mahbus. — Yana bir martadan maza qilaylik!.. Badan qizib ketyapti, axir!..

— Sen ifloslar kimni haqorat qilyapsan! — men birinchi bo‘lib past bo‘yliga bo‘yni aralash musht tushirdim.

U o‘rnidan turishga-da ulgurmay, xuddi yo‘tal tutgan qo‘y kabi o‘tirgan joyida silkina boshladi.

Ikkinchi zarbani chandiqli mahbusga yo‘lladim. Kutilmagan oyoq zarbamdan chandiqli orqaga ag‘anadi. Qirraburunga esa ikki marta tirsaklashim kifoya qildi. Og‘zi-burni qonga bo‘yalgan mahbus g‘ujanak bo‘lib olgancha polda tipirchilay boshladi.

Men bu zarbalarni shu qadar tez yo‘lladimki, mahbuslar baqir-chaqir qilishga fursat topa olmay qolishdi.

Uchchalasiga yana bir-ikki tepkidan «hadya» qilib «o‘chir»gach, o‘zim nazoratchini kameraga chorladim.

* * *
— O‘h-ho‘, zo‘rsan-ku! — kirib kelgan nazoratchi polda dumalab yotgan uch mahbusga ko‘zi tushgach, bosh chayqay-chayqay, ortga tislandi. — Sen shu yerda qimirlamay o‘tir! Men hozir mayorni chaqiraman!

Payqadimki, u navbatchilik qismi boshlig‘i Vasiliy Ivanovichni nazarda tutdi.

“Yana karserga tusharkanman-da! — ko‘nglimdan kechirdim men. — Qanday kunlarga qoldim o‘zi? Nahotki, bir umr azobda yashasam? Qachon odamlarga o‘xshab men ham ozodlikda yuraman? Qachon bemalol oyog‘imni uzatib o‘z uyimda uxlayman?..”

Adashmagandim. Ko‘z ochib yumguncha kameraga nazoratchini ergashtirib mayor kirib keldi. U aftini bujmaytirgancha bir behush yotgan mahbuslarga, bir menga nazar tashlab oldi. Shu asnoda nazoratchi mayorning qulog‘iga nimadir deya pichirladi.

Ikkovlashib ovozsiz kulib olishgach, mayor men tomon yuzlandi.

— Xo‘sh, yoqdimi senga bu kamera? — so‘radi u jiddiy tortib.

— Kameraning yaxshi, yomoni bo‘lmaydi. — javob qildim xotirjamlik bilan.

— Shunaqami?.. Yaxshi. Seni eski joyingga olib kirishadi. Qani, ko‘ramiz o‘shanda!

Mayor ortiga o‘girilib, nazoratchiga buyurdi:

— Olib ket buni! Manavilarni karserga qamab qo‘y, tezroq o‘ziga keladi!.

* * *
Men mayorning bu gapidan so‘ng ancha yengil tortgandek edim. Harqalay, Matvey, Arsen va Timofeylarning kamerasi tinch. Qolaversa, ular boshimdan o‘tgan ishlardan xabar topishgandir. Baribir hurmatimni joyiga qo‘ymasdan iloji yo‘q.

Nazoratchi kamerani ochdi. Men boshimni mag‘rur ko‘tarib ichkariga kirdim.

Negadir kamerada qariya ko‘rinmas, Arsen va Matveylar qarta o‘ynash bilan band, Timofey karavotda yotgancha ularning o‘yinini kuzatardi.

Meni ko‘rgach, birinchi bo‘lib Arsen o‘rnidan turdi.

— Sen?.. — menga yaqin keldi-da, ikki qo‘lini beliga tirab so‘radi u. — Nega seni bu yerga olib kirishdi?

— Arsen! — deya ko‘rishish niyatida qo‘l cho‘zdim. — Salom!

Afsuski, qo‘lim havoda muallaq qolib Arsen ortga surildi.

— Qo‘lingni tushirib ol! — dedi u do‘q aralash. — Kimligingni bilasanmi o‘zi?

— Bu nima deganing? — hayron bo‘lib qolganlarga bir-bir qarab oldim men. — Kimligimni yaxshi bilarding-ku! Yo unutdingmi?

— Yo‘q, sen ilgarigi Murod emassan endi! — kutilmaganda dast o‘rnidan turib bizga yaqinlashdi Timofey. — Erkaklarni sharmanda qilgan bir xunasasan!

— Nima?.. — bu gapni eshitib yuzimdan qon qochdi. Timofeyni urishga chog‘landim. Lekin Arsen bilagimdan tutib to‘xtatdi.

— Sen ko‘pam chiranaverma! — dedi u hiyla ovozini pasaytirib. — Sendaqalarning ko‘pini ko‘rganmiz. Istasak, shu kecha o‘ligingni olib ketishadi. Undan ko‘ra, xunasaligingni bo‘yningga ol-da, aytganimizni qil!..

— Shunaqami? Hozir… Ko‘rsatib qo‘yaman!..

Men Arsenning qorniga mushtladim. Ketidan Timofeyga tashlanib, uni polga mahkam bosib oldim va bo‘g‘a boshladim…

Yana omad mendan yuz o‘girdi. Orqadan Arsen tepamizga kelib, meni qandaydir xoda bilan belim aralash to‘xtovsiz savalay boshladi.

Xoda boshimga ham bir necha marta tekkandi. Hammayog‘im qonga belandi. Bilagimdan kuch ketib, bo‘shashgancha cho‘zilib qoldim. Arsen esa hamon kaltaklashda davom etar, hech kim uni to‘xtatishga tutinmasdi…

* * *
— Xo‘sh, tirikmisan? — oradan qancha vaqt o‘tganini bilmayman. Ko‘zimni ochganimda tepamda Arsen turardi.

— Senga nima? — dedim alam bilan uning ko‘zlariga boqib. — Qoch ro‘paramdan, iflos!

— Iye, Arsen, nima deyapti bu? — shu choqqacha aralashmagan Matvey o‘tirgan yeridan sakrab turdi-da, armanining qarshisida hozir bo‘ldi. — Vey, iflos deb haqorat qilsayam indamay qarab turibsanmi? Ruxsat ber, buning abjag‘ini chiqaray!

— Yo‘q, o‘ldirib qo‘yasan. — dedi Arsen lab tishlab. — Hozir o‘rnidan turib kamerani tozalaydi. Undan keyin hojatxonani sovunlab yuvadi.

— Ovora bo‘lasan. — men bazo‘r o‘rnimdan qo‘zg‘alib o‘tirib oldim. — Senlarga malaylik qiladigan ahmoq hali tug‘ilmagan.

— Tur, itdan tarqagan! — Matvey oyog‘im aralash tepmoqqa shaylandi. Ko‘tarilgan oyog‘ini ushlab qoldim. U chalqancha polga quladi.

Ana endi jim o‘tirishga fursat yo‘q edi. Tishimni tishimga bosib o‘rnimdan turdim-da, qo‘limga stol ustidagi temir kosani oldim.

— Qani, endi bitta-bittadan kelaver!..

Bu gal rostakamiga mushtlashuv boshlandi. Faqat Timofey aralashmas, karavotga yastanib olgancha men kaltaklayotgan ikki mahbusni kuzatardi.

— Nima shovqin? Nima bo‘ldi?..

To‘satdan kamera eshigi sharaqlab ochilib, mayor, ketidan ikki soqchi kirib kelishdi.

Bu lahzada Arsen bir burchakda yorilgan boshini changallagancha o‘zicha nimalardir deb g‘o‘ldirar, Matvey qorni aralash kelib tushgan to‘xtovsiz zarbalar tufaylimi, zo‘rg‘a-zo‘rg‘a nafas olardi.

Uchchalamiz ham soqchilarning charm tayoqlari yomg‘iri ostida qoldik. hash-pash deguncha ular meni devorga tirab, qo‘llarimni kishanlashdi.

— Buni stakanga tashla! — buyurdi mayor sovuqqonlik bilan. — Jonga tegib ketdi yaramas! Besh soatdan kam o‘tirmasin!

— Xo‘p bo‘ladi, o‘rtoq mayor! — soqchilar qaddilarini g‘oz tutgancha mayorga javob berib, meni tashqariga sudraklashdi.

* * *
Bu buyruq naq yurak-yuragimni teshib o‘tgudek bo‘ldi. Endigina yo‘talim pasanda bo‘la boshlagan bir paytda qaytadan «stakan» balosi boshimga yog‘ilmoqda. Ertaga holim ne kechadi? Tag‘in o‘pkamning shamollashi qaytalanadi. Do‘zax azobini torta boshlayman.

“Xudoyim, — xayolan iltijo qilib borardim men. — Neki azobing bo‘lsa, hammasiga roziman! Faqat meni shu baloga giriftor etmagin!..”

Tibbiy muolajalar xonasi eshigiga yetib qolayozgandik. Buyog‘i «stakan»gacha deyarli bir qadam. Hov anavi burchakdagi temir eshikni ochsa, bas…

Shu tobda tibbiy muolajalar xonasi eshigi ochilib… Men uchun juda qadrdon, suyukli inson… Yelena chiqib keldi…

Ha, u meni ko‘rdi… va birdan to‘xtab, yaqin kelishimizni kuta boshladi.

Ko‘z ko‘zga tushdi. Yuragim qinidan chiqqudek tipirchilar, tilim hatto salom berishga aylanmasdi.

— Murod?.. — xayriyatki, Yelenaning o‘zi birinchi bo‘lib so‘z qotdi. — Tuzukmisiz?.. Q-qayerga olib ketishyapti sizni?..

— Kechirasiz, to‘xtashga haqqimiz yo‘q! — dedi soqchilardan biri Yelenaning so‘zini bo‘lib. — Buni zudlik bilan «stakan»ga tashlashimiz kerak!

— Nima? Qanaqa stakan? Aqling joyidami?.. Mahbus muolaja olishi kerak!.. Ahvolini qara!..

— Vasiliy Ivanovichning buyrug‘i! — javob qildi soqchi. — Buyruqni ado etishimiz shart!

— Bekorlarni aytibsan! — dedi Yelena meni qo‘ltig‘imdan olib. — Qani, kishanni yech!

— Haqqim yo‘q!

— Yech dedim senga! O‘zim javob beraman!

— Mayli! — soqchi istar-istamas kishanni yechib ortga surildi. — Agar biror gap bo‘lsa…

— Buyog‘i bilan ishing bo‘lmasin! Bor postingga!

— Xo‘p bo‘ladi!

Hayratdan yoqa ushlayozgandim. Yelenamning turmadagi obro‘si shu qadar balandmi?.. Qanday baxt!..

— Yuring, tez karavotga yoting! — deya meni muolajalar xonasi tomon boshladi u. — Bular naq hayvonning o‘zi. Yaxshiyam chiqib qoldim. Bo‘lmasa, o‘ldirib yuborishdan ham toyishmaydi surbetlar!..

* * *
Ochig‘i, Yelenaga itoat etib, yuragimni battar qo‘rquv qamrab olgandi.

Hali zamon mayorning bu xonaga bostirib kirishidan, meni sudraklagani yetmay, Yelenani ham turma boshlig‘iga chaqishidan cho‘chirdim.

Shu ko‘yi ikki-uch soatcha yotdim. Lekin hech kimdan darak bo‘lmadi. Yelena xotirjamlik bilan shpritslarni qaynatar, gohi-gohida men tomon ko‘z tashlab jilmayib qo‘yardi.

Jilmayishi o‘ziga shunchalar yarashib tushardiki, oxiri shunchaki qarab yotishga bardoshim yetmadi.

— Sizga bir gap aytsam maylimi? — so‘radim ehtiyotkorlik bilan.

— So‘rayvering! — dedi Yelena dorilarni saralashda davom etarkan. — Nega jim bo‘lib qoldingiz?

— Yelena… Men sizni yaxshi ko‘raman!

— Nima?..

Yelena shunday degancha o‘rnidan turib ketdi.

— Axir… hammasini bilasiz-ku! Yaxshi ko‘rishimni bilasiz-ku!..

U qarshimga kelib karavotning bir chetiga o‘tirdi-da, bilagimdan tutdi.

— Qo‘ying, hozir bu gaplarning mavridi emas. — dedi jiddiy ohangda. — Shundoq ham meni deb ancha jabr tortdingiz.

— Siz uchun tog‘ni tolqon qilishgayam tayyorman!.. Bu azoblar nima bo‘pti?..

— Murod, siz qochishingiz kerak!

— Qochish?.. Q-qayerga?.. Nimaga?..

— Ishoning, sizga yordam bermoqchiman! Aks holda sizni bu yerdagilar o‘ldirib yuborishadi. Tushunsangiz-chi, men hammasini eshitdim. Boshingizdan nima ishlar o‘tganidan allaqachon xabar topganman. Shuning uchun ham erimning marosimlari o‘tishini kutib o‘tirmay, ishga chiqib ketdim…

— Q-qanday qilib qochaman?.. Erta-indin sud bo‘lishi kerak-ku!

— Buyog‘ini menga qo‘yib bering. — dedi Yelena ovozini pasaytirib. — Hammasini o‘zim tashkil qilib beraman.

— Siz-chi?.. Keyin sizni ko‘rolmaymanmi?..

— Unday demang. Meni boshingizga urasizmi? Hali yoshsiz, o‘zingizga mos qizni albatta uchratasiz.

— Menga boshqasining keragi yo‘q.

— Bo‘pti, bu haqda keyin gaplashamiz. Hozir o‘zingizni ruhan tayyorlang. Qo‘rqmang, hammasi yaxshi bo‘ladi!

— Basharti qo‘lga tushib qolsam-chi?

— Xudo xohlasa, qo‘lga tushmaysiz. Men aytgandek ish tutsangiz, qutulib ketasiz. Qani, endi yotib uxlang!.. Yarim tunda uyg‘otaman.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (6-qism)