06:31 / 23.10.2018
4 793

Oilani ajrashishga qadar saqlab qolsa bo‘ladimi?

Oilani ajrashishga qadar saqlab qolsa bo‘ladimi?
«Oilani ajrashishga qadar saqlab qolish mumkin edi», - deb hisoblaydi Sirdaryo viloyatida yashayotgan, ayni paytda turmushidan ajrashgan fuqarolarning 37,3 foizlik qismi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, turmushidan ajrashgan aksariyat fuqarolarning ham fikri shunday: oilani saqlab qolishning imkoniyati hamisha bo‘lgan. Shunga qaramay, nikohdan ajrashishlar soni kamaymayapti. Nega yosh kelin-kuyovning arzimagan sabablarga ko‘ra hayot yo‘llari ayro ketmoqda?

2018 yilning ilk oylaridan matbuotda paydo bo‘lgan axborotlarni tahlil qilsak, to‘y-hashamlar, tantana va marosimlarni ixchamlashtirish masalasi eng ko‘p muhokama etilgan mavzu ekani ayon bo‘ladi. Tashabbus oliy maqom minbardan - shaxsan Prezident tomonidan ilgari surilgan bir paytda, barcha matbuot va jamoatchilik faollari bu «illat» qay yo‘l bilan shakllanib qolganiga emas, balki unga qarshi kurash zarurligiga urg‘u beraverishdi. Ammo natija qoniqarsizdek. Masalan, Senat a’zolarining fikricha, «har kim bu masalani ongli ravishda idrok etib, anglab olishi zarur».

To‘y-hasham oila ajrashishining bir tomondagi omili, deb bilsak-da, «Oila» markazi o‘tkazgan tadqiqotda boshqa omillar ham yuzaga chiqdi. Misol uchun, 2017 yilda nisbatan kam sonli aholi istiqomat qiluvchi Sirdaryo viloyatida qayd etilgan ajrashishlar soni (1095ta) boshqa barcha viloyatlarda kuzatilgan statistikadan ham yuqori bo‘lgan. Shuningdek, viloyat «umri» 4 yoshga to‘lmagan oilalarning ajrashib ketishi bilan ham «peshqadam». Bu faqat bitta viloyatda havola etilayotgan, balki «qo‘rqinchli raqamlar» deb atarmiz, ammo ularning paydo bo‘lishiga nima(lar) sabab bo‘lmoqda?

So‘nggi 3 yil ichida oilasidan ajrashgan juftliklardan so‘ralganda, ularning 22,5 foizi o‘zaro tushunmovchilik tufayli oilasi buzilganini tan olgan, qo‘pol qilib aytganda, yosh juftliklar o‘zlarining oila qurish uchun ancha «xom» bo‘lgani-yu, turmushning «musht»iga turib berolmaganini ochiq tan oldi. Markaz mutaxassislari olib borgan so‘rovnomalarda 15,6 foiz juftlik befarzandlik oilaviy rishtalarning uzilishiga sabab bo‘lganini ko‘rsatdi. Shuningdek, 15 foiz respondentlar yosh oilaning hayotiga yaqin qarindoshlarning faol aralashuvi, tashqi ta’sir salbiy natija ko‘rsatganini aytsa, 11 foizi ichkilikbozlik va giyohvandlik barchasiga nuqta qo‘yganini afsus-nadomat ila ta’kidlaydi. O‘tkazilgan so‘rovlarda oilalar barbod bo‘lishiga og‘ir dardga mubtalo bo‘lish yo jismoniy zo‘rlik o‘tkazish sabab bo‘lganini mos ravishda 4,6 va 4 foiz respodentlar qayd etishgan.

Demak, oilalar inqirozida «tushunmovchiliklar» yetakchilik qilmoqda. Albatta, bu turmushning ilk davridanoq ajrashib ketgan juftliklarning javobidan xulosa qilindi.
Mutaxassislar nima deydi? Masalan, befarzandlik va ozodlikdan mahrum bo‘lish holati inobatga olinmasa, ajrashib ketishga moyil yoshlar oilaviy hayot asoslarini yaxshi anglamaydi, mustaqil hayotga tayyor emas va ularning aksariyati o‘zaro qarindosh sanaladi. Natijada oilada barqarorlik yo‘qoladi, moliyaviy sharoit yomonlashadi, nizolar ko‘payib, turar joy bilan bog‘liq muammo yuzaga keladi. Respondentlarning 45 foizi turmush o‘rtog‘ining yaqin qarindoshi ularning oilaviy ishlariga aralashmaganda yoki oila shaxsiy turar joyga ega bo‘lganida ajrashish yuz bermasdi, deb hisoblaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 61,2 foiz ajrashgan oilaning kichik a’zosi allaqachon dunyo yuzini ko‘rgan. Ota-onaning murosasiz ixtiloflari tufayli yer yuzida tirik yetimlar soni yana ortdi. Bolaning o‘z vaqtida ta’lim va tarbiya topib, hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, tibbiy muolaja, ijtimoiy himoya va ko‘plab real masalalar ochiq qoladi. So‘rovnomada ishtirok etganlarning 14,5 foizi iqtisodiy yetishmovchilik tufayli oilaning barbod bo‘lganini tan olgan bo‘lsa, ajrashishdan so‘ng, ular farzandining «porloq kelajagi»ni qanday ta’minlab beradi? Aliment orqalimi?

Hatto, befarzandlik tufayli ajrashib ketganini tan olgan juftliklar ham keyingi savollar oldida ojiz qolmoqda. Masalan, shifokor ko‘rigida bo‘lganmi, davolanishga harakat qilganmi, turmushga qadar tibbiy ko‘rikdan o‘tganmi, eng asosiy masala – qarindoshlar o‘rtasida bog‘langan oilaviy rishtaning ertangi mevasidan xabardormidi?

«Oilalardagi turli yechilmay qolgan muammolar ildiz otib, o‘ta og‘ir bir dardning ko‘payib ketishiga olib kelmoqda. Bu bepushtlik xastaligi bo‘lib, hozir mamlakatimiz miqyosida bu kasallikka chalinganlar soni 200 ming nafardan oshib ketdi. Yana ko‘plab xastaliklar sababi ham aynan oiladagi shaxslararo munosabatlarning o‘zaro nomutanosibligi oqibatidir. Oiladagi vaziyat va er-xotinning yoshiga qarab, ayolda tug‘uruq yoshi va farzand ko‘rish oralig‘i to‘g‘ri belgilanishi zarur», - deydi Respublika reproduktiv salomatlik markazi direktori, professor Mahmuda Kattaxo‘jayeva.

Ajrashishlarning asl zamirida bir masala yotibdi: oilaga tayyorgarlik holati qoniqarli emas. Qizlarni erta turmushga berish, ularni oilaga tayyorlashdan ko‘ra muhim vazifaga aylangan. Yigitlarga uylanish mas’uliyat va qadriyat emas, balki shunchaki majburiyat kabi ko‘rinyapti. Jinsiy aloqa haqida gapirish uyat bo‘lgan jamiyatda bu narsalar haqida maktabda ham, kollejda ham ta’lim berilmaydi. Qarabsizki, birinchi qoniqarsiz natijaning o‘zidayoq, yosh oila egalari turmushidan voz kechishni o‘ylaydi. Moliyaviy mustaqillikka ega bo‘lish va turar joy muammosi paydo bo‘lgan oilalar bunday qayg‘ularni ikki barobar tortadi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi, mahalliy hokimliklar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari... Shu kabi barcha tashkilotlar vakolatiga kiruvchi vazifalar qaytarilsa-da, oila masalasida aniq va yagona manzara paydo bo‘lmagan. «Yosh oilalarga yaratilgan imkoniyat» o‘z «bulog‘i»da qurib qolyapti yo u haqda yetarli ma’lumot ovoza qilinmagan. Shu tufayli, ajrashgan juftliklarning 45 foizi oilaviy nizolardan so‘ng, yuqorida nomi ta’kidlangan tashkilotlardan hech qanday ko‘mak olmaganini bildirgan. Oilani saqlab qolish uchun bajarilgan sa’y-harakatlar esa quruq suhbatlar bilan cheklanmoqda. Ayrim hollarda, yarashtirmoqchi bo‘lgan komissiya a’zolarining bu masalada uquvi yetishmaydi, an’anaviy gaplardan qutulolmagan. Bu ishning uddasidan chiqqan taqdirda ham komissiya o‘z ishidan manfaatdor emas.

Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan ICPD25+ anjumanida ishtirok etgan Vitgenshteyn markazi asoschisi, avstriyalik demograf Volfgang Lutsning ta’kidlashicha, oila qurish tasodifiy hodisa emas.

«Agar o‘xshatish zarur bo‘lsa, uzoqda ko‘rinib turgan to‘siqni aylanib o‘tish, birga qadam tashlash va yo‘l tanlash lozim. Ko‘ringan to‘siqni bila turib, unga qarshi borish, «balki, yaqinlashsam, tuynuk topilib qolar, balki sakrab o‘tish imkoniyati paydo bo‘lar» kabi g‘oya bilan harakatlanish ijobiy natijani bermaydi», deydi professor oilani rejalashtirish muhimligi haqida gapirib.

O‘zbekistonda esa hanuzgacha oilani rejalashtirish kabi milliy dastur mavjud emas, uning salbiy va ijobiy tomonlari esa endi o‘rganilmoqda. 2012-2016 yillarda respublika bo‘yicha ajrashishlar soni o‘sishi 58 foizni tashkil qilgan. Biroq, birgina javob barchani umidlantiradi: 37,3 foiz o‘zbekistonlik oilasini saqlab qolish uchun har doim imkon borligiga ishonadi. Bu esa oila institutini mustahkamlash borasidagi ishlarni izchil davom ettirib, ilmiy va amaliy yondashuv asosida oilalarga kirib borishga undaydi.

Shuning uchun, Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 2 fevraldagi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tashkil etilib, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar boshqarmalari, barcha tuman (shahar) bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Markaz zimmasiga nihoyatda mas’uliyatli – O‘zbekistonda oila instituti sohasida yagona davlat siyosatini olib borish va muvofiqlashtirish vazifasi yuklatildi.
Alisher Ro‘zioxunov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Oilani ajrashishga qadar saqlab qolsa bo‘ladimi?