Bir kechalik kelinchak… (19-qism. Birinchi fasl)

  • 4-11-2018, 06:30
  • 1 504
  • Hayot tarzi
  • Bir kechalik kelinchak… (19-qism. Birinchi fasl)
    Mashina shahardan tashqariga chiqqach, o‘ngdagi ko‘chaga burildi. Nizom ko‘rimsizroq, darvozasining bo‘yoqlari ko‘chgan hovli ro‘parasida tormoz berdi. Qorong‘ilikda mahallaning oxiri ko‘rina qolmasdi. Qarama-qarshi tarafda esa keng dalalar bo‘lib, o‘sha yoqdan qurbaqalarning qurillashigina quloqqa chalinardi.

    — Sen meni qayerga boshlab kelding? — so‘radi Nasiba Nizomga yeb qo‘ygudek sovuq boqib. — Bu yerlar qayer o‘zi?

    — Bu Toshkent rayoniga qaraydi, — dedi Nizom. — Opa, iltimos, men keta qolay! Bilol aka meni ko‘rsa, g‘ajib tashlaydi.

    — Bilol bu yerda nima qilyapti o‘zi? Sen bilasan, hammasini bilasan. Tiling bir-da-a? Shuning uchun miq etmayapsan.

    — Opa, pastga tushaylik, hammasini o‘zingiz ko‘rasiz. Faqat men panada turaman. Yaxshisi, keta qolaman. O‘zlaring kelishib olaverasizlar.

    — Oldin menga ko‘rsat ko‘rsatadiganingni! Ko‘rsatmaguncha hech qayerga ketmaysan!

    Ular oldinma-ketin pastga tushishdi. Nizom Nasibani hovlining orqa tarafiga boshladi. Buyoq paxsa devor bilan o‘ralgandi. Bir burchakda esa podvalga tushadigan zinalar ko‘rinib turibdi. Zinalarning o‘ng yonboshiga daricha o‘rnatilibdi. Pastdan — podvaldan kimningdir baqirgani eshitilib qolardi.

    Nasiba bu tovush tanish tuyilib, yanada sergak tortgancha Nizomning imosi bilan darichadan ichkariga mo‘raladi. Podvalda chamasi bir necha o‘n chog‘li odam bor edi. Shundoq ro‘parasida Bilol kursiga kerilgancha o‘tirib olgan, qarshisida kimdir tiz cho‘kib turardi.

    Nasiba shu kimsaning kimligini bilishga urindi. Orqadan, buning ustiga chiroq xiraligi sabab hadeganda taniy qolmadi.

    — Sen qara-chi, — dedi Nizomga yuzlanib. — Anavi tiz cho‘kib turgan kim?

    Nizom darichadan bir marta ichkariga qarab oldi-yu, o‘rnidan qo‘zg‘aldi.

    — Bu Furqat, — dedi u ovozini bir parda ko‘tarib. — O‘zingiz taniydigan o‘sha…

    — U nimaga tiz cho‘kib turibdi? Bilolning oldida-ya?..

    — Opa, uyog‘ini Bilol akaning o‘zidan so‘raysiz. Men javob bera olmayman. Iltimos, keta qolay! Ko‘nglim g‘ash negadir. Meni ko‘rmasligi kerak Bilol aka.

    — Avval chaqirib ber, ana undan keyin ketaver! — dedi Nasiba. — Bo‘l, ortiq bu yerda tura olmayman.

    — Bo‘pti, taqillataman-u, ketaman! O‘zingiz gaplashaverasiz!

    Shunday deb Nizom darichani bir-ikki taqillatgan bo‘ldi. Keyin pastroq tushib podval eshigini tepdi va darhol o‘zini orqaga olib mashina tomon ildamladi.

    * * *
    Nasiba hanuz hech narsaga tushuna olmasdi. Bu kimning uyi, nega Bilol bu yerga keldi, nega Furqat uning poyida tiz cho‘kyapti, kim o‘zi Bilol aslida?.. Nahotki, yana adashgan bo‘lsa? Nahotki, yaxshi, beozor, kamsuqum, o‘zi kabi qiyinchilikda o‘sgan yetim, mehribon degani maraz bir kimsa bo‘lib chiqsa? Kimlar bilan bog‘lanib qoldi o‘zi Nasiba? Axir, bu ishlari qonunga zid-ku! Saminga o‘xshaganlar sezsa, oborib qamab qo‘yadi-ku Bilolni!..

    Savollar bir talay edi. Lekin bu savollarga faqat Bilolning o‘zi javob qaytara oladi.

    Nasiba toqati toq bo‘lsa-da, yuragida Bilolga nisbatan nafrat tobora alangalay boshlasa-da, lom-mim demadi. Kutdi. Ichkaridan chiqishini poylab turdi.

    Nihoyat podval eshigi ochilib, avval o‘zi tanimaydigan bir necha barzangi chiqdi-da, ko‘cha tarafga qarab yurdi. Ularning ketidan Furqat yonida ikki yigit bilan yuqoriga chiqdi va u ham ko‘chaga yo‘l oldi. Nasiba panadaligi sababli ular ko‘rmasdi. Oxirida Bilol kim bilandir pichir-pichir qilgancha tashqariga chiqib keldi. Yonidagi podval eshigini qayta yopib qulf solgani aniq quloqqa chalindi.

    Nasiba atayin joyidan jilmay Bilolning navbatdagi harakatlarini kuzatdi. U bamaylaxotir atrofni kuzatdi-yu, yonidagi bilan xayr-xo‘shlashgach, ko‘chaning boshqa bir tomoniga keta boshladi. Naridagi bir necha barzangi chopa kelib unga ergashdi…

    Ana, endi kutish g‘irt ahmoqlik edi. Agar yana bir necha daqiqa shunday bo‘shashgancha tursa, Bilol mashinasiga o‘tiradi-yu, jo‘nab qoladi.

    Nasiba tez-tez yurib borib Bilolga yetib oldi va tuyqusdan unga yaqinlashib tirsagidan tutdi.

    Qo‘rqarkan erkak kishi ham. Yonidagilar-ku, mayli, Bilol yomon qo‘rqib ketdi.

    O‘zi sezmagan holda jazavaga tushib qichqirdi.

    — He onangni!..

    Lekin qarshisida Nasibani ko‘rib nima qilishni bilmay beixtiyor ortga tislandi.

    — Sen?.. Bu yerni qanday topib kelding?

    Nasiba uning qo‘ltig‘idagi xaltachaga ko‘zi tushgani hamono bir zarb bilan tortib oldi va ichini ochdi.

    Voh, xaltachada dasta-dasta ko‘kimtir dollarlar bor edi.

    Bilolning yonidagilar Nasiba kimligini darrov payqashdimi, asta oldinga yurib ketishdi. Nasiba esa erining ko‘zlariga tik boqdi.

    — Nima, manavinaqangi pana-pastqamlarda xohlagan qandimni yeyishim mumkin, birov bilmaydi, Nasiba go‘l deb o‘ylaganmidingiz? Yo‘q, Nasiba go‘l emas! U yerning tagida ilon qimirlasa biladi. Tan bergandirsiz endi?

    — O‘n martalab, yo‘q, milyon martalab tan berdim, — tirjayib yer chizdi Bilol. — Shu yerni topib kelibsanki… To‘xta, adashmasam, seni Nizom opkelgan bo‘lsa kerak. Faqat o‘sha bilardi qayerdaligimni. Topdimmi?

    — Sizga nima farqi bor? — dedi Nasiba sovuqqonlik bilan. — Uyam mening xizmatchim. Nima desam shuni qiladi.

    — Gap yo‘q, — dedi Bilol boshini sarak-sarak qilib. — Bir nima deyotganim yo‘q-ku, Nasi!

    — Meni Nasi demang! Pasportimda Nasiba deb yozilgan.

    — Xo‘p, Nasiba bo‘lsa Nasiba-da! Haligi… Menga mumkin deb o‘ylabman.

    — Shu lahzadan boshlab sizga hech nima mumkin emas. Mashinani kalitiniyam bering buyoqqa! Mashina mening pullarimga kelgan.

    — Jinni bo‘lganmisan? — kutilmaganda kulib yubordi Bilol. — Qanaqa mashina? Qanaqa qaytarish? Haliyam menga ishonmayapsanmi? Vey, sen oldin o‘zingning qarindoshchalaringdan gumonsiragin! Ana, tog‘ang, yuz milyondan ortiq pulingni o‘g‘irlagandi, xo‘sh, qaytarib ololdingmi?

    — Qaytarib olaman ertami-kechmi? Sizga nima og‘iri tushyapti?

    — Olib bo‘psan mensiz! Mana shu qo‘lingdagi dollarlarni tog‘angning kissasidan sug‘urib olishdi bizning yigitlar! Ishonasanmi, yo haliyam gumoning tarqamadimi?

    Nasibaning xayollari chalkashib ketgandi. Nimalarni o‘ylayotgani, ko‘ksiga botib turgan bir tutam narsa nafratmi, alammi, yo boshqa bir yukmi, bila olmay halak edi. Bilgani, Bilol o‘ziga ochiqchasiga xiyonat qildi, unga sezdirmay manavinday guruhlar tuzib yuribdi. Bilmay jinoyatchiga tegib qo‘ydimi? Nahotki, o‘qdan qochib bombaga yo‘liqqan bo‘lsa? Nimaga? Qaysi aybi, gunohlari uchun xudo buncha jazo beryapti? Buzuqlik qilmagan bo‘lsa, birovning haqiga ko‘z olaytirmasa, nima uchun shuncha azob, jazolar? Tag‘in… Bola orttirib olgani-chi!?. Xudo, ko‘rib turibsan-ku hammasini! Jazolashni bas qilsang-chi! Yo men ortiqchamanmi dunyoingda? Yaratgan yering meni ko‘tara olmayaptimi?..

    Nasiba ilkis boshini ko‘tardi-da, qaytadan Bilolning ko‘zlariga boqdi.

    U xotirjam edi. Sigaret tutatgancha zulmat qa’riga hissiz boqardi.

    — Mashinaga chiqaylik, — dedi Nasiba asta oldinga yurib. — Nega qarab turibsiz? Yurmaysizmi?

    Bilol yugurib bordi-da, mashina eshigini ochdi.

    — Marhamat, o‘tirsinlar, xonim, — dedi hazil aralash. — Shunday-y!.. Xo‘sh, qay manzilga olib borishni buyuradilar?

    — Bas qiling yaltoqlanishni! — jerkib tashladi uni Nasiba. — O‘tiring mashinaga! Xo‘sh, bu pullar qaydan keldi va qanday qo‘lingizga tushdi?

    — Mana, endi tushuntiraman, — dedi Bilol ortga o‘girilib. — Bu pullar boya aytganimday tog‘angdan tortib olindi. Yana Furqat ham sendan 15 ming dollar qarzdor ekan. Shundaymidi?

    — Xo‘sh, nima bo‘pti?

    — Qara, shuncha pulingni bermay yuribdi-yu, g‘amingga kelmaydi-ya, vey!

    — Sizdan pulimni undirib bering deb so‘ramagandim-ku!

    — So‘rashing shartmas. Men ahd qildim pulni undirishga!

    — Shuning uchun qarshingizda tiz cho‘kdimi u?..

    — Nima? — Bilol hayrati oshib Nasibaning bilagini mahkam siqimlab oldi. — Sen qaydan bilasan? Yo kuzatayotganmiding?

    — Siz haliyam meni go‘l, sodda, bilimsiz deb o‘ylaysiz shekilli-a? Aytdim-ku, yer tagida ilon qimirlasa bilaman!

    Bilol bir muddat sukutga toldi. Nimalarni o‘yladi, xudoga ayon. Birpaslik sukutdan keyin ikki kafti bilan boshini changalladi.

    — Ha, ko‘rgan bo‘lsang, demak, mening qudratimni bilibsan! Ha, tiz cho‘ktirdim uni! Nega deganda, o‘sha iflos tog‘angminan tilni bir qilib seni shilayotgan ekan. Tog‘angniyam aybdor deb bo‘lmaydi bu yerda. Qo‘rqitarkan Furqat uniyam. Normat og‘a qo‘rqqanidan pullarni kassangdan olarkan-u, Furqatning qo‘liga topshirarkan. U esa narkotik sotib olib foyda qilarkan-u, tog‘angga arzimagan «kapeyka»ni berib aldarkan. Yana va yana pul olib kelishni buyurarkan. Olib kelmasa, zug‘um qilarkan. O‘ldirib yuborish bilan qo‘rqitarkan. Endi tushungandirsan?

    — Niyati nimaykan u iflosning? Nega tog‘am melisaga bervormadi shu paytgacha?

    — Jinni bo‘libdimi melisaga berib? Birinchidan, agar melisaga aytsa, Furqatning odamlari kechasi uyiga borishadi-yu, o‘ldirvorishadi. Shundan qo‘rqqan. Ikkinchidan, «kapeyka» bo‘lsayam, pul tushib turgandi-da qo‘liga! Teshib chiqarmidi?..

    — Siz-chi? Sizga nima yetmaydi bunaqa guruhlar tuzib yuribsiz? Yeganingiz oldingizda, yemaganingiz ortingizda bo‘lsa! Xotiningiz qo‘yningizda, puldan muammo yo‘q. Nima majbur qildi? Nega menga bir og‘iz aytmasdan bunaqa ishlarga qo‘l urib yuribsiz?..

    — Senga aytsam, ruxsat bermasding, buni bilardim. Qolaversa, men bu qabihliklarga tek qarab tura olmadim. Har kuni ko‘zingga qarayman, ko‘zlaringda o‘zimni ko‘raman. Ayt, qanday qilib o‘zim aks etgan ko‘zlaringga cho‘p tiqishsa, qarab turaman? Tek tursam, boshingga chiqvolishadi. Yo‘q, xafa bo‘lsang, o‘zing bilasan. Ammo mening ko‘nglimda senga nisbatan yomonlik yo‘q, jonim. Men oilam, ro‘zg‘orimni yomonlardan himoya qilishga bel bog‘ladim. Hali ko‘rasan, ularni sen-u meni ko‘rsa, ikki bukilib ta’zim qiladigan qip qo‘yaman!..

    Nasiba Bilolning so‘nggi so‘zlariga haqiqatan ishona boshlagandi. Xayolida turli qarama-qarshi fikrlar, o‘ylar charx urdi. Baribir haqiqat ustun keldi.

    U erining kuyib-pishib aytgan gaplariga ishondi. Qaytadan unga mehri tovlandi.

    — Ketdik, dadasi, — dedi umrida birinchi marta. Shu jumlani tiliga ko‘chirishga ko‘chirdi-yu, a’zoyi badani jimirlab ketdi. Ammo bu jimirlashlar juda totli edi. — Uyga boraylik! Oyim ham bo‘lari bo‘lib o‘tirgandir…

    Taxminan yarim soat deganda uyga ham yetib kelishdi. Orqa o‘rindiqdan turib erini kuzatardi-yu, boyagi nolishlari uchun xudodan avf so‘rardi. Qayta-qayta shukr qilardi. Shunday yigitga ro‘baro‘ qilgani uchun Yaratganga tasannolar aytardi.

    Afsuski…

    Darvoza qarshisida militsiya mashinasi, atrofda to‘rt-besh militsionerlarni ko‘rdi-yu, yuragi shig‘ etdi.

    Bilol ham bu manzarani ko‘rgandi. Biroq bir tuki qilt etmadi. Aksincha, xotinini tinchlantirishga tushdi.

    — Iltimos, vahima ko‘tarma, — dedi u shivirlab. — Bularni Furqat boshlab kelgan. O‘zicha mendan o‘ch olmoqchi shekilli. Adashmasam, o‘zi kelmay, shularni yuborgan. Hammasi yaxshi bo‘ladi. Qo‘rqma!..

    Ular oldinma-ketin pastga tushishdi. Shu zahoti militsionerlarning ikki nafari chopa kelib Bilolga yopishdi. Kattasi bo‘lsa kerak, baland bo‘yli, qorin qo‘ygani Nasibaga yaqinlashdi.

    — Kechirasiz, singil, eringizni olib ketishga majburmiz, — dedi u muloyimlik bilan. — Ammo hammasi yaxshi. Vahima qilishga arzimaydi.

    — Nima gunoh qildi erim? — so‘radi Nasiba hech narsa bo‘lmagandek.

    Militsioner bu savolga javob berishni istamagandi. Asta mashinaga o‘tirib jo‘nashni xohlagandi. Shunga qaramay, javob qildi.

    — Eringiz jinoiy guruh tuzib, tadbirkorlarni qo‘rqitish yo‘li bilan katta miqdorda pul undirib kelgan. Bo‘limda hammasini aniqlaymiz!
    (davomi bor)

    Manba: Hordiq.uz

    » » Bir kechalik kelinchak… (19-qism. Birinchi fasl)