19:10 / 21.10.2018
3 133

Qorinboy

Qorinboy
O‘marboy aka bir lagan oshni paqqos tushirib, tagidagi yog‘ni qoshlariga surtib-surtib oldi.

Ustidan ketma-ket ikki piyola choyni simirib, menga «hech narsa yemading-a», dedi iddao bilan. Keyin ter bosgan peshonasini ro‘molchasi bilan artarkan, endi muddaoga o‘taver, degandek o‘tkir qarash qildi.

— Uzr, yo‘l-yo‘lakay ovqatlangandim, — dedim tomoq qirib. So‘ng maqsadga ko‘chdim: — Tahririyatimizga qishloqdan shikoyat xati borgan ekan. Siz haqingizda maqola yozishni topshirishdi. Idoraga borsam, yo‘q ekansiz, to‘g‘ri uyingizga kelaverdim...

Rais baq-baqalarini likillatib kekirdi. Keyin nimadir esiga tushdi, shekilli, avzoyi birdan o‘zgardi:

— Uh, zanag‘ar-e, Jondor laqqi yana yozibdi-da, uh-h, zanag‘are... o‘sha yozganmi, o‘zi?

Papkamdan boyagina idoradan olgan hisobotni chiqardim.

— Qishloqda zavod qurilgan ekan. Odamlar qishloqqa kiraverishdagi chala qurilgan imoratni zavodimiz shu deb pisanda qilishdi...

— Endi gap bunday, — rais hisobotni tortib oldi. — Qog‘ozni qo‘y. Qog‘oz boshqa, ish boshqa. Mana o‘zing ayt, mehmonsan, nufuzli rayon gazetining muxbirisan, biron joyga borsang, birinchi bo‘lib nimaga e’tibor berasan? Ha, barakalla, albatta, yo‘lga-da. Qishloqni shahar bilan ulovchi yo‘l anchagina yaroqsiz bo‘lib qolgandi. Mablag‘ni shunga jalb qilishga qaror qildik. Zavodga kelsak, ukaginam, quramiz. Biz har doim bitta gapirib kelganmiz. Bu yil bo‘lmasa, yanagi yil, albatta, quramiz.

Qishloqning o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarini esladim. Avtobus har silkinganda yonimdagi hamrohimning nos aralash tupugi yuzimga sachrab, behuzur qilgani bir-bir ko‘z o‘ngimdan o‘tdi.

— Kechirasiz, qaysi yo‘lni nazarda tutyapsiz? Qishloq yo‘lining shudgordan farqi yo‘q-ku?

Rais qizarsa ham sir boy bermay, achchiqlangan bo‘ldi:

— ...O‘v, uka, namuncha mahmadonasan. O‘zingdan katta gapirganda gapni bo‘lmay, eshitish kerak. Kim tarbiya bergan o‘zi senga? Shudgor deb boshimni qotirasan. Bunaqamas-da endi. Xullas, nima deyayotgandim, ha, endi ishga kirishamiz, deb turgandik, bir guruh o‘qituvchilar ariza ko‘tarib kelishdi. O‘rganib chiqdik. Qarasak, maktabimiz ta’mirtalab bo‘lib qopti. Bor pulni shunga sarflashga qaror qildik.

Raisning tap-tortmay aldamoqchi bo‘layotganidan oriyatim qo‘zidi:

— Bilasizmi, hozirgina maktabi­ngizni ham borib ko‘rdim, chamamda, bu yerda boshqa maktab haqida gapiryapsiz, shekilli.

Rais xirillab yo‘taldi. Bir muddat qovog‘ini solib turdi-da, popugi pasaygan xo‘rozday serrayib, gapida davom etdi.

— Endi, menga qarang, uka (sizlay boshladi), niyatingiz nima, bilmayman, ammo aytib qo‘yay, ancha sabrsiz ekansiz. Bunday bo‘lish yaramaydi. O‘sadigan odam og‘ir-bosiq, mulohazakor bo‘lishi kerak. Men hali maktab qurdirdik, demadim. Yoki aytdimmi, aytgan bo‘lsam ayting? Endi, gap bunday, o‘zingizdan qolar gap yo‘q. Bilasiz, qishloqchilik — qishchilik degan gaplar bor. Aholi ancha qiynalib qolibdi. Shuning uchun maktabning orqasidagi eski bog‘ni buzib, odamlarga o‘tin qildirib berdik. Ishdan charchab kelib, issiqqina sandalga kirishga nima yetsin. Bor kuchimizni ana shunday ulkan ishga safarbar etyapmiz. Bu fakt. Qani, yozib oling. Xuddi shunday deb yozing, ukaginam.

Rais eski bog‘ni buzdirib, o‘g‘illariga qo‘sha imoratlar qurdirayotgani to‘g‘risida shikoyat xatida o‘qigandim. Ko‘nglimda Qorin qishlog‘ining Qorinboy raisi haqida «Jig‘ildon» sarlavhali feleton yozish fikri tug‘ildi. Unga raisning uch oy oldin qishloqqa tepadan «katta»lar keladi, deyishganda besh-olti yillik qarag‘ay daraxtlarini qo‘portirib kelib, yo‘l bo‘yiga ektirib chiqqani va bechora daraxtlar birvarakayiga qurib qolganini ham ilova kilishni ko‘nglimga tugib qo‘ydim.

Oradan bir hafta o‘tib, kutilgan maqola gazeta sahifalarida yuz ko‘rsatdi. U shunday boshlangandi:

«Qorin qishlog‘ining raisi O‘marboy Ko‘marboyevich zamonamizning haqiqiy qahramoni. U kishi boshchiligida atigi bir necha yil ichida ulkan salohiyatga ega zavod barpo etildi. Yo‘llar ta’mirlandi, qishloq bolalari zamonaviy binoda bilim olishmoqda. Biroq shunday zabardast, ko‘ngli buloq suvidek sof, qishloq ahlidan jonini ayamaydigan insonni ko‘rolmaydiganlar ham yo‘q emas...»

O‘sha yili boshliq to‘y qilganda, O‘marboy Ko‘marboyevich novvos yetaklab keldi...
In’omjon ABDIYeV

Manba: "Oila davrasida"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qorinboy