21:14 / 31.10.2018
10 131

Bir kechalik kelinchak… (11-qism. Birinchi fasl)

Bir kechalik kelinchak… (11-qism. Birinchi fasl)
Ammo ko‘z yosh, siqilish, g‘am chekish bilan dardni aritib bo‘lmaydi. Nasiba bunga keyingi yillardagi hayoti davomida bir necha bor amin bo‘ldi. Shu sababli bir seskanib o‘rnidan turdi-da, derazadan tashqariga boqdi. Kech tusha boshlabdi. Eshik ortida esa har qachongidek savdo qizigandan qizigandi.

— Shuncha vaqt o‘tirib qoldimmi? — dedi o‘ziga o‘zi shosha-pisha sochlarini to‘g‘rilarkan. — Maraz soliqchining gaplari asabimni buzdi-da! Bu kuningdan battar bo‘lgin, iloyim!..

Nasiba qo‘liga sumkachasini olib sekin kabinetdan chiqdi. Ko‘z qiri bilan atrofni kuzatib, xodim va xodimalar o‘z ishi bilan bandligiga guvoh bo‘lgach, tashqariga yo‘l oldi. Shu orada ish yurituvchi ayolga ba’zi narsalarni tayinlashni ham unutmadi.

— Kech kirib qolibdi, — dedi mashinasiga chiqib o‘tirgach. — Hademay tun cho‘kadi. Yana og‘ir, qo‘rqinchli, dardli va ayanchli lahzalar boshlanadi. Oyim ham ancha qarib qoldi. Men bilan uzoq gaplashib o‘tira olmaydi. Televizorni ko‘rishga ko‘zim yo‘q. Battar asabim buziladi. Maqtovdan nariga o‘tishmaydi. Odamlarning dardini sir tutishadi. Yo‘q, hozir uyga bormayman. Yaxshisi, tungi klubimdan xabar olaman. Ikki kundan beri qadam bosmagandim. Ko‘ray-chi, ishlar qanday ketyapti ekan!..

Nasiba taxminan yarim soat deganda shaharning boshqa bir chetidagi tungi klubga yetib keldi. Tashqarida zulmat hukm sura boshlagan, ammo oy zulmatga sira so‘z bermay, olamni yoritishda davom etardi. Nasiba shoshilmasdan mashinasini ko‘zdan panaroq joyga qo‘yib, xotirjamlik bilan pastga tushdi. Tushdi-yu, dahshatdan baqirib yuborayozdi.

Tungi klubning kirish eshigi yaqinida ikki qo‘riqchi ozg‘indan kelgan yigitni tepkilar, yigit baland ovozda to‘xtashlarini so‘rab yolvorardi. Ammo qo‘riqchilar uning iltijolariga quloq tuta qolmasdi.

— Hoy, nima qilganlaring? — Nasiba yugurib bordi-da, qo‘riqchilarning oldini to‘sdi. — Aqldan ozganmisanlar? Nega uryapsan bu odamni? Jinni bo‘ldingmi ikkalangam? Kim huquq berdi senlarga?

Qo‘riqchilar Nasibani ko‘rgandanoq bo‘shashib qolishgandi. Aybdorona yer chizgan ko‘yi bir necha qadam ortga tislanishdi. Nasiba esa darrov yerda qonga belanib yotgan yigitga o‘rnidan turishga yordamlashdi-yu, qo‘riqchilarning biriga baqirdi:

— A’zam, nega qaqqayib turibsan? Tez ichkariga olib kir, yuz-qo‘lini yuv! Keyin mening kabinetimga opkirasan!

Qo‘riqchi yigitni yetaklagancha klub ichkarisiga kirib ketgach, Nasiba ikkinchi qo‘riqchini siquvga oldi.

— Nega do‘pposladilaring uni? — so‘radi nafrat aralash. — Burningni tortavermay, savolimga javob ber!

— Haligi… — qo‘riqchi Nasibaga yer ostidan qo‘rqa-pisa qarab oldi-da, javob berishga tutindi. — T-talabaykan… Puli yo‘qligi aniq edi. Klubga kiraman deyaverdi. Yaxshilikcha tushuntirsak…

— Nima? Talaba bo‘lsa pulsiz yuradi deb kim aytdi senlarga? Kuchlaring shu yigitga yetdimi? Tashkilotingda shunaqangi zo‘ravonlikka, shafqatsizlikka o‘rgatishadimi hali?

— Y-yo‘g‘-e, opa, undaymas… Haligi…

— Senlarminan keyin gaplashaman! — gapni kesdi Nasiba. — Ikkalang yarim soatdan keyin kabinetimga kirasan.

— Xo‘p bo‘ladi!..

* * *
Kabinetga kirib borganda, kaltak yegan talaba va A’zam degan qo‘riqchisi bir chetdagi kursilarda o‘tirgancha yer chizardi.

— Sen bo‘shsan, — dedi Nasiba qo‘riqchiga. — Yarim soatdan keyin sherigingminan oldimga kirasan.

— Bo‘pti.

— Chiqaver ishingga!

Qo‘riqchi chiqib ketgach, Nasiba talaba yigitga achinish aralash zimdan tikilib qaradi. Uning istarasi issiq, ko‘z qarashlari samimiy edi.

— Kechirasiz, aka deymi, ukami, bilolmadim. Mayli, uka deya qolay! Nima bo‘ldi? Boshidan gapiring-chi! Aytgancha, ismingiz nima?

— Bilol, — dedi yigit asta bosh ko‘tarib. — Talabaman. Milliy universitetda o‘qiyman.

— Juda yaxshi, — dedi Nasiba. — Ko‘rinib turibdi talabaligingiz. Nima bo‘ldi, Bilol? Nega qo‘riqchilar sizni do‘pposlashdi?

— Juda zo‘ravon, qo‘rs ekan qo‘riqchilaringiz! — Bilol endi gap ohangi sovuqlashgan ko‘yi javob qaytardi. — Yerga urib tashlashdi. «Talabaykansan, pishirib qo‘yibdimi bu yerda?» deb nafsoniyatimga tegishdi. Men o‘zimni bosib ichkariga kirmoqchi bo‘ldim. Ular esa… Ko‘rganingizday…

— Qo‘riqchilarimni kechiring, — dedi Nasiba asabiy lab tishlab. — Ikkalasiyam ishdan haydaladi bugun… Bilasizmi, aybimizni yuvish uchun nima qilishniyam bilmay boshim qotdi. O‘zingiz ayting, nima qilsam kechirasiz bizni? Istaysizmi, do‘konlarimdan biriga boramiz-da, sizga bosh-oyoq sarpo sovg‘a qilaman?!. Balki…

— Menga hech nima kerakmas, — dedi Bilol. — Yelkamning chuquri ko‘rsin endi shu klublaringizni! Uzr, ketishim kerak. Imtihonga tayyorlanishim zarur.

Shunday deb Bilol dast o‘rnidan turdi. Uning yuzlari qontalash, ko‘z ostilari, tomoq ostigacha ko‘karib ketgandi. Oyog‘iga ham qattiq tepishganmi, bir-ikki qadam yurgandi, oqsayotgani sezilib qoldi.

— Yo‘q, bunaqasi ketmaydi, — dedi Nasiba. — Hoziroq do‘xtirga boramiz. Yaralaringizga malham surishadi, kerak bo‘lsa, ukol qilishadi. Men sizni bu ahvolda qo‘yib yubora olmayman! Nima bo‘lgandayam ayb bizda. Aybimni yuvmasam, o‘zimni kechira olmayman!..

Bilol qarshilik qilmadi. Nasibaga itoat etgan holda qaytadan kursiga cho‘kdi.

Bir soatcha vaqt o‘tib ular iliq xayrlashishdi. Nasiba talabaning yaralariga malham surib, kerakli ukollar olingach, uni talabalar shaharchasigacha olib borib ham qo‘ydi. Ketayotib qayta-qayta uzr so‘radi. Bemalol klubga borib ko‘ngil yozaverishini qayta-qayta tayinladi.

* * *
Ammo ertasi kuni ham o‘sha talaba yigit negadir ko‘z o‘ngidan keta qolmadi. Ko‘z yumdi deguncha Bilolning yerda yotgan ko‘yi tipirchilayotgani, qo‘riqchilarning shafqatsizlarcha tepkilayotgani xayolida gavdalanaverdi.

«Qo‘riqchilariyam anavi soliqchiday bir balo, — ko‘nglidan o‘tkazdi mashina rulini bozor tarafga burib. — Shunchalik ham rahmsiz bo‘ladimi odam degan? Ifloslar-ey!.. Ishqilib melisaga gullab qo‘ymasin bu talaba. Soliqchi asabimni buzib yurgani yetadi menga. Melisasi ortiqcha…»

Mashina rulini bozor tarafga burdi hamki, yo‘l chetidagi avtobus bekatida Bilol o‘tirganini ko‘rib qoldi va darhol tormozni bosdi.

«Nima balo, rostdanam melisaga otlandimi deyman? — ko‘nglidan o‘tkazdi u shoshilmasdan mashinadan tusharkan. — Kecha indamagandi-ku! Shunchalik nomardmi bu talaba?..»

Shu tobda kutilmagan manzara namoyon bo‘ldi. Qayerdan paydo bo‘ldi, bilmaydi, o‘zi tomonga soliqchi kelayotganini ko‘rib qoldi. Nasiba g‘alati ahvolda qola boshlaganini his etdi-yu, tezda o‘zini qo‘lga olib atayin unga e’tibor bermagan kabi Bilol o‘tirgan avtobus bekatiga qarab yurdi. Bilol ham uni ko‘rgan, shuning uchun dast o‘rnidan turib Nasibaning istiqboliga shoshildi. Ammo soliqchi deyarli yaqinlashib qolgandi.

— Singlim, Nasibaxon, — dedi yurishdan to‘xtamay. — Bir daqiqa!..

Soliqchi yetib kelgan bo‘lsa-da, Nasiba atayin salom bermadi. Go‘yo uni ko‘rmagan kabi Bilolga yuzlandi. Salomlashdi, hol-ahvol so‘radi. Soliqchining esa ortga chekinish, suhbat tugashini kutish niyati yo‘q edi.

— Nasibaxon, — dedi ko‘zini lo‘q qilib. — Bir daqiqaga mening mashinamga o‘tirsangiz! Gaplashib oladigan ishlar chiqib qoldi!

— Mening soliqchilar bilan qiladigan ishim yo‘q, — dedi Nasiba bo‘sh kelmay. — Soliqlarning hammasini allaqachon to‘lab qo‘yganman, buni o‘zingizam yaxshi bilasiz. Agar gapingiz tugagan bo‘lsa, xayr! Mening manavi yigitda zarur ishim bor.

— Iltimos, singlim, keling, bir daqiqa vaqtingizni olaman xolos! Iltimos!..

Nasiba bildiki, soliqchi baribir tinch qo‘ymaydi.

Bilolga mashinasini ko‘rsatib biroz kutib o‘tirishini so‘radi va shundan keyingina soliqchiga yuzlandi.

— Xo‘sh, qanaqa ishingiz bor menda?

— Mashinamga o‘tiraylik!

— Men birovlarning mashinasiga o‘tirib o‘rganmaganman!

— Unda… Mayli, keling, bekatda o‘tira qolamiz! Ko‘p vaqtingizni olmayman!

Nasiba soliqchining ortidan istamaygina yurib borib bekatdagi o‘rindiqqa cho‘kdi va unga savol nazari bilan boqdi.

— Bilasizmi, — salmoq bilan gap boshladi soliqchi yanada jiddiylashib. — Tungi klubingizda noqonuniy ishlar bo‘lib yotganidan xabar topib qoldik. Bunga nima deysiz?

Nasiba yalt etib soliqchining ko‘zlariga boqdi.

— Qanaqa noqonuniy ish? Men qonunlarimizni hurmat qilaman!

— Juda ustamon va ayyor ekansiz! — dedi sovuq tirjayib soliqchi. — Qoyilman! Ammo… Ming afsus, tungi klubni ochishga ochibsiz-u, nazoratni bo‘shashtiribsiz. Klubda hatto narkotiklar sotilarkan, suyuqoyoqlar sotib olinarkan. Ichkilik, chekimlik savdosi avjida ekan… Xo‘sh, bularni ham qonuniy deysizmi?

Nasibaning toqati toq bo‘ldi. Bu nusxaning asl maqsadi boshqa ekanini ko‘ngli sezib turardi. Qayoqdagi tuhmatlarni yuziga chaplayotgani alam qildi.

— Menga qarang, maqsadingiz nima o‘zi? — so‘radi oxiri chidolmay. — Gapning indallosini ayting!

— Ana, endi o‘zingizga keldingiz, — deya kaftlarini bir-biriga ishqalab qo‘ydi soliqchi. — Aqlli odamlarning sadag‘asi ketsa arziydi. Xo‘-o‘sh… Demak, gap bunday. Sizda bitta yo‘l bor. Agar shu yo‘ldan borsangiz, erkak sifatida so‘z beraman, sizni hech kim bezovta qilmaydi. Bemalol, qo‘rqmasdan tirikchiligingizni qilaverasiz.

— O‘sha siz aytgan yo‘ldan bormasam-chi?

— Bormasangiz, juda yomon bo‘ladi. Birgina narkotikning o‘zi sho‘ringizga sho‘rva to‘kishi tayin.

— Mayli, ayting, qanaqa yo‘l ekan o‘sha?

— Tungi klubni menga sotasiz, — dedi soliqchi. — Yo‘li shu… Ishoning, xafa qilmayman pul masalasida.

— Nima? Sotaman? Men klubni hali veri sotmoqchi emasman.

— Men sizdan sotasizmi-yo‘qmi deb so‘ramadim. Sotasiz dedim.

— Chuchvarani xom sanabsiz, amaki! — Nasiba shu tobda soliqchining yoshi o‘tganini eslatib qo‘yish ilinjida «amaki» so‘zini atayin tilga oldi. — Klub sotilmaydi.

— Sotasi-iz! Sotmay qayergayam borardingiz?!. Hali melisa, prokuratura, sud kursisiga o‘tirib ko‘rmagansiz-da! Aytib qo‘yay, juda yomon bo‘ladi! O‘ylab ko‘ring!

Nasiba ortiq bir so‘z demadi. Zarda bilan o‘rnidan turdi-da, xayr-ma’zurni ham nasya qilib mashinasi tomon ildam yurib ketdi.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir kechalik kelinchak… (11-qism. Birinchi fasl)