Otaning yoshi farzandlar salomatligiga ta’sir ko‘rsatishi aniqlandi

  • 5-11-2018, 17:50
  • 1 755
  • Hayot tarzi
  • Otaning yoshi farzandlar salomatligiga ta’sir ko‘rsatishi aniqlandi
    Kaliforniyadagi Stenford universiteti tadqiqotchilar guruhi o‘tkazgan yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, yosh otalardan tug‘ilgan farzandlar salomatligi otasining yoshi nisbatan katta bo‘lgan bolalarning salomatligidan yaxshiroq bo‘lishi aniqlandi. Bu haqida xalqaro BMJ ilmiy jurnali xabar bermoqda.

    Bugungi kungacha ko‘plab tadqiqotlarda ona organizmining yoshi bola salomatligiga katta ta’sir qilishi haqida aytib kelinardi. Shu bois, odatda ayollardagi tug‘ish yoshining so‘nggi muddati sifatida o‘ttizning oxirgi davrlari va qirq yoshning boshlari belgilab olingan. Undan keyingi tug‘ruqlar bola, qolaversa, ona salomatligiga bo‘lgan xavf ehtimolining yuqoriligi bilan ifodalanar edi. Shu vaqtgacha bolaning sog‘lom, tug‘ma nuqsonlardan xoli tug‘ilishida otaning yoshi inobatga olinmagan. Ayrim tadqiqotlardagina otaning yoshi bilan tug‘iladigan farzand salomatligi orasida ijobiy bog‘liqlik mavjud ekanligi haqida aytib o‘tilgan.

    Tadqiqotchilarning aniqlashicha, AQShda 1970-yillarda 35 yoshdan katta ayollar uchun birinchi tug‘ruq mamlakatdagi umumiy tug‘ruqning 2 foizini, 40 yoshdan oshgan erkaklar uchun esa birinchi marta ota bo‘lish ko‘rsatkichi 9 foizni tashkil qilgan.

    Yuqoridagi tadqiqot ishida olimlar 2007 yildan 2016 yilgacha bo‘lgan vaqtdagi 40 529 905 ta tug‘ruq holatini tadqiq etadilar. Bunda otaning yoshi hamda tug‘ilgan yangi chaqaloq va ona salomatligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganadilar. Dastlab tadqiqotda tahlil qilinayotgan onalarning yoshi, chekish yoki chekmasligi, tug‘ruqlar orasidagi tanaffus, irqi, ma’lumoti bo‘yicha guruhlab olingan. Guruhlar bo‘yicha tekshirilganda, otasi 45 yosh va undan katta bo‘lgan farzandlar otasi 25-34 yoshda bo‘lgan farzandlardan 0,12 hafta ilgariroq tug‘ilgani, qolaversa, muddatidan avval tug‘ilish ehtimoli 14 foizga ko‘proq ekanligi ayon bo‘lgan.

    Otasi 45 yoshdan katta bo‘lgan bolalar o‘rtacha 20,2 g yengil tug‘ilgan, shu bilan birga yetarlicha bo‘lmagan vazn bilan tug‘ilish ehtimoli 14 foiz yuqori bo‘lgan (2500 grammdan kam). Shu bilan birga ular orasida yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning intensiv terapiya bo‘limiga tushish holati ham 14 foizga ko‘p, tirishib qolish ehtimoli esa 18 foizga yuqori bo‘lgan.

    Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar salomatligini baholovchi Apgar testiga ko‘ra otasining yoshi 55 va undan yuqori bo‘lgan chaqaloqlarda ham test natijalari ancha past bo‘lgani kuzatilgan. Bundan tashqari, tug‘ruq jarayonidagi onalarda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra farzand otasining yoshi 55 yosh va undan katta bo‘lgan hollarda ayollarda tug‘ruq vaqtidagi qandli diabet kasalligining yuzaga kelish ehtimoli 34 foiz yuqori bo‘lgan.

    Tadqiqotchilar ushbu natijalar orqali qat’iy bir xulosalarga kelish mumkin emasligini ta’kidlashmoqda. Faqatgina ular ota yoshi ulg‘ayib borgan sari uning organizmida o‘ziga xos o‘zgarishlar yuz berishi va bu tug‘ilajak homila hamda ona salomatligiga ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli yuqori ekanini ta’kidlashmoqda.

    » » Otaning yoshi farzandlar salomatligiga ta’sir ko‘rsatishi aniqlandi