18:52 / 04.11.2018
10 799

Bir kechalik kelinchak… (20-qism. Ikkinchi fasl)

Bir kechalik kelinchak… (20-qism. Ikkinchi fasl)
Nasibaning xonadoni shu tobda Yaratgan egamning zulmatini eslatardi. Tashqarida zohir tun sharpasi qalblardagi zulmat qarshisida ojizdek edi.

Bir yoqda Nafosat aya uv tortib yig‘lasa, so‘rining bir burchagida Nasiba o‘z yog‘ida qovrilardi. Ular bir-birlarini yupatishga ojiz qolishgandi. Yupanch izlamasdilar. Har kim o‘z xayollari-yu, dardlar dengiziga sho‘ng‘igancha so‘zsiz, imo-ishoralarsiz suzardi.

Oxiri Nasibaning toqati toq bo‘ldi. Bilolning qilib yurgan ishlari, tog‘asi tutib qo‘ygan nomaqbul yo‘l, xiyonat bag‘rini kemirib, u ham onasiga qo‘shilib yig‘lay boshladi.

— Qo‘y, yig‘lama, qizim, — deya Nasibani ovutishga tutindi Nafosat aya. — Bu dunyoning ko‘rgiliklari ko‘p. Har biriga o‘lib-tirilaversa, yer yuzida bag‘ri but odamning o‘zi qolmaydi. Bo‘lar ish bo‘ldi. Endi buyog‘iga Bilolni qanday qutqarish haqida o‘ylaylik, jon qizim! U sho‘rlikda ayb yo‘q, g‘o‘rlik qilgan, sen-u meni balodan qutqaraman deb o‘zi tig‘ ostiga tushdi. Qo‘l qovushtirib o‘tiraversak, qanday bo‘larkin? Xudoning g‘azabi kelmasmikin?

— Xudo g‘azabini shundog‘am sochib bo‘ldi bizga, — dedi Nasiba yig‘lashdan to‘xtab. — Bundan ortiq g‘azab bo‘larmidi!? Do‘st, jigar deb yuraveribman. Ular esa oyog‘imga bolta urishdan boshqasiga yaramadi.

— Pul o‘lsin, pul, — dedi qizini quchib Nafosat aya. — Hammasiga mana shu o‘lgur aybdor. Qanday tog‘ang boridi-ya! Furqatnikidan kelganingda jon olib jon bergandi. So‘yib tashlashga tayyor edi seni xafa qilganlarni. Endi esa… Normatning ko‘zini ko‘r, qulog‘ini kar qilibdi shu pul. Ana, endi yuraveradi chorig‘ini zo‘rg‘a sudrab.

— Men tog‘amga yomonlik qilmadim-ku, oyi! Nega u menga yomonlik qildi? Nimaga do‘st-dushmanning oldida yuzimni yerga qaratdi? Shu tog‘am uchun jonimni fido qilishgayam tayyor edim-ku!

— Xudoga soldim uniyam, — dedi Nafosat aya ko‘z yoshlarini yengiga artib. — Bizniyam ko‘rib turibdi. Hech kimga yomonlik tilamadik. Sen yosh, yolg‘iz boshingminan, ne azoblarda oyoqqa turganding. Suvlari sattang-a pishqirib oqqan anhorlardan loyga botib «mol» tashiganingda bittasi borib qo‘lingdan tortvolmagandi. Ha-a, xudo bor, o‘zi beradi jazosini! Yig‘lama, kuyinma!..

Nasiba nimadir esiga tushgandek dast o‘rnidan turdi-da, qo‘l telefonini oldi va kerakli raqamlarni tera boshladi.

* * *
— Ha, — degan tanish ovoz yangradi go‘shakdan. — Kim bu?

— Tanimadingizmi, aka, — dedi Nasiba horg‘in ohangda. — Men Nasibaman!

— Qaysi Nasiba? Men unaqa odamni tanimayman.

— Nahotki? Axir…

Afsuski, telefon o‘chirildi.

— Maraz! — deya zarda bilan telefonni so‘riga uloqtirdi Nasiba. — Prokuroriyam tanimay qopti! Kechagina qo‘limdan bir dunyo pulni sanab olganda tanigandi. Endi tanimay qopti…

Shu payt telefoni bezovta jiringlay boshladi.

Nasiba hovliqib so‘riga chiqdi-da, raqamga boqdi. Begona raqam. Tanigandek bo‘ldi-yu, eslay olmadi.

Umuman, hozir farqi yo‘q edi. Qayerdandir bir tutamgina tayanch izlardi.

Umid bilan go‘shakni ko‘tardi.

— Meni tanidingmi, jonim?..

Bu Furqatning tovushi edi.

Nasiba o‘zi uchun jirkanch ovozni eshitgandayoq go‘yo sochlari tikka bo‘lib, nihoyatda asabiy lab tishlab oldi.

Telefonni qaytadan nariga irg‘itmoqchi bo‘ldi.

Ammo unday qila olmadi.

Umid yo‘l bermadi.

Furqatning qo‘ng‘irog‘i qanchalar kutilmagan, ovozi jirkanch bo‘lmasin, baribir umid qildi.

Hozirgi ahvolida umiddan bo‘lak tuyg‘u qalbini zabt eta olmayotgandi.

— Sizga nima kerak? — so‘radi sovuqqonlik bilan Nasiba. — Nega qo‘ng‘iroq qilyapsiz?

— Boshingga mushkul ish tushibdi deb eshitdim-u, chidab tura olmadim, — dedi Furqat. — Agar xafa bo‘lmasang, izn bersang, senga yordam bermoqchiman, ishon! Tag‘in o‘zing bilasan. Agar bir qarorga kelsang, shu raqamga chiqarsan! Xayrlashmayman.

Aloqa uzilgach, Nasiba onasiga yer ostidan razm soldi. Undan biror jo‘yali gap kutdi.

Nafosat aya uning kim bilan gaplashganini bilmaydi. Qayerdan jo‘yali gap aytsin?

Shu o‘y miyasiga urilgachgina, Nasiba sergak tortdi.

— Furqat qo‘ng‘iroq qilyapti, — dedi u Nafosat ayaga dardli boqib. — Yordam bermoqchiymish.

— Obbo, endi shunisi yetmay turuvdi, — dedi Nafosat aya. — Baloga yo‘liqtirganlari esidan chiqibdimi? Yordam berarmish…

— U adashgan, — dedi Nasiba qaysarlik bilan. — Odam adashishi mumkin-ku!

— Adashsa, sening baloga giriftor bo‘lishing evaziga adashgan! Haliyam o‘shaning ovozini eshitsang, bezovtalanib qolasan-a, qizim! O‘tmishing yodingdan chiqdimi?

— Chiqqani yo‘q. Nega chiqsin? Men… Hozir qanday bo‘lmasin Bilolni chiqarib olishim kerak qamoqdan. Yosh umri xazon bo‘ladi. Kelajagi juvonmarg bo‘ladi.

— Furqat chiqarib berib bo‘pti uni, — dedi Nafosat aya. — Haliyam soddaliging qolmadi! Axir, u narkoman, boyning bolasi. Nima qilib bo‘lmasin sening bor budingni tortib olgisi keladi. Undaylarga karqunoqdan bulbul chiqishi alam qilaveradi. Ishon, undaylar hech qachon kambag‘alga do‘st bo‘lmaydi-i!!!

— Menga do‘stligining hecham keragi yo‘q. Bilolni qamoqdan chiqarishda yordam qilsa bo‘ldiydi.

— Bilmayman, o‘zing o‘yla, o‘zing fikr qil. Men miyamga kelganini aytdim.

Nasiba ko‘nglining bir chetida uchqun chaqnagan kabi shosha-pisha o‘rnidan turdi-da, xonasiga yo‘l oldi.

Kirgandanoq eshikni ichkaridan tambalab, Furqatning raqamini terdi.

— Ha-a, namuncha xomushsan, jonim? — so‘radi Furqat g‘o‘ldirash aralash.

Nasiba bildiki, u narkotik qabul qilgan. Lekin hozir buning ahamiyati yo‘q edi. Umuman, Furqatning qay ahvolda bo‘lishi uni qiziqtirmayotgandi.

— Telefon qil dedingiz, mana, qildim, — dedi u shivirlab. — Nima ishingiz boridi?

— Ish mendamas, senda, — dedi Furqat. — Bilib turibman, shu pallada faqat Bilol haqida qayg‘uryapsan. Arzanda ering qamalib qoldi. Agar harakatingni qilmasang, kamida 20 yilga ketadi. Gapim to‘g‘rimi yo haliyam nohaqmanmi?

— Shuning uchun telefon qilibmidingiz? Ustimdan kulish uchun boshqa vaqt topilmadimi?

— Vey, sen kim bo‘psanki, ustingdan kulsam? Sal pastroq tushsang, yaxshi bo‘lardi. Harqalay, qachonlardir er-xotin bo‘lganmiz.

— Iltimos, bunaqa bo‘lar-bo‘lmas gaplarni gapirib boshimni qotirmang. Sizniyam, meniyam kimligimizni xudo biladi. Ko‘rib turibdi.

— To‘ppa-to‘g‘ri. Xudo ko‘rib turibdi. Ko‘r, men haq ekanman, shuning uchun xudo menga g‘azabini sochmadi. Biznesim zo‘r ketyapti, qo‘limni qayerga uzatsam yetyapti. Sen-chi? Sening ishlaring yomon. Jar yoqasida turibsan. Keyin-chi, Bilol qamalishiminan qutulib ham qolmaysan. Erta-indin prokuratura bosadi do‘kon, sexlaringni. Ana unda ahvoling judayam nochor bo‘p qoladi, jonim! Shularni o‘ylayapsanmi?

— Mening hisob-kitob ishlarim joyida, — dedi Nasiba bo‘sh kelmay. — Tekshiraversin. Qo‘rqadigan yerim yo‘q.

— Eh, haliyam qaysarliging qolmabdi. Mayli, soliqdan, boshqa tashkilotlardan kamchilik, xato bo‘lmasligi mumkin. Lekin boshqa ishlar-chi? Masalan, agar men aytgandek yo‘l tutmasang, menam prokuraturaga bitta ariza tashlab qo‘yaman. Bilasanmi, nima deyman? Boyagina o‘sha arzanda ering mening qo‘limdan 15 ming dollarni qurtday qilib sanab oldi. Pullarni senga berdi. Aniq bilamanki, hozir o‘sha pullar senda. Demak, barmoq izlari seniki va Bilolniki. O‘sha arzandangning yonidagi yugurdaklarniyam taniyman. Pulni esa sening buyrug‘ing bilan zo‘rlik qilib olganini yozaman. Bu «zakazuxa»ga aylanib ketadi, jonim! Qo‘rqmaysanmi?

— Maraziyding, marazligingcha qopsan, — dedi Nasiba nafratini yashira olmay. — Endi bu yo‘lga o‘tdingmi?

— Senlama, — dedi Furqat yanada jonlanib. — Mendan qarzdorsan. Qarzing shunaqangi ko‘pki, uni dollar bilan ham, yevro bilan ham o‘lchab bo‘lmaydi. Sen uzishing kerak o‘sha qarzingni! Qarz qiyomatga qolmasligi kerak. Agar uzsang, to‘rt tomoning qibla! Xohlagan tarafingga uchaver! Hech kim ortingdan quvlamaydi. Xo‘sh, yetib bordimi gaplarim?

— Maqsadingni ayt, — dedi Nasiba jahldan yorilgudek bo‘lib. — Qancha bersam, uning o‘chadi? Ayt! Faqat gapni aylantirmasdan ayt! Nafsing qancha tilayapti?

— Yoningda hech kim yo‘qmi?

— Yo‘q, tezroq gapir! Sen bilan laqillashishga vaqtim ham, xohishim ham yo‘q.

— «Sen»lamasang yaxshi bo‘lardi. O‘zidan kattani «sen»lash yaxshimas.

— Sendaqalar «siz»lashga arzimaydi.

— Shunaqami? Bo‘pti, bunisigayam chidaymiz.

— Tezroq ayt ko‘nglingdagini. Gapni cho‘zma! Erkakmisan o‘zi?

— O‘, mana shu gaping meni juda ranjitdi-da! Essiz, meni hali otam ham bunchalik haqoratlamagandi. Yaxshi ish qilmading.

— Xo‘p, gapiring. Noto‘g‘ri gaplarim uchun uzr! Faqat tezroq ayting muddaoingizni!

— Ana endi o‘zingga kelding. Xo‘-o‘sh, endi sen xohlaganday muddaoga o‘tamiz. Xullas, sen mening tuyg‘ularim bilan bir vaqtlar o‘ynashib qo‘yganding. Birinchi aybing shu. Ikkinchisi, xudo rahmat qilgur o‘sha yaramas Nodir bilan birga menga xiyonat qilgansan. Senga o‘sha paytlardayoq aytgandim xiyonatni kechira olmasligimni. Ammo sen quloq tutmading. G‘o‘rlik qilding. Bu ikkinchi aybing. Uchinchisi, mana, Bilol degan arzandangning qilgan ishlari… Do‘stlarimning oldida meni bir tiyin qildilaring ikkalang bir bo‘lib. Mayli, nimayam derdim?!. O‘sha gap, agar shartimni bajarsang, tinch qo‘yaman. Ko‘nmasang, mendan xafa bo‘lib yurma. Bilasan, men hayotda yutqazishni yomon ko‘raman.

— Xo‘p, ayting shartingizni! Pulmi?

— Pulingni boshimga uramanmi? Boshqa narsa.

— Ayting, nima? Namuncha cho‘zg‘iladingiz?

— Bilasanmi, bir do‘stim bor Nozim degan. Juda «krutoy» bola o‘ziyam. Ammo baxti chopmagan menga o‘xshab. Xullas, o‘sha Nozim bilan yotib berasan. Men esdalik uchun videoga olvolaman. Bahs boylagandik uminan. Seni to‘shakda «as» deb maqtanuvdim. Ishonmayapti. Agar shu shartimni bajarsang…

— Iflos!!!

Nasiba qo‘lidagi telefonni devorga chunonam urdiki, yuz bo‘lakka bo‘linib ketdi.

O‘zi esa dod deb yig‘lagancha hovliga chopdi.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir kechalik kelinchak… (20-qism. Ikkinchi fasl)