«Sizdan emas, Allohdan so‘radim!»

  • 9-08-2018, 21:28
  • 1 757
  • Hayot tarzi
  • «Sizdan emas, Allohdan so‘radim!»
    Saudiyadagi muallimalardan biri hikoya qiladi:

    – Maktab (madrasa)lardan birida ichki bufet – do‘konni yuritar edim. Muallimalar, o‘quvchi qizlar kundalik yeb-ichish, qog‘oz-qalamlarni shu yerdan xarid qilishar edi.

    Bir kuni odatimga ko‘ra, katta tanaffusdan so‘ng to‘plangan chaqa pullarni sanab, do‘konga olish kerak bo‘lgan narsalarni bir qog‘ozga qayd etib chiqayotgan edim.

    Yonimda bir farrosh opa atrofni tozalab yurar edi. Bu ayol bir etak yetim bolalarini boqish uchun tinmay mehnat qiladigan bechorahol ayol edi.

    Yonimdan o‘tar ekan, chaqa pullarni ko‘rsatib kulib:

    – Ummu Falonchi, shu bir riyolliklar besh yuz riyollikka aylanib qolsa! – dedim (Saudiyada eng katta pul birligi besh yuz riyollik pul).

    – Allohu akbar! – dedi u.

    – Tasavvur qiling, o‘shalar sizga bo‘lib qolsa! – dedim yana.

    – E Alloh, o‘zingning fazling! – dedi.

    Men yana:

    – Xo‘p, nima qilgan bo‘lardingiz bu pullarni? – dedim.

    U darhol:

    – O‘zimga, yetimlarimga boshpana bo‘lgulik uy sotib olardim, ijarada turish azobidan qutulardim, – dedi.

    – Ehhe, qayoqda! – dedim men uni bu yetib bo‘lmas xayolparastlikdan voqelikka tushirish uchun. – Qo‘li uzunlarning hammasida ham shaxsiy uylar yo‘g‘u... boshqalarga yo‘l bo‘lsin...

    U menga ishonchli, kuchli nigohini tikib:

    – Men Allohdan so‘radim, sizdan emas, – dedi. – Men manavi yetti qavat osmonni ko‘tarib qo‘ygan Zotdan so‘radim..!

    Javobi meni sukutga cho‘mdirdi.

    Ish tugab, do‘konni yopib uyga qaytdim.

    Asrdan so‘ng qizchalarimni olib, onamnikiga o‘tdim.

    Onam men borganda telefon bilan mashg‘ul, goh u, goh bu ayol bilan gaplashar edilar.

    – Nima gap, oyi? – dedim.

    – Falonchi eridan ajrashib, tul qolgan edi. Mablag‘ to‘plab, uy olib beraylik degan edik. Mablag‘ ham to‘pladik, uy ham oldik. Lekin, undan ham yaxshi xabar – eri bilan yarashib, uyiga qaytibdi. Endi pul to‘plashga hissa qo‘shgan qarindoshlar bilan maslahatlashib o‘tiribman. Hamma pul berganlar "Alloh uchun, ko‘ngildan chiqarib berganmiz, bir muhtojga, yaxshi bir joyga sarf etilsin", deb yotishibdi. Nima qilsak ekan?! – dedilar onam o‘ylanib.

    Xayolimga yarq etib xizmatchi ayol, uning aytgan so‘zlari keldi..!

    Onamga bo‘lgan voqeani so‘zlab berib, sharoitini tushuntirdim.

    Onam qayta telefon qila boshladilar. Ularning barchasining fikri shu farrosh ayolga uyni tortiq qilish bo‘libdi!

    Muallima hikoyasini tugatar ekan, shunday deydi:

    – Subhanalloh... O‘zim ishtirok etgan bu voqea men uchun katta dars bo‘lgan edi. Alloh taologa qattiq ishonch, unga chin bog‘lanishning jonli namunasiga guvoh bo‘lgan edim. Ertalab xayolparastligidan kulganim ayolni kechqurun yetaklab, uyni uning nomiga o‘tkazish ishlarini bajarib yurar edim...

    La ilaha illalloh...

    Qalbning Allohga chin bog‘lanishi naqadar ajoyib, naqadar shukuhli.

    Shu bilan birga naqadar qiyin... Qalbdan o‘zgaga bo‘lgan bog‘lanishni olib tashlagandagina, sabablarga faqat sabab nazari bilan qaragandagina hosil bo‘ladi...

    Alloh taolo barchamizni qalbni chin bog‘laydiganlardan, haqiqiy tavakkul qiladiganlardan qilsin.
    Sayfulloh NOSIR

    Manba: Azon.uz

    » » «Sizdan emas, Allohdan so‘radim!»