Ta’sir qilar ekan...

  • 10-08-2018, 20:08
  • 1 450
  • Hayot tarzi
  • Ta’sir qilar ekan...
    – Yetimning oldida ota-onangiz borligini eslab, maqtanib gapirmang yoki bolangizni uning ko‘z o‘ngida erkalab, o‘pmang.

    – Bemorning oldida sog‘ligingiz yaxshiligini, hamma a’zolaringiz bus-butun ishlayotganini aytmang.

    – Uylanolmay turgan kishining oldida "Ayolim dazmol qildi", "Ovqat pishirib qo‘yibdi" kabi gaplarni gapirmang.

    – Turmushga chiqishi kechikkan qizning yonida "Erim unday deb erkalaydi. Kecha do‘kondan falon nomli atir olib berdilar" kabi gaplarni gapirmang.

    – Uylanganiga ko‘p bo‘lgan, ammo hali farzandli bo‘lmagan kishining oldida "Katta o‘g‘limning maktabiga majlisga bordim", "Qizimga ko‘ylak olib keldim" kabi gaplarni aytmang.

    – Turmushga chiqqaniga ancha bo‘lib, hali farzand ko‘rmagan ayolning yonida "Dadasi o‘g‘limning maktabiga majlisga ketdilar", "Kecha bolalarni o‘ynatgani istirohat bog‘iga olib bordik" kabi gaplarni gapirmang.

    – Ishsiz odamning oldida "Kecha oylik chiqqan edi. Yarmi naqd, yarmi plastikka tushibdi" kabi gapni gapirmang.

    – Moddiy imkoniyati cheklangan kishining oldida "Yakshanba kuni bozor qilgani bordik. O‘ziyam bozorni ko‘chirib kelibmiz" kabi gaplarni gapirmang.

    – Ancha yillardan beri bir-ikkita kiyimini almashtirib kiyayotgan kishining oldida "O‘zimga bir qator kiyim qildim. O‘zi kiyimlarim yetarli edi, to‘ylarga kiygani alohida olib qo‘ydim-da. Ayolimga ko‘ylak, qizimga kofta oldim" kabi gaplarni umuman gapirmang.

    – Ovqat olib yeyishga puli yo‘q yoki puli kam odamning yonida "Ulfatlar bilan "Yalpiz"ga bordik. Alohida joy buyurtma berib qo‘ygandik. O‘ziyam ajoyib o‘tirish bo‘ldi. Ofitsiant kolaning bittasi bo‘shashi bilan yangisini olib keldi. Qo‘yni yarmini yebmiz" kabi gaplarni umuman gapirmang.

    – Issiq qattiq bo‘layotgan bo‘lsa ham puli kamligi, ro‘zg‘oridan orttirolmagani uchun daryo bo‘ylariga dam olishga borolmaydigan kishilarning oldida "Voy, bu issiqda shaharda turib bo‘larmidi. Chorvoqqa ketdik. Oilaviy o‘sha yerda bir oy turib keldik. Suviyam juda zo‘r-da. O‘zimiz ijaraga alohida joy oldik" kabi gaplarni gapirmang.

    – Uyida gaz yonmaydigan, ovqatni o‘choqda pishiradigan kishining yonida "Kecha gazni biroz pasaytirib qo‘ydim. O‘ziyam bir metr yonyapti" degan gapni gapirmang.

    Boshqalarning yashash holatini his qilmay, o‘zimiz yashayotgan to‘kin-sochin sharoitdan kelib chiqib fikr bildiravermaylik. Unutmang, sizning hozirgi holatingiz kimlar uchundir katta orzu bo‘lishi mumkin. Yuqoridagi gaplar yetishmovchiligi bor insonlarga ta’sir qilishini, ular qalblarida o‘ksik, kemtiklikni his qilishlarini unutmaylik!
    Nozimjon HOShIMJON

    Manba: Azon.uz

    » » Ta’sir qilar ekan...