02:02 / 02.11.2018
10 226

Bir kechalik kelinchak… (15-qism. Birinchi fasl)

Bir kechalik kelinchak… (15-qism. Birinchi fasl)
Bilol ziyraklik qildi. Furqat va Nasibaga bir-bir tikilib oldi-da, ularning yuzidagi o‘zgarishlarni ilg‘ab kutilmaganda Nasibani tashqariga boshladi.

— Iltimos, opa, siz chiqib tursangiz, — dedi u tashqariga chiqqanlari hamono eshikni yopib. — Iltimos, yo‘q demang!

— Bu nima qilganingiz? — Nasiba jahli chiqqan kabi uzun kipriklari pirpiragancha Bilolni nari surishga tutindi. — Bu odamning sizga taalluqli joyi yo‘q. O‘zim gaplashaman.

— Opa, — dedi Bilol do‘kon ichkarisidagilarga o‘g‘rincha qarab qo‘yib. — Tushunaman. Bu mening ishimmas. Lekin sizning asabiylashishingizni istamayman. Keling, izn bering, biz ichkarida erkakcha gaplashib olaylik! Ishoning, mushtlashmaymiz, to‘polon ko‘tarmaymiz. Madaniyat bilan gaplashamiz. U ortiq bu yerga kelib sizni bezovta qilmaydi!

Nasibaning boshqa iloji ham qolmagandi. Aslida Furqatni shu tobda umuman ko‘rgisi kelmayotgandi. Qaragandayoq uning turqi ko‘zlariga juda sovuq ko‘rinib, nafrati qo‘zg‘algan va agar yana u bilan bir necha daqiqa ro‘parama-ro‘para tursa, o‘zini idora etolmasligini, biror kor-hol yuz berishini ko‘ngli sezardi. Shu sababli Bilolga yon berishga majbur bo‘ldi.

— Mayli, — dedi bo‘shashib. — Faqat va’dangizda turing. Mushtlashmaysiz. Yaxshilikcha tushuntirasiz… Menga qarang, o‘zi uning kimligini, nega kelganini bilasizmi?

— Bilaman, — dedi Nasibani hayron qoldirib Bilol. — Uni taniyman. Boyvachchaning arzandasi. Buning ustiga narkoman. Bir-ikki marta to‘qnash kelgandim qachonlardir… Opa, ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, u sizni boshqa bezovta qilmaydi.

— Bo‘pti, men shu atrofda bo‘laman!

Bilol ruxsat tekkanidan quvonib og‘zining tanobi qochgan ko‘yi kabinetga kirib ketdi.

* * *
Oradan yarim soat ham o‘tmadi. Nasiba uzoqdan Furqat boshini quyi solgancha chiqib ketayotganini ko‘rdi. Shu onda do‘konga kelganlariga pushaymonlar qildi. Bilolni topganiga, onasining qarshisida mulzam tortmasligiga ko‘zi yetib mamnun tortgandi. Furqat barchasini yer bilan yakson qildi. Yana ko‘ngli g‘ash tortdi, ko‘z o‘ngida yaqin o‘tmish gavdalandi. Xo‘rliklar, haqoratlar quloqlari ostida qayta jaranglagandek bo‘ldi. Do‘kon tugul yorug‘ dunyo boricha ko‘ziga omonatdek ko‘rina boshladi. Qo‘yib berishsa, barchasiga qo‘l siltab boshi oqqan tarafga ketib qolishga tayyor turdi.

Yana Bilol xayolini bo‘ldi.

— Opa, ish bitdi, — dedi u kulimsirab. — Boshqa sizni bezovta qilmaydi.

— O‘zi nima dedingiz shunday qaysar indamay chiqib ketdi? — so‘radi Nasiba Bilolga shubhali boqib. — Xuddi razborchilarday yo‘l tutdingiz-a!?. Men sizdan gumonsiray boshladim. Hali bunaqa hunarlaringizam bormi?

— Adashyapsiz, — dedi Bilol yer chizib. — Men ham boshqalar kabi oddiy odamman. Faqat… Talabalikda boshdan har xil ishlar o‘tgan. Furqatga o‘xshaganlarnikidayam mardikor ishlashimga to‘g‘ri kelgan.

— Mardikor? — Nasiba negadir hayrati oshib Bilolga qattiqroq tikildi. — Siz… Ha-ya, nega hayron bo‘lyapman o‘zi? Bilaman… Tushunaman… Xo‘sh, Furqatnikida nima ish qilgansiz?

— Basseynini biz qurib bergandik qachonlardir. Xafa qilmagan lekin. Kelishgan pulimizga qo‘shib ham bergan. Dadasiyam mujik odam ekan.

— Bas qiling, — dedi Nasiba Bilolning so‘zini kesib. — Bundan keyin mening oldimda bunaqangi jargonli gaplarni ishlatmang, iltimos!

— Xo‘p. Kechiring.

— Yuring, istirohat bog‘iga boramiz! Ochig‘i, kayfiyatim bir pul bo‘ldi. Qayiq olib ko‘lda aylansak, balki o‘tib ketar… Aytgancha, eshkak eshishni bilasizmi o‘zi?

— Qiyib qo‘yaman, — dedi Bilol kaftlarini bir-biriga ishqalab. — Eshgandayam enasini ko‘rsatib tashlayman!

Nasiba Bilolning so‘nggi lahzalarda yanada ochila boshlaganini ko‘rib ancha yengil tortdi.

Erkak kishining ayol qarshisida iymanib, qisinib turishini jini suymasdi.

* * *
Bog‘da odam ko‘p edi. Negadir Nasiba ko‘lga tushishni xohlamadi. Bog‘ni aylanib yurishni ma’qul bildi. Soya-salqin yo‘laklar bo‘ylab ketib borarkan, qur-qur yonida odimlayotgan Bilolga ko‘z qirini tashlab olar, ba’zida beixtiyor kulimsirab olardi.

— Vay, qarang, Bilol, soyga o‘xshagan joyi borakan, — dedi kutilmaganda Nasiba pastlikdagi jilg‘ani ko‘rsatib. — Yuring, o‘sha yerga tushamiz!..

Bilol bir og‘iz so‘z demay, o‘sha tomon yurdi.

Jilg‘a suvi muzdek edi. Nasiba xuddi yosh qizlar kabi oyog‘idagi poyafzalini yechib suvga tushdi. Suv muzdekligidan seskanib ham ketdi.

— Qo‘limdan ushlang, hozir yiqilib tushaman, — dedi yuqorida uni havas aralash kuzatayotgan Bilolga. — Nega qarab turibsiz?

Bilol yugurib bordi-yu, Nasibaning qo‘lidan tutib yuqoriga tortqiladi. Ana shu tobda ular bir-birlariga juda yaqin turib qolishdi. Bo‘y yigitning qaynoq nafasi ko‘ksining allaqayerini kuydirib o‘tgandek bo‘ldi. Ikki yuzi tog‘ olmasi yanglig‘ qizil tus olib kipriklari asabiy pirpiray boshladi. Qalbi esa tobora oldinga intilish, yigitga yaqinroq turishga undardi. Bilolning ham chamasi bo‘lari bo‘layozgandi. Ikkilanib, bilinar-bilinmas harsillab turgach…

Lablar tutashdi.

Bu ikkovlari uchun ham yorug‘ dunyodagi eng totli, unutilmas, hayajonli va yovvoyi lahzalar edi.

Nasibaning a’zoyi badani qizib borar, vujudida titroq zohir edi…

Bir mahal seskandi-yu, o‘zini orqaga oldi va Bilolga ters o‘girilib oldi. Yigit esa ortga chekinishni xohlamasdi. Yelkasidan mahkam quchib o‘ziga qaratdi.

— Men sizni judayam yaxshi ko‘raman, opa, — shivirladi u titroq aralash…

Yo‘q, bu titroq qo‘rquvdan darak emas, jilovdan bo‘shangan ehtiros olovi edi.

— Meni hech qachon opa demang, — dedi Nasiba Bilolning yelkasiga bosh qo‘yib. — G‘alati ta’sir qilyapti opa desangiz.

— Unda nima deb atay?

— Shunchaki Nasiba desangiz yetadi. «Sen»lab murojaat qilsangiz ham yo‘q demasdim.

— Bo‘pti, shunday qilaman.

— Qani, «sen»lang-chi!

— Seni sevaman, Nasiba!..

Nasibaga Bilolning hozirgi izhori juda yoqib tushgandi. Beixtiyor erkalangisi, Bilolga suyanib yashagisi, u bilan faxrlangisi keldi. Biroq erkalanishga uyaldi.

— Yuring, hov anavi daraxt ostida o‘tiramiz birpas, — dedi ulkan chinorni ko‘rsatib. — Qarang, salqin ekan!

— Chinor ostida o‘tirish ziyon deyishadi-ku!

— O‘tirishmas, uxlash ziyon. Harqalay, uxlab qolmassiz?

— Uxlab qolsam, sen borsan-ku, uyg‘otarsan!

— Yuzingizga muzdek suv sepibmi?

— Ha, shunday qilib uyg‘otasan.

— Bilol, nega menga uchradingiz? Uchramasangiz bo‘lardi-ku!

— Meni uchratganingdan xafamisan? — dedi Bilol ma’yus tortib. — Agar…

— Hecham xafa emasman. Faqat… Endi-endi yolg‘izlikka, muhabbatsiz yashashga ko‘nika boshlagandim. Siz yo‘liqdingiz-u, hammasini chippakka chiqardingiz.

— Kechir, — dedi Bilol gunohkorlardek yolg‘ondakam bosh egib. — Aybimni yuvishga tayyorman.

— Nima bilan yuvmoqchisiz aybingizni?

— Kerak bo‘lsa, qon bilan.

— Yo‘q, — Nasiba Bilolning labiga barmog‘ini bosdi. — Qon kerakmas… Aytgancha, siz mening o‘tmishimdan xabar topsangiz, ketib qolsangiz kerak deb o‘ylayman.

— O‘tmishingdan allaqachon xabar topganman.

— Nima? Kim aytdi sizga?

— Eshitganman-da! Furqat aldab yurgani-yu, sen boshqasiga tekkaning, u olamdan o‘tib qolgani… Qisqasi, hammasini eshitganman.

— Shundayam meni deyaverasizmi?

— Albatta, meni sening o‘tmishing umuman qiziqtirmaydi. Menga hoziring muhim. Seni xuddi shu hoziring bilan sevaman…

— Qiziq… Judayam qaysar kishiykansiz.

— Onam shunday yaratgan-da qaysar qilib!

— Xo‘sh, buyog‘iga nima qilmoqchisiz?

— Menmi?

Bilol endi tortinishlardan, bezovtalanishlardan ancha xoli edi. Nasibaning ikki yelkasidan mahkam quchdi-da, o‘ziga qaratdi.

— Men tezroq to‘yimiz bo‘lishini istayman.

— To‘y? O‘h-ho‘, ishtahalar karnay-ku!

— Nima, sen menga turmushga chiqmaysanmi?

— Agar «yo‘q» desam, nima qilasiz?

— O‘lay agar, bu javobni ko‘tara olmayman. Katta yo‘lga chiqaman-u, o‘zimni mashinaning tagiga tashlayman. Ha, sensiz yashagandan o‘lib ketganim ma’qul.

— Bas, ahmoqona gaplarni gapirmang! Undan ko‘ra, ayting, hozir ko‘nglingiz nimani tusayapti?

— Ovqatni nazarda tutyapsanmi?

— Ha-da! Erkaklarga ovqatdan bo‘lak nimaniyam taklif qilish mumkin?!.

Bilol Nasibani mahkam quchib ko‘kka boqdi.

— Agar urishib tashlamasang, aytaman.

— Bo‘pti, urishmayman, ayta qoling!

— Yaqinda restoranga olib borganding-ku! O‘shandagi fransuzcha go‘sht degan ovqatiga gap yo‘g‘akan.

— Rostdanam yoqdimi sizga?

— Judayam yoqdi.

— Yana borishimizni xohlayapsizmi?

— Bilmaganday so‘raysan-a!.. Umuman… O‘zing surishtiraverganing uchun aytdim xolos. Menga ko‘proq sening yoningda bo‘lish yoqadi. Go‘shtlariyam, restoranlariyam sening oldingda kapeyka.

— Tag‘in jargonli gapirishga o‘tdingizmi?

— Uzr, talabalik-da! Bolalar bilan gaplashaverib o‘rganib qolibman.

— Bundan keyin diplomatlarcha gapiring.

— Xo‘p bo‘ladi, o‘rtoq general!..

— Ketdik, yana fransuzcha go‘sht tugab ketib baloga qolmay!

Bilol dast o‘rnidan turdi-da, Nasibaga qo‘l uzatdi.

Ikkovlari qo‘ltiqlashgancha tashqariga keta boshlashdi.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir kechalik kelinchak… (15-qism. Birinchi fasl)