18:18 / 28.10.2018
10 581

Bir kechalik kelinchak… (8-qism. Birinchi fasl)

Bir kechalik kelinchak… (8-qism. Birinchi fasl)
— Mana, kelganinggayam bir oydan oshib qoldi. — kunlarning birida Nafosat aya Nasibani yoniga o‘tqazib tushuntira boshladi. — Agar uyoqqa qaytish niyating bo‘lmasa, kelgusini o‘ylash kerak, qizim! Uyda o‘tiraversang, kasalga yo‘liqasan.

— Ishla demoqchimisiz? — yalt etib onasiga qaradi Nasiba.

— Ha endi… Tirikchilik toshdan qattiq. Meniyam boylab berib qo‘ygani yo‘q. Maktabni bo‘lsa, bitirgansan. Yo biror yerga kirib o‘qi, yo ish topib o‘zingni chalg‘itgin deyman-da!..

Nasiba bir muddat o‘yga toldi.

— To‘g‘ri aytasiz, oyi, ishlamasam bo‘lmaydi shekilli. Ammo… Nima ish qilaman, hayronman.

— E, shuniyam o‘ylab o‘tirasanmi? Ana, bozor yaqin, mayda-chuyda sotib kelsang ham kuning o‘taveradi. Menam qarab turmayman. Yordamlashaman.

Nasiba kulib yubordi.

— Voy, endi bir kamim bozorchi bo‘lishmidi, oyi? Odamning kulgisini qistatmang!

— Ho, kulgilari qistadimi?.. Senga o‘xshagan yosh-yalanglar qoplab pul topishyapti hozir. Uyati bor ekanmi?

— To‘g‘ri-ku-ya, lekin… Nima sotaman? Tanish-bilishlar ko‘rsa nima deydi?

— Desa deb o‘lishmaydimi? Senga qiynalsang bir so‘m berolmaydi o‘shalar.

— Bo‘pti, o‘ylab ko‘ray-chi, bir gap bo‘lar…

* * *
Ertasi kuni ona-bola o‘zlaricha bozorni bir o‘rganmoqchi bo‘lishdi. Tanigan-bilgan sotuvchilarga uchrashib surishtirishdi. Narx-navoni o‘rganishdi. Lekin biror odam jo‘yali maslahat bermas, hatto ba’zilar masxaralagannamo lab burib ham qo‘yishardi.

— Oyi, anavi xotinlarni qarang, — dedi og‘zidan bodi kirib shodi chiqayotgan oriq-semiz ayollarni ko‘rsatib Nasiba. — Bular yamlab yuborishadi-ku meni chiqsam!

— Qani, senga tegib ko‘rishsin-chi, — Nafosat aya bepisand qo‘l siltadi. — Sochini bittalab yulvolarman. Shu yerda yashab turib chiqolmaymizmi savdoga?.. Qo‘rqma, o‘zim yoningda o‘tiraman. Hov anavi o‘tirganlarni ko‘rdingmi?

— Sigaret sotayotganlarnimi?

— Ha, bizam shunaqa mayda-chuydalar sotib ko‘ramiz. Yaxshi bo‘lsa, keyin kattaroq buyumga o‘tsa bo‘ladi…

— E, uyalaman-da! Qayoqdagi erkaklar keladi sigaret olishga.

— Kelsa nima qipti? Yeb qo‘yisharmidi seni? Bo‘shashmagin-da! Kim aytadi seni shaharda o‘sgan deb?.. Yur, uyda picha yig‘ib qo‘yganim bor. O‘shani olamiz-da, xarajat qip kelamiz!..

Nasiba istar-istamas onasining ortidan ergashdi…

* * *
Bir haftalar ikkovlashib bir chetda savdo qilgan bo‘lishdi. Yomon bo‘lmadi. Kuniga nasibalariga yarasha chiqib turdi. Ammo har joyda bo‘lgani kabi bu yerda ham ola qaraydiganlar, arzimagan sabab bilan urishib oladiganlar yo‘q emasdi. Ayniqsa, Nasiba joy topishga qiynalardi har kuni. Muqim joyi yo‘q edi. Qatorlarning oldini-ku, gapirmasa bo‘ladi. U joylarda manaman degan bozorchi ayollar turishadi…

— Voy, qochinglar, soliqchilar kelyapti!.. — shu kuni Nafosat aya bozorga chiqmagandi. Nasiba shoshib qoldi. Chunki, biladi. Soliqchi degani bo‘riday gap. Tishlagan yerini qo‘yib yubormaydi…

Xudo ko‘rsatmasin, borini tortib olib qo‘ysa, xonavayron bo‘ladi-ku!..

Nasiba boshqalar qatori shosha-pisha buyumlarini sumkaga tiqa boshladi.

Afsuski, ulgurmadi. Yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, tepasida ikki nafar o‘rta yashar, soliqchi kiyimidagi erkaklar paydo bo‘lishdi.

Nasiba o‘zini yo‘qotib sumkasini mahkam qo‘ltig‘iga qisdi-da, atrofiga ko‘z tashladi. Hech kim qolmabdi. Nima balo, uchib ketishganmi hammasi qanot boylab?..

— Xo‘-o‘sh, — kuldi soliqchilardan biri Nasibaga boshdan oyoq razm solarkan. — Sigaret sotyapmiz deng?.. Qani, sumkangizni menga bering-chi!..

— Nega berarkanman? — beixtiyor hushyor tortib soliqchiga boqdi Nasiba. — Bu mening molim.

— Siznikiligini bilamiz. Lekin… Sotish mumkinmasligini bilardingiz-ku!.. Bu mollaringiz kontrabanda hisoblanadi. Bilasizmi shuni?

— Bilaman.

— Bo‘ldi, unda sumkani bering!..

Ikkinchi soliqchi ohista Nasibaga yaqin kelib qo‘lidagi sumkani oldi.

— Mabodo, norozi bo‘lsangiz, — hamon kulimsirab qo‘shimcha qildi boshqasi. — Ana, hov anavi binoni ko‘ryapsizmi? O‘sha bizning ofis. Boshliqqa kirib dardingizni aytaverasiz…

Nasiba hech nima demadi. Ichida soliqchilarni qarg‘ay-qarg‘ay uyiga yo‘l oldi…

* * *
— Xudoyo betidan buzilsin o‘sha soliqchilar! — Nafosat aya qarg‘ana-qarg‘ana egniga ko‘cha kiyimlarini kiyib, boshiga oq ro‘molini ildi. — Sen uyda o‘tira tur, o‘zim borib opkelaman mollarni!

— Yo‘q, — oyisining yo‘lini to‘sdi Nasiba. — O‘zim oldirdimmi, o‘zim olib chiqaman. Siz keksa boshingizminan yugurib yurmaysiz.

— Yana qaysarlik qilyapsanmi? Hech bo‘lmasa, shu gal gapimga quloq solsang-chi, bolam!..

— Yo‘q, — dedi Nasiba. — Siz bormaysiz. O‘zim… Bir amallarman…

* * *
Soliqchilar idorasida ayol degani ko‘paygandan ko‘paygandi. Kimdir bor ovozda javragan, yana kimdir yig‘lagan…

Nasiba sekin ichkariga kirib qiya ochiq turgan boshliq kabinetiga mo‘raladi. Semizdan kelgan, oq sochli, yuzlari zaxil, o‘rta yashar bir erkak bozorchi ayollardan biriga nimalarnidir uqtirardi…

Shu payt Nasibani kimdir orqadan turtkilagandek bo‘ldi.

Shoshib ortiga o‘girildi…

Ro‘parasida sigaretlarini olib qo‘ygan soliqchi yigit tirjayib turardi.

— Kelibsiz-ku, — dedi u yasama muloyimlik bilan. — Hozir men boshliqqa aytaman…

Soliqchi pildiragancha ochiq eshikdan ichkariga kirib boshlig‘ining qulog‘iga nimalardir deya pichirlagandi, u yonidagi ayolni tashqariga chiqarib yubordi va eshikni ichkaridan yopib oldi…

«Qiziq, — ko‘nglidan o‘tkazdi Nasiba atrofidagi ayollarga bir-bir tikilib. — Nimaga eshigini yopib oldi?.. O‘zlaricha maslahat qilishsa kerak-da! Bularning poraxo‘rligini hamma biladi-ku!.. Teshib chiqsin!..»

Oradan bir-ikki daqiqa o‘tib soliqchi yigit chiqib keldi.

— Qani, singlim, marhamat, ichkariga kirarkansiz!..

Nasiba bamaylaxotir ichkariga kirdi.

— Iye, keling, keling! — o‘zgacha mulozamat bilan uni qarshi oldi boshliq. — Buyoqqa o‘tiring-chi! Xo‘sh, bizga qanday xizmatlar bor?

Boshliq Nasibaga zimdan tikilib butun qomatini ko‘zdan kechirar, ko‘zlari yonardi.

— Mening mollarimni olib qo‘yishdi. — dedi Nasiba erkakning tikilishlariga e’tibor qilmaslikka urinib.

— Shunaqami? Sizday go‘zal bir qizni xafa qilishibdi-da yaramaslar!.. Mayli, to‘g‘rilaymiz. Faqat… Sizga shu… Sigaret sotish negadir yarashmabdi-da!..

— Nega? — yalt etib boshliqqa qaradi Nasiba.

— Chunki, bunaqangi ishlar faqat shallaqi, qora-qura, xo‘ppa semiz ayollarga yarashadi. Siz bo‘lsa…

— Nima men?

— Siz juda go‘zal qizsiz.

— Xo‘sh, sizningcha men nima ish qilishim kerak? — erkakka ma’noli tikilib so‘radi Nasiba.

— Sizmi?.. Boshqa narsa soting!.. Masalan, kiyim-kechakmi, ishqilib shunga o‘xshash narsalar… Istasangiz, yordam berishim mumkin.

— Yo‘q, rahmat.

Boshliq Nasibaning tortinayotganini rizolik alomatiga yo‘ydimi, yanada jonlandi.

— Vey, mening gapimga kirsangiz-chi, sizga manaman deganiyam yaqin kela olmaydi. Unaqa… Patent-matent kerakmas… O‘zim tashkil qilib beraman hammasini. Molniyam o‘zim opkeltirib beraman.

— Evaziga qanchadan berib turishim kerak? — Nasiba ham soliqchi o‘ylagandek sodda emas. Uning maqsadini tushunib turardi. Bu savolni atayin o‘rtaga tashladi.

— Mengami?.. — kuldi boshliq. — Ha endi… Otminan tuya bo‘larmidi… Shu husningizga kunora termulib tursak…

— Nima?.. — Bunisi ortiqcha edi. Nasiba kutilmagan harakat bilan o‘rnidan turib ketdi. — Siz meni kim deb o‘ylayapsiz?.. Bilib qo‘ying, shu gapingizni tog‘alarimga aytsam, kuningizni ko‘rsatib qo‘yishadi…

— Iye, bu nima deganingiz? — birdan jiddiy tortib qoldi boshliq. — Men sizga yomon gap qilganim yo‘q shekilli?.. Darrov xafa bo‘ldingizmi?..

— Nega xafa bo‘lmas ekanman? Menga unaqangi qing‘ir gaplaringizni gapirmang!.. O‘ziga to‘g‘ri ayolman men!

— Xo‘p, xo‘p, voy-bo‘!.. Bo‘ldi, gapirmaganim bo‘lsin!..

— Ayting, mollarimni qaytarib berishsin!

— Bo‘ldi.. Siz chiqavering, men hozir aytaman, qaytarishadi!..

Boshliq Nasibaning vajohatidan qo‘rqib ketgandi. Bir amallab undan xalos bo‘lish niyatida o‘zi tashqariga chiqib boyagi yigitdan Nasibaning sumkasini olib berdi…

Lekin yordam berish istagidan Nasibaning ilk qarshi so‘zlarini eshitgandayoq voz kechgandi…

* * *
— Qo‘y, qizim, shu sigaret qurg‘urni! — dedi kechqurun ovqatlanib o‘tirganlarida Nafosat aya. — Baloga yo‘liqsin o‘shalar!

— Bo‘lmasa nima qilay? Nima sotay?..

— Men-chi, narigi mahalladagi Sottixon degan ayolminan gaplashib qoldim. Qizi yolg‘iz boshqa davlatga qatnarkan. O‘sha yoqlardan kiyim-kechak opkelib bu yerda ko‘tarasiga topshirarkan. Ana senga ish!..

— Meniyam sherik qiladi deb o‘ylaysizmi? Kim hozir nonini yarimta qilgisi kelardi, oyi?!.

— Yordam beradi. Sottixonning o‘zi aytdi. Qiziga qo‘shilib borsang, ajabmas, yo‘lingni bersa…

Shu kecha Nafosat aya tinchini yo‘qotdi. Tun bo‘yi Nasiba haqida o‘ylab chiqdi. Bir taqdirini o‘ylab yig‘ladi, bir Xudodan omad so‘radi. Shu ahvolda tong ottirdi…

Nasibani Sottixon deganlarinikiga olib borishi, qiziga qo‘shib kelishi zarur edi…

Sottixon aya ham ochiqqina ayol ekan. Ona-bolani yaxshi kutib oldi. Obdon Nasibaga maslahatlar berdi. Qizi bilan tanishtirdi…

Nasibaning baxtiga qizi Xolida shu kuni molga jo‘nab ketish arafasida turgan ekan. Bo‘lajak hamrohining muloyimligini, tortinchoqligini ko‘rib mamnun bo‘ldi.

— Eski kiyimlaringizdan olvolishingiz kerak. — dedi Xolida kulimsirab. — Uyoqda juda asqotadi.

— Bo‘pti.

— Kechki payt tayyorgarligingizni ko‘rib kelavering!..
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir kechalik kelinchak… (8-qism. Birinchi fasl)