17:57 / 04.11.2018
3 716

Sun’iy ong yordamida diniy zo‘ravonlik sababi o‘rganildi

Sun’iy ong yordamida diniy zo‘ravonlik sababi o‘rganildi
Halqaro olimlar guruhi 31 oktyabrda “Artificial Societies and Social Simulation” (Sun’iy jamiyatlar va ijtimoiy simulyatsiya) jurnalida “A Generative Model of the Mutual Escalation of Anxiety Between Religious Groups” (Diniy guruhlar orasidagi bezovtalikning eskalatsiyasini modellashtirish) mavzusidagi tadqiqot natijalarini e’lon qilgan. Oksford universiteti bu tadqiqot haqida tafsilot yozgan. Quyida shu tafsilot o‘zbekchaga tarjima qilinib, e’tiboringizga havola etildi.

Tadqiqotning qisqacha annotatsiyasi

Yangi tadqiqot sun’iy ongga (SO) ega sistemalarning psixologik jihatini o‘rganayotgan ilmiy izlanishlardan biridir. Kompyuter modellashtirish va kognitiv psixologiyani qo‘shgan holda SO tizimi yaratilgan. Tizimni odam dindorligini o‘xshata oladigan robot, deyilsa, tushunarli bo‘ladi. Ya’ni olimlar dindor robot yaratib, diniy zo‘ravonlikka olib keluvchi shartlar va turtkilarni o‘rganmoqchi bo‘lishgan. Natijalarning ko‘rsatishicha, odamlar ishongan e’tiqod yoki odamlarning o‘zi e’tiqodiga qanchalik to‘g‘ri amal qilayotgani savol ostiga olinsa, bezovtalik va agitatsiya paydo bo‘ladi.

Tadqiqotdan maqsad nima bo‘lgan?

Odamlar tabiiy ravishda zo‘ravonmi (violent) yoki bu odat tashqi (dinga o‘xshagan) omillar ta’sirida rivojlanadimi? Misol uchun, diniy e’tiqod bir nechta guruhlar orasida ksenofobik taranglik va tashvishli vaziyat yaratib zo‘ravonlikka yetaklaydimi yoki yo‘qmi? Tadqiqotning maqsadi shu savollarga javob topish edi.

Tadqiqot kimlar tomonidan qilingan?

Ilmiy izlanish Angliyaning Oxford, AQShdan Boston va Tufts hamda Norvegiyadan Adger universiteti olimlari tomonidan olib borilgan. Maqolada zo‘ravonlikni keltirib chiqaruvchi shart-sharoitlarni o‘rganish niyat qilingan.

“Dindor robot” qanday yaratildi?

Odamning psixologiyasini o‘xshatish uchun ko‘p-agentli (bir nechta yo‘nalishda o‘ylay oladigan tizim) SO yaratilgan. Olimlar robotning qanday o‘ylashi va o‘zini qanday qilib biron guruh vakili deb tasavvur qilishiga qiziqishgan. Shaxsiy e’tiqod qanday qilib biror guruh e’tiqodiga muvofiqlashadi?

Psixologiyaga ega SO agentini yaratish uchun tadqiqotchilar kognitiv psixologiya nazariyalaridan foydalanishdi. Insonning qanday fikr yuritishi va ma’lumotni tahlil qilishi dasturlashtirildi. Shu orqali kognitiv psixologiyaga ega robot yaratildi.

Har xil e’tiqodga mansub odamlar bir-biri bilan qanday munosabatda bo‘lishini o‘rganish uchun minglab SO agentlari yaratilgan va “sun’iy jamiyat” sharoitini hosil qilingan. “Odamlar” (SO agentlari) bir-biridan yoshi va etnik jihatdan farq qilgan.

Sun’iy jamiyatda individuallar erkin harakatlanishi mumkin va ba’zi ehtimoliy xavflar ham bo‘lgan. Misol uchun, tabiiy falokatlar yoki “odamlar”ning o‘zaro ziddiyatga borishi mumkin bo‘lgan.

Natijalar

Natijalarning ko‘rsatishicha, ko‘p hollarda biror katta guruhga a’zo bo‘lmagan individual o‘sha guruh e’tiqodi yoki qadriyatlarini tan olmasligi ksenofobik taranglikka olib kelgan. Boshqa omillar bilan solishtirilganda, bu ehtimoli eng katta bo‘lgan ijtimoiy xavfdir. Ya’ni odamlar ishongan e’tiqod yoki ularning o‘zi e’tiqodiga qanchalik to‘g‘ri amal qilayotgani savol ostiga olinsa, bezovtalik va agitatsiya paydo bo‘ladi. Ammo tashqi yoki guruh a’zosi tomonidan e’tiqodni savol ostiga olish orqali paydo qilingan bezovtalik va taranglik beshta vaziyatdan faqat bittasida tartibsizliklar keltirib chiqargan.

Xulosalar

Ba’zi dinlar juda kuchli sadoqatni talab qilish tendensiyasiga ega. Bu esa boshqa guruh yoki e’tiqod vakillariga nisbatan zo‘ravonlikni paydo qilishi mumkin.

“Pirovardida din va madaniyatni o‘rganish uchun SOdan foydalanishda, odam psixologiyasi aniq modellashtirilishi kerak. Chunki psixologik omillar din va madaniyatning negizi hisoblanadi. Shuning uchun diniy ziddiyatlarning sababi odamlar ko‘rayotgan ma’lumotni qanday talqin qilishidadir”, – deydi tadqiqot mualliflaridan biri Jastin Leyn (Justin Lane).

Diniy zo‘ravonliklarning sababini o‘rganish har xil ziddiyatlarning oldini olishda yordam berishi mumkin. Tadqiqot natijalari barqaror jamiyatlar qurishda va har xil guruh a’zolarini yaxshiroq integratsiya qilishda qo‘llanishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Sun’iy ong yordamida diniy zo‘ravonlik sababi o‘rganildi