19:17 / 04.10.2018
10 276

Erini uylantirgan ayol qismati...

Erini uylantirgan ayol qismati...
Shu vaqtga qadar arvohlarning mavjudligiga ishonmasdim. Endi esa boshqacha fikrdaman. Arvohlar, nafaqat bor, balki atrofimizda yurib, bizni oʻtmish, bugun va kelajakda yuz berishi mumkin boʻlgan hodisalardan ogoh etishiga ishonaman.

Bu voqea sodir boʻlganda men hali universitetda oʻqirdim. Xullas, qish chillasida biz, uch qiz ijarada turgan uyimizni boʻshatib qoʻyishimiz kerak boʻlib qoldi. Qahratonda koʻchama-koʻcha yurib, ijaraga uy izlashdan yomoni yoʻq. Uch kun qidirib, bir kampirning uyidan joy topdik. Kamgap, qoʻrs, qovogʻidan qor yogʻadigan qari ayolni koʻrib, hafsalam pir boʻldi. Ijaraga uy topgan dugonamga qarab:

— Bundan tuzukrogʻi yoʻq edimi? Namuncha buningning turqi sovuq boʻlmasa, — dedim noroziligimni yashirmay.

— Yoqmadimi, u holda oʻzing topa qol istarasi issigʻidan! — javob qildi u ham xafa boʻlgan ohangda.

— Mayli, vaqtincha tura turaylik, yaxshiroq joy topsak, chiqib ketarmiz-a, qizlar, nima dedingiz?

— Havo biroz isisin, oʻshanda joy topish ham osonroq boʻladi. Ungacha bu kampir bizni yeb qoʻymas, — hazilomuz ohangda soʻzladi ijara uyni topishda jonbozlik koʻrsatgan, oʻrtamizda eng dadilrogʻi boʻlgan Umida.

Oʻsha uydagi ilk hafta tinch oʻtdi. Men hatto “Birinchi tasavvur aldamchi boʻladi, deganlari rost ekan, men kampirning tashqi koʻrinishiga qarab oʻzimcha toʻn bichibman-da”, deb oʻyladim. Bu uyda bizu kampirdan boʻlak hech qayerda ishlamaydigan takasaltang oʻgʻli, ovozi ham chiqmaydigan kelini va jonsarak ikki nabirasi bor edi. Bizga hovlining bir burchagidagi xona nasib etgandi. Xonamiz tor, pastqam va deyarli taʼmirtalab boʻlib qolgandi. Qoraygan devorlarga qarab, bu xonaga boʻyoq tegmaganiga oʻttiz yildan ortiq vaqt boʻlgani sezilardi. Qoraygan devorlar sabab chiroq yoniq boʻlsa ham xona ichkarisini yorugʻ deb boʻlmasdi. Biz uch qiz arang sigʻadigan bu tor xonada yolgʻiz qolishga qoʻrqardim. Diqqinafas xonada goʻyo qandaydir sharpa kezib yurganday, koʻcha sovuq boʻlishiga qaramay, ichkari dim, havo yoʻqday tuyilardi. Xayolimda ichkarida qolsam meni nimadir boʻgʻayotganga oʻxshardi.

Nafasim tiqilib, tashqariga yugurib chiqib ketardim. Oʻsha kecha kech uyquga yotdik. Men yotgan sim karavot ogʻirlashganday tuyildi va men beixtiyor koʻzlarimni ochdim. Tepamda menga gʻamgin tikilib turgan bir ayolga koʻzim tushdi. Qosh-koʻzlari qop-qora, jingalak sochlari yoyilgan ayolning koʻzidagi chuqur qaygʻu va yuzidagi iztirobning izlarini aniq koʻrdim. Egnida oq harir koʻylak, goʻyo ertakdagi malikalarga oʻxshardi. U bir zum menga tikilib turdi-da, soʻng ikki qoʻli bilan tomogʻimdan boʻgʻa boshladi. Men uni itarishga, changalidan qutulib ketishga qanchalar urinmay, befoyda edi. Dugonalarimni yordamga chaqirmoqchi boʻlar va jon talvasasida tipirchilardim. Endi taqdirga tan berib, qimirlamay qolganimda chiroq yondi. Umida yonimga kelib:

— Tinchlikmi, tur, koʻzlaringni och, senga nima boʻldi? — deb soʻradi.

Men koʻzlarimni ochdim. Terlaganimdan ustimdagi kiyimlarim jiqqa hoʻl edi. Xayolimda men uygʻoqday edim, dugonalarim esa uxlagan chogʻimda tinimsiz alahlaganimni aytishdi. Xullas, oʻsha tun chiroqni oʻchirmay uxladik. Ertasiga tunda ham shu voqea takrorlandi. Endi men chiroq oʻchsa ham vahimaga tushadigan boʻlib qolgandim. Tun yaqinlashaversa, yuragim bezillardi. Dugonalarim bilan karavotlarni birlashtirsak ham goʻyo oʻsha ayol kelib, har kecha meni boʻgʻardi. Oʻz-oʻzidan ishtaham yoʻqoldi, boʻlayotgan voqealar ruhiyatimga taʼsir etib, shoʻx qizdan qoʻrqoq qizga aylandim. Qizlarga har tun sodir boʻladigan voqea haqida soʻzlab berdim. Umidaning qoʻllaridan tutib:

— Iltimos, bu yerdan koʻchib ketaylik, — deb yalinib-yolvordim.

— Mayli, ertadan boshlab ijaraga yangi uy izlayman, topolmasam, yotoqxonaga koʻchishimizga toʻgʻri keladi, — dedi u.

Shu payt xonamizga kampirning kelini kirib keldi. U: “Qizlar chiroqni oʻchirishni unutishgan boʻlsa kerak. Qaynonam uygʻonib qolsa, ularga baqirmasin, oʻchirib kela qolay”, deb kelgan ekan. U uchovimiz ham uxlamaganimizni va boz ustiga mening yigʻlab turganimni koʻrib, xavotirlandi. Koʻz yoshlarim sababini bilgach, bir muddat oʻylanib turdi-da: “Demak, hali ham ruhi bezovta ekan-da bechoraning”, dedi gʻamga choʻmib. Uchovimiz ham hayrat bilan unga tikildik.

— Uch insonning hayotini izdan chiqargan bu ayanchli voqea sodir boʻlganiga juda koʻp yillar boʻlgan, — deya hikoyasini boshladi u. — Mana shu xona asli siz tushingizda koʻrayotgan oʻsha ayolga tegishli. U shu xonada yashagan qaynonamning kundoshi.

Biz ogʻzimiz ochilib, angrayib qoldik. Biroq uchovimiz ham savol bermay, hikoyani oxirigacha tingladik.

— Ha, ha, hayratlanmang, kundoshi. Aytishlaricha, u beozor, oʻz erini jonidan ortiq koʻradigan, uning halovati uchun jonini qurbon qilishga tayyor ayol boʻlgan ekan. Men bu hikoyani rahmatli qaynotamning singlisidan eshitganman. Xullas, oʻsha ayol bilan qaynotamning baxtli turmushida bir yagona kemtiklik — Xudo farzanddan qisgani edi. Oʻn yil chaqaloq yigʻisi chiqmagach, qaynotamning yaqinlari rafiqasiga kun bermay qoʻyishgan. Ahvol shu darajaga borib yetganki, atrofdagilarning sovuq munosabatidan yuragi zardobga toʻlgan ayolning oʻzi axiyri umr yoʻldoshidan boshqaga uylanishini yalinib-yolvorib soʻragan, boz ustiga unga munosib rafiqa ham topgan. Ha, bunday ayollar yuz yilda bir marta kelsa kerak dunyoga.

Erini shunchalar suyganki, uning ertasini begonaga emas, balki eng yaqin dugonasiga ishonib topshirishni koʻzlagan, yaʼni siz koʻrib turgan shu kampir, mening qaynonamga. U oʻz vaqtida turmushga chiqolmagan. Eri rafiqasining koʻz yoshlarini artarkan, oʻzi ham shu uyda qolib, hech qayerga ketmay birga yashash sharti bilan dugonasiga uylanishga rozi boʻlgan. Taqdirning oʻyinlari, chigal jumboqlari koʻp. Bu qanday yuz bergan bilmadim-u, lekin bu xonadonda er ikki xotini bilan yashashni boshlagan. Ikkinchi xotini unga bir oʻgʻil, yaʼni mening turmush oʻrtogʻimni tuhfa etgan. Bu hovlida chaqaloqning dunyoga kelgani haqiqiy baxt edi. Bundan, ayniqsa, toʻngʻich xotinning quvonchi ichiga sigʻmas ekan. U yelib-yugurib kundoshining xizmatini qilarkan. Inson bardosh qilsa-ku, chinakam baxtga erishadi-ya, biroq u har doim ham sabr qilavermaydi.

Ayniqsa, ayol zoti na issiqqa koʻnadi, na sovuqqa. Ikkinchi xotin Xudo ato etgan neʼmatga shukrona aytib yashashni istamay qoladi. U erini va bolasini kundoshidan rashk qiladigan odat chiqaradi. Erining birinchi xotiniga boʻlgan muhabbati cheksiz edi. Bu esa ikkinchi xotinga tinchlik bermasdi, goʻyo yuragiga qora ilon kirib, joylashib olganday, tunlari oromini oʻgʻirlaganidan u kundoshiga kun bermay qoʻyadi. Ayol zoti baʼzan nihoyatda kalta fikrlaydi-da. Rashk uning koʻzlarini koʻr qilib qoʻyganidan qilishga hozirlanayotgan ishining oqibatini oʻylamasdi ham.

Bechora kundoshi bolaga yaqinlashmay qoʻydi. Eri xonasiga kirganida ham kundoshining oldiga chiqarib yuboraverdi. Ota-onasinikiga ketib ham koʻrdi, boʻlmadi. Eri, baribir, uni qaytarib olib kelardi. Bunday yashash uchalasiga ham qanchalar azob boʻlganini tasavvur qilyapsizmi? Xullas, kundoshidan qutulishga qaror qilgan ikkinchi xotin oʻsha mashʼum tunda eri ishdan ketganidan foydalanib, toʻngʻich xotinning xonasiga kirib, uni uxlab yotganida boʻgʻib oʻldiradi. Oʻsha onda yuragini egallagan oʻsha qora ilon sekin oʻrmalab, chiqib ketganday boʻladi. Uning jodusi qayoqqadir yoʻqolgach, qanday jinoyat qilib qoʻyganiga fahmi yetadi, biroq endi kech edi.

Ayolni qotillikda ayblab, uzoq yilga ozodlikdan mahrum etishdi. Suygan ayolining dogʻini koʻtarolmagan er esa taqdirning bu zarbasiga bardosh berolmadi. Bola esa ammalarining qoʻlida ulgʻaydi. Mana shunaqa gaplar. Bu uyda necha marta turli marosimlar oʻtkazilganiga qaramay, negadir oʻsha ayolning bezovta ruhi hech tinchimaydi. Shu xonadan chiqib ketayotgan ijarachi qizlarning yettinchisi boʻlasiz. Marhumaning ruhi tinchishini juda istardim, biroq buning uchun nima qilish kerakligini bilmayman. Bezovtalik ruh uchun azob.

Oʻsha uydan chiqib ketayotganimizda oʻzimni ancha yengil his qildim. Yelkamdan xuddi togʻ agʻdarilganday edi. Kundoshlar orasida yuz bergan ayanchli fojia haligacha meni oʻylantiradi. Hayotdan erta ketgan ayolning koʻzlaridagi qaygʻu, yuzlaridagi iztirob izlarini eslasam, ruhi orom topsin, deb haqiga duo qilib qoʻyaman.
SHAHNOZ

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Erini uylantirgan ayol qismati...