15:31 / 19.10.2018
6 480

Ibratli hikoya

Ibratli hikoya
Bir odam donishmandning huzuriga kelib:

– Siz mudom yaxshi kayfiyatda yurasiz va hech qachon jahlingiz chiqmaydi. Menga ham o‘zingiz kabi inson bo‘lishimga yordam bering, – debdi.

Donishmand biroz o‘ylanib unga kartoshka va qop olib kelishini buyuribdi. U qopni olib kelgach:

– Mabodo biror kimsa seni xafa qilgudek bo‘lsa, undan g‘azablansang, o‘sha odamning ismini kartoshkaga o‘yib yozda, o‘sha kartoshkani qopingga solib qo‘y”, – debdi.

– Bor yo‘g‘i shumi? – ajablanibdi u.

–Yo‘q, bu hali hammasi emas, o‘sha odamlarning ismi bitilgan kartoshkalar solingan qopni o‘zing bilan birga olib yurishing kerak! Maslahat so‘rovchi donishmandning huzuridan ketarkan o‘zidagi illatdan qutilish uchun uning aytganlarini so‘zsiz bajarishga jazm qildi. Shundan so‘ng oradan bir oz vaqt o‘tdi. Kunlar o‘tgan sari uning qopi kartoshkalar bilan to‘lib og‘irlashib qoldi. Qopni doim o‘zi bilan olib yurish nihoyatda noqulaylik tug‘dirib, o‘yib ismlar yozilgani sababli kartoshkalar achiy boshladi. Ana shundan so‘ng badbo‘y hid anqiyotgan kartoshkalardan forig‘ bo‘lishning chorasini izlab yana donishmandning huzuriga borib:

– Bu kartoshkalardan qanday qutulishni bilolmayapman. Birinchidan qop juda og‘ir, ikkinchidan, kartoshkalar achiy boshladi. Boshqa biron narsa taklif qiling? – debdi.

Biroq donishmand uning gapiga unamapti:

– Ko‘rdingmi, insonlarning qalbida ham xuddi shu holat vujudga keladi, ammo biz buni ilg‘amaymiz. Ishlarimiz ko‘nikishlarga, ko‘nikishlar fe’l-atvorga, fe’l-atvorimiz esa qabih odatlarni o‘zlashtiruvchi inson bo‘lishimizga sababchi bo‘ladi. Men senga shu hodisani o‘z ko‘zing bilan ko‘rishing uchun zamin hozirladim. Arazlash yoki birovni xafa qilishdan oldin mana shu hodisani ko‘z oldingga keltir, – deb unga saboq beribdi.
Manbalar asosida Baxmal tumani “O‘ray” jome masjidi imom-xatibi
Meliboyev Burxon tayyorladi

Manba: imon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ibratli hikoya